Kartoshka dunyo dehqonchiligida maydoni bo‘yicha bug‘doy, sholi, makkajo‘xoridan keyingi o‘rinda, ahamiyati jihatdan ikkinchi o‘rinda turadi. Ushbu mahsulot B1, B3, PP, K kabi vitaminlar hamda mineral tuzlar, elementlar manbaidir. Ayniqsa, yosh pishmagan tuganaklari C vitamini yoki askorbin kislotasini o‘zida ko‘p miqdorda saqlaydi. Tuganaklar pishganda va saqlash mobaynida C vitaminning miqdori kamayib boradi. Kartoshka foydaliligi va to‘yimliligi bois, uni “ikkinchi non” ham deyishadi.
2022-yil hosili uchun fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalarining g‘alladan bo‘shagan maydonlariga takroriy ekin sifatida 26,9 ming gektarga kartoshkaning yangi serhosil “Surya”, “Spunta”, “Ranomi”, “Passion”, “Malis”, “Luizana”, “Orea” va “Konstanse” kabi yuqori avlodli xorijiy navlari ekildi.
Ushbu maydonlardan 519,9 ming tonna mahsulot yetishtirish prognoz qilingan.
Oziq-ovqat vositasi. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Davlat reestriga kartoshkaning 100 dan ziyod navlari kiritilgan. Kartoshka hosildorligini oshirish va ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun ekin navini to‘g‘ri tanlash va sifatli urug‘likni ekish muhim hisoblanadi. Ana shunda kartoshka hosildorligini 2,0-2,5 barobarga oshirish mumkin.
O‘zbekistonda kartoshka 160 yildan beri asosan oziq-ovqat maqsadida yetishtiriladi. Faqat notovar mayda, sifatsiz tuganaklar hosili mollarga beriladi.
Kartoshka ekinining agrotexnik va agroiqtisodiy ahamiyati ham katta. Chunki chopiqtalab ekin bo‘lgani uchun u yetishtirilgan dala tuprog‘i yumshoq va begona o‘tlardan tozalanib, ko‘plab boshoqli va dukkakli don ekinlari uchun yaxshi o‘tmishdosh hisoblanadi.
Takroriy ekin sifatida. Qishloq xo‘jaligida yer maydonlaridan unumli foydalanish, aholini sifatli va mo‘l hosil bilan taʼminlash maqsadida kuzgi boshoqli don, ertapishar sabzavotlar va oraliq ekinlardan bo‘shagan yerlarga yoz mavsumida kechki kartoshka ekiladi. Bunda avvalo, yerni ertaki ekinlar hamda o‘simlik qoldiqlaridan tozalanadi. So‘ngra sug‘orilib, yer tayyor holatga kelgach, salqin yoki kechki vaqtlarda uni unchalik chuqur bo‘lmagan holatda ag‘darmay haydash, chizel va biryo‘la boronalash lozim.
Nav tanlash. Takroriy ekin sifatidagi yaʼni yozda ekib, qishda isteʼmolga va urug‘likka kartoshka hosili yetishtirishda “Kardinal”, “Arnova”, “Arizona”, “Pikasso” kabi o‘rta va o‘rtakechpishar navlarni 20-30–iyunlarda, “Nevskiy”, “Sante”, “Memfis”, “Marfona”, “Evolyushn”, “Saviola”, “Silvana”, “Romano”, “Impala”, “Binella”, “Gala”, “Kosmos”, “Kondor”, “Yaroqli-2010” kabi tezpishar va o‘rtatezpishar navlarni 25–iyundan 10–iyulgacha ekish tavsiya etiladi.
Urug‘ni ekishga tayyorlash va ekish. Ekish uchun urug‘lik tuganaklarning shakli, rangi va o‘simtalarining yo‘g‘onligiga qarab eʼtibor bilan saralash lozim. Urug‘lik tuganaklarni ekishga tayyorlashda vazni 30-80 grammlik tuganaklar butun, yiriklari esa kesib ekiladi. Kesilgan va butun tuganaklar har 3-3,5 tonnasi 100 litr suvga 5-6 kg TMTD yoki Roslin, 2-3 gramm qahrabo kislotasi va 4-5 kilogramm ammofos aralashtirilgan eritmaga ivitilib, so‘ngra ekiladi. Kesilgan urug‘lik tuganaklarni kul bilan ishlab ekish ham samarali bo‘lib, uni chirishdan saqlaydi, hosildorlikka ijobiy taʼsir etadi.
Kechki kartoshka hosilini yig‘ish. Kartoshka pishib yetilgach, uni o‘z vaqtida yig‘ishtirib olish ham muhim omildir. Hosil oktyabrning oxiri-noyabr oyining boshlarida yig‘ib olinadi. Kartoshka kаvlangandan keyin dalaning o‘zida bir necha soat davomida quritiladi va mayda-yirikligiga qarab saralanadi. Bunda vazni 25-30 grammdan yuqori bo‘lgan yirik va o‘rtacha tuganaklar tovar mahsulot sifatida ajratiladi, mayda va shikastlangan tuganaklar esa mollarga beriladi yoki chiqitga chiqariladi.
Almashlab ekish. Kartoshka bir maydonning o‘zidan ko‘p hosil berishi bilan yuqori foyda keltiradigan ekin sanaladi. Shu bois, har yili ko‘pgina xo‘jaliklar dalalariga kartoshka ekish niyatida bo‘ladilar. Lekin, kartoshka tuproqdan ko‘p miqdordagi oziq elementlar talab etadi va ko‘plab kasallik hamda zararkunandalar bilan zararlanadi. Shu sababli bir dalaga ketma-ket kartoshka ekilishi tuproq unumdorligini pasaytirib, yer maydonida kasallik-zararkunandalar ko‘payishiga olib keladi. Mamlakatimizda bunday holat bo‘lmasligi uchun isteʼmol kartoshka maydonlarida 2 yilda, sertifikatsiyalangan urug‘lik yetishtirish maydonlarida 3 yilda, asosiy va doimiy urug‘lik yetishtiriladigan maydonlarda esa 5 yil davomida kartoshka ekilmagan bo‘lishi shart. Ana shundagina ekilgan kartoshkadan sifatli va yuqori hosil olish mumkin.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: