Kungaboqar hozirgi kunda dunyoda eng muhim ahamiyatli moyli ekinlardan biri hisoblanadi va iste’molchilar orasida nisbatan xavfsiz oziq-ovqat moyi sifatida ommabopdir. Dunyoda ko‘plab davlatlarda ekin maydoni va undan olinadigan hosil miqdoriga qarab iqtisodiy samaradorlik darajasi ortib borishi kuzatilmoqda. So‘nggi besh yillikda kungaboqar yer yuzidagi 72 ta mamlakatda 25-26 mln gektardan ortiq maydonda yetishtirilib, o‘rtacha 40,5-42,0 mln tonna hosil olingan. O‘zbekistonda ham so‘nggi yillarda asosiy va takroriy ekin sifatida moyli kungaboqar navlarini yetishtirish ko‘payib bormoqda.
2022-yilda O‘zbekiston bo‘yicha jami 61,7 ming gektar, shundan asosiy maydonlarga 25,7 ming gektar va takroriy maydonlarga 36,0 ming gektar kungaboqar ekildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu maydonlardan 128 ming tonna hosil jamg‘arish rejalashtirilmoqda.
Yetishtirilishi prognoz qilinayotgan kungaboqar hosili to‘liq qayta ishlash korxonalariga yo‘naltirilishi belgilangan bo‘lib, ushbu hosildan 45 ming tonna o‘simlik moyi va 83 ming tonna kungaboqar shroti ishlab chiqiladi. Ishlab chiqilgan kungaboqar shroti chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklariga yo‘naltiriladi.
Kungaboqar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarining asosiy maydonlariga ekib kelinmoqda. Bugungi kunda Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazi tomonidan respublikaning turli tuproq-iqlim sharoitiga mos bo‘lgan kungaboqarning 51 ta navi O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jaligi ekinlari davlat reestriga kiritilgan.
Foydasi
Kungaboqar moyi oziq-ovqatdan tashqari tibbiyotda, kosmetologiyada, parfyumeriyada va qurilish sohalarida qo‘llaniladi. U oqish sariq rangli, tiniq, urug‘ tarkibida 29-56% moy va 15% oqsil bo‘ladi. Kungaboqar moyi tarkibida 62% gacha biologik faol menol kislotasi, vitaminlardan A, D, E, K, fosfatidlar mavjud. Kungaboqar moyi margarin, mayonez, baliq va sabzavot konservalari, qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishda, lak-bo‘yoq, sovun tayyorlashda ishlatiladi. Urug‘idan moy olingandan keyin qoladigan chiqindilari – shrot va kunjara chorva mollariga yuqori sifatli ozuqadir. Urug‘ mag‘zidan moy ajratib olingandan keyin shakar qo‘shib holva tayyorlanadi. Kungaboqarning savati (gulto‘plami) chorva mollariga ham yaxshi ozuqa. Tabobatda gullari, barglari va urug‘lari qo‘llaniladi. Urug‘i tarkibida moy, oqsil, uglevodlar, karotinoidlar, fitin moddalari mavjud. Barglarida karotin, yelim moddalar, kauchuk, flavonoidlar, organik kislotalar aniqlangan. Gullarida bo‘yoqli moddalar, spirtlar mavjud.
Turlari
Kungaboqar navlari urug‘ning kattaligi, moyning miqdori va mag‘zining chiqishiga ko‘ra quyidagi 3 ta kenja turlarga bo‘linadi:
Navlari
“Navro‘z”, “Jahongir”, “Dilbar”, “Dushko”, “Dukot”, “Vladimir”, “Samarqand oq”, “Olato‘n”, “Rodnik”, “Chkalovskiy gigant”, “Pioner”, “Salyut”, “Yenisey”, “Armavires”.
O‘tmishdosh
Kungaboqar ishlov beriladigan dalada, kuzgi va bahorgi bug‘doy o‘rniga almashlab ekiladi. Begona o‘tlardan tozalangan bahorgi don (arpa, bug‘doy) ekinlaridan keyin ekish mumkin. Kungaboqar qand lavlagi, beda va sudan o‘tidan keyin ekilmaydi, chunki bu ekinlar tuproqni quritib yuboradi. Raps, ko‘k no‘xat, soya va loviyadan keyin ham ekilmaydi, chunki kasalliklari bir xil.
Hosil yig‘ish
Agar namlik yuqori darajada bo‘lgan holatda hosil yig‘ilgan bo‘lsa, savatlardan ajratib olingan pistalarni quritish kerak. Shuningdek, pishib yetilgan savatdagi pistalar o‘z vaqtida yig‘ib olinmasa, yaʼni yig‘ib olib ishlari haddan ziyod kechiktirilsa qushlar katta zarar keltiradi hamda savatdagi urug‘larning to‘kilishi ortishiga olib keladi.
Kungaboqar qurg‘oqchilikka chidamli o‘simlik, ammo haddan ziyod shiddatli qurg‘oqchilikda hosildorlik kamayib ketishi aniqlangan. Kungaboqar yetishtiruvchilar o‘z vaqtida va meʼyorida sug‘orish imkoniyatiga ega bo‘lishsa, olinadigan hosildorlik oshadi
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: