Bamiya ekinidan ozuqa sifatida va sanoatda keng qo‘llaniladi. Uning yetilgan mevalari va poyasidan qog‘oz sanoatida ishlatiladigan xom tolalar olinadi. Mevalari tarkibidagi shilimshiq moddalarni esa, sanoatda qog‘ozlarni yopishtirish uchun ishlatiladi.
Hozirgi kunda respublikamizning janubiy va markaziy hududlarida bamiya yetishtirish bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Tajribalar o‘z natijasini bersa, O‘zbekiston Respublikasi Q‘ishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan yaratilgan bamiyaning “Toshkent tuhfasi”, “Zamin” va “Shafaq” kabi navlari iqlimlashtirilib, uning mevasini boshqa davlatlarga eksport qilish imkoniyati yaratiladi.
Bamiyaning foydali jihatlaridan xabardormisiz?
Uning isteʼmolga yaroqli mevalari tarkibida uglevod, oqsil, moy, temir, kalsiy, tola, tiamin, nikotinamid, riboflavin va askorbin kislotasi mavjud. 100 gramm bamiyaning pishgan urug‘larida 20% gacha yog‘ va 20–23% xom borlizin miqdori yuqori bo‘lgan protein hamda C vitamini mavjud. Bamiyani quritilgan urug‘laridan sabzavotli tvorog, qovurilgan, maydalangan urug‘laridan esa, qahva o‘rnini bosuvchi vosita sifatida ishlatish mumkin.
Shuningdek, qandolat mahsulotlarini tayyorlash uchun foydali bioabsorbent kabi vositalar aynan bamiya tarkibida mavjud. Uni poyasidan tola olish maqsadida ham yetishtiriladi. Shuningdek, bamiya inson salomatligi uchun juda foydali. U oshqozon-ichak kasalliklarini, gipertoniyani, organizmda qon aylanishini, jinsiy-siydik tizimining buzilishlarini, yaralarni va bavosilni davolashda samarali vosita hisoblanadi.
Bamiyaning texnik yetilgan mevalarini qaynatib, qovurib, dudlab boshqa sabzavotlar bilan pishirib yoki o‘zini ham isteʼmol qilsa bo‘ladi. Bundan tashqari bamiyadan turli xildagi konservalar tayyorlasa bo‘ladi.
Bamiyani qaysi ekinlardan keyin ekib bo‘lmaydi?
Bamiya hosildorligini oshirishda ekinlarni almashlab ekish asosiy omillardan biridir. Almashlab ekilmasdan o‘sha yer maydonida o‘g‘itlash, sug‘orish, begona o‘tlarga, hasharot va kasalliklarga qarshi kurashishning to‘g‘ri tizimini taʼminlab bo‘lmaydi. Bamiyani beda, ko‘kat va dukkakli sabzavotlar, piyoz, sarimsoq, poliz ekinlari, bodring va karamdan keyin ekish juda yaxshi samara beradi. Ammo uni u yetishtirilgan yerga takroriy qayta ekish, yoki ituzumdoshlar oilasiga mansub boshqa ekinlar, yaʼni kartoshka, qalampir, boyimjon, tamaki, shuningdek, g‘o‘za ekinidan keyin ekmaslik kerak. Chunki, bamiya mevasi g‘o‘za singari ko‘sak qurti bilan zararlanadi.
Jaziramaning taʼsiri bormi?
Bamiya issiq tropik hududdan kelib chiqqanligi sababli ham issiqqa talabchan. Urug‘ unib chiqib, meʼyorida o‘sishi va rivojlanishi uchun maqbul harorat +25–35 daraja hisoblanadi. Harorat 17 darajaga tushganda rivojlanish susayadi. Bamiyaning sekin rivojlanishi va urug‘ning una boshlashi uchun minimal pastki harorat +10-12 daraja hisoblanadi. Harorat 0 darajaga tushganda uni sovuq uradi. Harorat +36 darajadan oshishi bamiyaga yomon taʼsir qiladi, +40 darajali issiq esa rivojlanishiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi.
Bamiya yorug‘sevar o‘simlik hisoblanib, uning barg plastinka sathi kun bo‘yi quyosh nuri tushishiga qarab o‘z holatini o‘zgartirib turadi. Agar yorug‘lik yetishmay qolsa, kurtakchalar ko‘p to‘kilib ketadi, fotosintez jarayoni sekinlashadi, hosildorlikka putur yetadi. Shuningdek, bamiya qurg‘oqchilikka chidamli bo‘lsa-da, lekin suvga talabchan o‘simlikdir. Undan yuqori va sifatli hosil yetishtirishda suvning ahamiyati katta. Bamiya ekilgan maydonda suvning umumiy sarfi va transpiratsiyasining hajmi atrof-muhit sharoitiga, agrotexnika darajasiga va dalaga qo‘yiladigan suvning miqdoriga qarab keskin o‘zgaradi. Bamiyani suvga bo‘lgan talabini qondirish uchun ildiz joylashgan qatlamda tuproq namligi dala nam sig‘imiga nisbatan 65–70 foizdan pastga tushmasligi kerak. Bamiyani sug‘orish gullaguncha, gullash va pishish davrlarida olib boriladi va davrlar bo‘yicha bo‘linganligi uchun ham shartli ravishda sug‘orish sxemasi deb yuritiladi.
Sho‘rlangan yerlarda bamiya o‘sadimi?
Bamiya turli xil tuproqlarda o‘sa oladi. Biroq hamma tuproq ham bamiya uchun to‘liq yaroqli bo‘lavermaydi. Tuproq sharoitlari bir xil bo‘lgan yerlardagi bamiyadan mo‘l hosil olish uchun turli miqdorda oziq moddalar sarflashga to‘g‘ri keladi. Mexanik tarkibi qatlami og‘ir, eskidan sug‘orilib kelinayotgan yerlardan yuqori hosil olinsa, yer osti shag‘al va qumlari yuza joylashgan yerlardan yaxshi parvarish qilingandagina yuqori hosil olish mumkin. Mexanik tarkibi qumoq yerlar ham ancha maʼqul hisoblanadi. Bamiya uchun og‘ir tarkibli tuproqlar uncha qulay emas. Sho‘rlangan yerlar ham uni yetishtirish uchun yaroqli hisoblanmaydi.
Ko‘chat yetishtirish. Bamiya urug‘larining unuvchanligini qulay sharoitda 4–5 yil davomida saqlaydi. Bunday urug‘larning unuvchanligi 85–95 foizni tashkil etadi. Ko‘chatidan yetishtirish uchun bir gektar yerga bamiyaning urug‘lardan 2–3 kg kifoya qiladi.
Bamiya qo‘lda teriladimi?
Bamiyani pishish darajasiga ko‘ra, har 3-5 kunda jami 10-15 martagacha qo‘lda teriladi. Bamiya mevasi turlicha pishgan davrida terib olinadi. Uni terish iyun oyidan boshlanib, oktyabrgacha davom etadi. Agar bamiyani terib olish kechiktirilsa, uning mevalari tarkibidagi vitaminlar yo‘qoladi, hosili kamayadi. Bamiyani mevalar bandi bilan uzilib, chelak yoki savatlarga solinadi. Terish vaqtida mevalarni shikastlantirmaslik kerak, aks holda, uning yorilgan joyidan havo kirib, tarkibidagi vitamin C ning parchalanishiga olib keladi. Terilgan bamiya mevalari sifati va yirikligiga qarab saralanadi va yashiklarga joylanib, tegishli joylarga jo‘natiladi. Uzoq joylarga yuborishga mo‘ljallangan mevalar 6–8 kilogramm sig‘imli yashiklarga zich qilib terib, yelim paket bilan o‘rab chiqiladi. Dastlabki kuzgi qattiq sovuq tushishidan oldin bamiyaning texnik yetilgan mevalarini hammasi terib olinadi. Sababi, uning sovuq urgan mevalari saqlash va tuzlash uchun yaramaydi. Bamiyaning biologik pishgan mevalaridan urug‘larini ajratib olish mumkin. Undan gektaridan 1,5–2 tonnagacha urug‘ yig‘ib olish mumkin. Bamiyaning o‘rtacha hosildorligi gektariga 100–140 sentner atrofida bo‘ladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: