2022-yil 22-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida Koreya qishloq birlashmasi korporatsiyasi (KRC), Oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, o‘rmon xo‘jaligi va baliqchilik sohalarida taʼlimni rivojlantirish va axborot xizmati bo‘yicha Koreya agentligi (EPIS) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar mavjud va rejalashtirilgan qo‘shma loyihalar doirasida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va EPIS o‘rtasida yangi loyihani boshlash bo‘yicha kelishuv imzolandi. “Yil bo‘yi qulupnay yetishtirish bo‘yicha zamonaviy Koreya texnologiyalarini joriy etish” nomli ushbu loyiha Koreya Respublikasi Hukumatining rivojlanish bo‘yicha rasmiy ko‘magi (ODA) yo‘nalishida taqdim etiladigan grant mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi.
3,7 mln AQSH dollari qiymatidagi loyiha 2026-yil dekabr oyiga qadar amalga oshiriladi.
Shu maqsadda O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agroxizmatlar markazi (AKIS) (Toshkent viloyati, Yuqorichirchiq tumani) hududida quyosh batareyalarida ishlaydigan qulupnay yetishtiruvchi zamonaviy issiqxona quriladi. Bundan tashqari, koreyalik mutaxassislar tomonidan ko‘chatlar uchun issiqxona hamda yuqori sifatli qulupnay ko‘chatlarini yetishtirish bo‘yicha in vitro laboratoriyasi qurilib, jihozlanadi.
Loyiha davomida qulupnay yetishtirish bo‘yicha mutaxassislarning har yili o‘zaro tashriflari tashkil etilib, tajriba almashish va malaka oshirish ko‘zda tutilgan.
Loyiha o‘zbek qulupnay mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarda brendingi va marketingiga ko‘maklashadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: