Bugungi kunda dunyo bo‘yicha piyoz 4,500 mln gektar maydonga ekilib, 85,795 mln tonna mahsulot yetishtirilmoqda, uning o‘rtacha hosildorligi 19,31 t/ga ni tashkil etadi. Piyoz mahsulotini ishlab chiqarish bo‘yicha Xitoy, Hindiston, AQSH, Eron kabi davlatlar yetakchi o‘rinni egallaydi va shu bilan birga piyoz ushbu davlatlar sabzavotchiligida asosiy ekinlardan biri hisoblanadi.
O‘zbekistonda ham piyozni yangi serhosil va turli muddatlarda yetishtirishga mos navlarini yaratish, urug‘idan, ko‘chatidan hamda no‘shidan yetishtirishda takomillashgan texnologiyalarni qo‘llash dolzarb masalalardan hisoblanadi. Qolaversa, respublikada piyoz eksportini yo‘lga qo‘yish, yalpi hosilni ko‘paytirishga oid chora-tadbirlar faol olib borilmoqda.
Respublika aholisini piyozga bo‘lgan talabini qondirish, bozorlarda narx-navo barqarorligini taʼminlash maqsadida 2022-yilda barcha toifa xo‘jaliklari tomonidan jami 1 mln 897 ming tonna, shundan fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 954,1 ming tonna hamda dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalarida 943,2 ming tonna piyoz yetishtirish prognoz qilinmoqda.
Hududlardagi fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 2022-yil hosili uchun jami 59,1 ming gektar, shundan bahorda 22,5 ming gektar, avgust-sentyabr oylarida 14,9 ming gektar maydonlarga piyoz ekilgan va noyabr-dekabr oylarida to‘qsonbosti usulida yana 21,7 ming gektar ekilishi rejalashtirilgan.
Respublikada hududlarning tuproq-iqlim sharoiti hamda suv taʼminotidan kelib chiqib, ayrim tumanlar piyoz yetishtirishga ixtisoslashtirilgan.
Jumladan, Toshkent viloyatining Ohangaron, Parkent, Bo‘stonliq, Toshkent tumanlari, Jizzax viloyatining Sh. Rashidov, Zomin tumanlari, Samarqand viloyatining Jomboy, Toyloq, Samarqand tumanlari, Qashqadaryo viloyatining Kitob, Shaxrisabz, Yakkabog‘ tumanlari hamda Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on, Sariosiyo, Denov tumanlarida piyoz ekilmoqda.
Respublikada eksport uchun piyozning istiqbolli mahalliy navlaridan “Ravnaq”, “Istiqbol”, “Zafar”, “Oq dur” va xorijiy navlardan “Manas”, “Daytona”, “Leone” va “Banko” navlari yetishtirilmoqda.
2022-yilning 7 oyi davomida 22,4 mln AQSH dollari miqdoridagi 158,7 ming tonna piyoz Belarus, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Latviya, Mo‘g‘uliston, Tojikiston, Turkmaniston, Ummon kabi davlatlarga eksport qilindi.
So‘nggi yillarda ushbu navlarni ekish va parvarishlashda innovatsion resurs tejamkor texnologiyalarni qo‘llash, yaʼni yuqori hosildor navlarni ekish, yomg‘irlatib sug‘orish tizimini joriy qilish orqali mineral o‘g‘itlar sarfini kamaytirish, kasallik va zararkunandalarga o‘z vaqtida ishlov berish kabi agrotexnik tadbirlarni sifatli bajarish orqali yuqori hosildorlikka erishilmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: