17-18-avgust kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti (PSUYAITI) ning 100 yilligiga bag‘ishlangan “Qishloq xo‘jaligi fani va to‘qimachilik sanoatining yutuqlari, innovatsiyalari, texnologiyalari va rivojlanish istiqbollari” nomli xalqaro ilmiy-amaliy simpozium bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri, O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi bo‘yicha qo‘mitasi, O‘zR Fanlar Akademiyasi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, PSUYAITI, O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik klasterlari uyushmasi rahbarlari va soha olimlari, xalqaro tashkilot vakillari, shuningdek, 15 ga yaqin xorijiy davlatdan taklif etilgan qishloq xo‘jaligi mutaxassislari va ekspertlar ishtirok etishmoqda.
Simpoziumni o‘tkazishdan maqsad qishloq xo‘jaligi fani va to‘qimachilik sanoatining ilmiy-amaliy yutuqlari, innovatsion texnologiyalari shuningdek, rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishdan iborat.
“Bugungi kunda PSUYEAITIda xalqaro aloqalar geografiyasi kengaytirilib, ilg‘or xorijiy tajribalarni respublikaga joriy etish tizimli ravishda yo‘lga qo‘yildi, – deydi PSUYEAITI direktori A‘zam Ravshanov. – Natijada AQSH, Xitoy, Pokiston, Turkiya, Gretsiya, Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Belarus davlatlaridagi ilmiy tashkilotlar bilan ilmiy-amaliy hamkorlik bo‘yicha kelishuvlar imzolanib, soha rivojida o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Paxtaning rayonlashgan “Sulton”, “Namangan-77”, “Andijon-35”, “Andijon-36” navlarining urug‘lari Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston Respublikalariga eksport qilinmoqda. Jumladan, Pokiston Islom Respublikasida 5 ta, Ozarbayjonda 4 ta, Qirg‘izistonda 2 ta g‘o‘za navlari urug‘larini sinash ishlari amalga oshirilmoqda”.
Simpoziumning asosiy mavzulari: qishloq xo‘jaligi ekinlari genofondi, molekulyar genetika, biotexnologiya, urug‘chilik, o‘simlikshunoslik va o‘simliklarni himoya qilish, sug‘oriladigan dehqonchilik, paxtachilik va g‘allachilik, meliorativ va resurs tejovchi texnologiyalar, agrokimyo va tuproqshunoslik hamda to‘qimachilik sanoati.
“Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining 100 yillik ilmiy faoliyati davomida institut olimlari tomonidan g‘o‘zaning tezpishar, yuqori hosil va tola sifatiga ega, urug‘laridagi moy miqdori yuqori, kasalliklar va zararkunandalarga bardoshli, mashina terimiga mos bo‘lgan o‘rta va ingichka tolali navlarini yaratish bo‘yicha keng qamrovli izlanishlar olib borilmoqda. Institut nafaqat O‘zbekistonda, balki Turkmaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Ozarbayjon va boshqa ko‘plab xorijiy davlatlarda ham paxtachilik sohasini rivojlantirishga katta hissa qo‘shib kelmoqda”, – deya ta’kidlab o‘tdi O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi Paxtachilik boshqarmasi boshlig‘i Akmal Shamsiyev.
Uchrashuvlar davomida yurtimiz va xorijlik olimlar tomonidan olib borilayotgan ilmiy izlanishlar natijalarini amaliyotga tatbiq etishga, muammolarning yechimini topishga alohida e‘tibor qaratiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: