Biz agrosug‘urta masalasiga bag‘ishlangan materiallar turkumini davom ettiramiz.
Qishloq xo‘jaligi sohasi mamlakat iqtisodiyotining asosiy tarkibiy qismi bo‘lib, bunda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishdan tushadigan daromad ulushi kattadir. Bundan tashqari, soha ham mahalliy, ham xorijiy investitsiyalar uchun jozibador sanaladi.
Agrosug‘urta qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini yo‘qotishlardan kafolatlangan himoya qilishga qaratilgan.
Biroq agrar soha vakillari va sug‘urta kompaniyalarining o‘zlari ham ushbu xizmatga sarmoya kiritish maqsadga muvofiqligi borasida ikkilanib, bu xizmatga juda pessimistik ruhiyatda qarashadi.
Dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi barcha soha xodimlari uchun oddiy, ammo muhim tartibdir.
Yevropa davlatlarining tajribasi
Germaniyada sug‘urtalash o‘zaro sug‘urta uyushmalari tomonidan amalga oshiriladi. Bunday birinchi uyushma 1797-yilda paydo bo‘lgan. Sug‘urta Germaniyada faqat bitta xavf bo‘yicha amalga oshiriladi – bu do‘l zarari. Germaniyada qishloq xo‘jaligi ekinlarining 80 foizdan ortig‘i shu xavf bo‘yicha sug‘urtalangan. Qoidaga ko‘ra, sug‘urtalangan fermerlar bunday uyushmalarga a’zo hisoblanadi. Biroq a’zoligi bo‘lmagan dehqonlar ham sug‘urtalanish huquqiga ega. Ushbu sug‘urta turi nemis dehqonlari orasida ommabop bo‘lib, xavflarni boshqarishning ishonchli vositasi sifatida qo‘llaniladi. Monitoring, shuningdek, sug‘urtalangan zararni baholash uyushmalar a’zolari, ya’ni fermerlarning o‘zlari tomonidan amalga oshiriladi. Shu bilan birga, baholovchilarning mintaqalararo ish tizimi qo‘llaniladi: fermer-baholovchilar baholash o‘tkaziladigan mintaqadan boshqa hududdan bo‘lishi shart. Bu suiiste’mol qilish muammosini hal etish imkonini beradi. Talab qilinmagan sug‘urta zaxiralari shakllangan taqdirda ushbu mablag‘lar uyushma a’zolari umumiy yig‘ilishining qarori bilan uyushma a’zolariga to‘lab beriladi. O‘zaro sug‘urta uyushmalari tomonidan sug‘urta zaxiralarini shakllantirish uchun ajratilgan mablag‘lar, agar ular sug‘urta summasining ma’lum foizidan oshmasa, soliqqa tortilmaydi.
Fransiyada qishloq xo‘jaligi ekinlari va chorvachilikdagi yo‘qotishlarni qoplaydigan Tabiiy ofatlar fondi mavjud. Sug‘urtalanadigan xavflarga haddan tashqari yog‘ingarchilik, suv toshqini va sel kelishi, sovuq urishi, qurg‘oqchilik, bo‘ronlar, epidemiyalar, parazitlar kiradi. Jamg‘arma mulkni sug‘urtalash shartnomalariga qo‘shimcha badal hisobiga shakllantiriladi.
Italiyada qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi asosan xususiy sug‘urta kompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi, ammo hukumat tomonidan katta moliyaviy yordam beriladi. Bunda do‘l sug‘urta qilinadigan deyarli yagona xavf hisoblanadi. Uzum, meva va artishok ishlab chiqarishda ekinlarni sovuq urishidan sug‘urtalashning kichik miqyosli dasturlari amalga oshiriladi. Sug‘urta badallarini to‘lash xarajatlarining 50 foizini mamlakat hukumati, qolgan yarmini fermerlar (mahalliy hokimiyat organlari ba’zi hollarda mukofot to‘lovlarining 10 foizini) o‘z zimmalariga oladilar.
Yevropadagi sug‘urtalash eng keng tarqalgan davlat Ispaniyadir. Ispaniyada deyarli har qanday xavfdan sug‘urtalash amaliyoti mavjud.
Ispaniyada fermerlarning 70 foizdan ortig‘i, ekinlarning taxminan 90 foizi va hayvonlarning 70 foizi sug‘urtalangan. Ispaniya hukumati ekinlar va hayvonlar sug‘urtasini subsidiyalaydi. O‘rtacha, subsidiyalash sug‘urta mukofotlari umumiy miqdorining 53 foizi darajasida. Ularning 40-45 foizi markaziy hukumat, 10-15 foizi mintaqaviy hukumatlar tomonidan subsidiyalanadi. Favqulodda zararlar birinchi navbatda ekinlari yoki hayvonlarni sug‘urta qilgan fermer xo‘jaliklari uchun qoplanadi. Barcha xavflar davlat qayta sug‘urta kompaniyasi orqali qayta sug‘urtalanadi.
Tabiiy ofatlar sodir bo‘lganda, davlat hech qanday to‘lovlarni amalga oshirmaydi, chunki qishloq xo‘jaligini sug‘urtalash sxemalari fermerlarning daromadlariga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan deyarli barcha xavflarni qoplaydi.
Ispaniyadagiga o‘xshash bo‘lgan davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha Turkiya modeli ham ko‘plab mamlakatlar uchun yaxshi namuna bo‘la oladi.
Isroilda yarim asrdan ko‘proq vaqt davomida mahalliy qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini rivojlantirish davlat darajasida faol qo‘llab-quvvatlanadi. Tabiiy ofatlardan himoya qilish davlat jamg‘armasi mamlakatda qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi masalalari: mukofot stavkalarini subsidiyalash (o‘simlik va hayvonlar sug‘urtasining barcha turlari bo‘yicha 35 foiz) va xatarlarni qayta sug‘urtalash masalalarini nazorat qiladi. Davlat ham qishloq xo‘jaligi ishtirokchilariga tabiiy ofatdan himoya qilishning alohida dasturi bo‘yicha to‘langan mukofotlarning 80 foizini qoplaydi.
Mamlakatlar qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini rivojlantirish uchun turli strategiyalardan foydalanadi, ammo ularning barchasini faqat tijorat maqsadidagi hamda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan dasturlarga ajratish mumkin.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: