Qishloq xojaligi vazirligida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘RQ–788-son Qonunining mazmun-mohiyatini yetkazilishini ta‘minlash bo‘yicha reja grafik asosida taqdimot va targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazir o‘rinbosarlari, vazirlik markaziy apparat xodimlari hamda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligidan tashrif buyurgan mutasaddilar ishtirok etishdi. Ushbu qonunning asosiy maqsadi— davlat fuqarolik xizmati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat ekanligi mas‘ullar tomonidan tushuntirib berildi.
Bugungi kunda davlat xizmatida 128 mingdan ziyod xodimlar faoliyat olib borishmoqda. Shu kungacha ularning faoliyatini tartibga soluvchi qonun mavjud emas edi. Prezidentimiz tomonidan 4-avgustda o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu qonunni ortga surish mumkin emasligini, davlat xizmatchilari xalqqa xizmat qilishi va bu orqali xalqni rozi qilish kerakligini taʼkidlab o‘tdi.
Xo‘sh, ushbu qonun davlat tashkilotlariga va xodimlarga nima beradi?
“Ushbu qonun davlat fuqarolik xizmatining nufuzini va jozibadorligini oshirib, sohalarga malakali mutaxassislarni jalb etishga va eng muhimi, ularning kelgusidagi ijtimoiy kafolatlarini belgilashga xizmat qiladi”, – deya ta’kidlab o‘tdi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Xodimlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i Umidaxon Saidova.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan ushbu qonun hujjati kimlarga tatbiq etiladi-yu, kimlar uchun qo‘llanilmasligi to‘g‘risidagi muhim savol ham yo‘llandi. Mutasaddilar esa, bunga quyidagicha javob qaytarishdi:
— Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri yuritiladi va Qonun aynan ushbu reestrga kiritilgan lavozimlardagi davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyatiga tatbiq etiladi. Shuningdek, unda davlat fuqarolik xizmatchisining huquqiy maqomiga ham alohida urg‘u berilgan.
Shuningdek, Qonun va uning targ‘ibotida davlat xizmatchisining huquqlari, vakolatlari, majburiyatlari, cheklovlar hamda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish, manfaatlar to‘qnashuvi masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan holatlarda davlat fuqarolik xizmatchisi o‘zining rahbariga yoki yuqori turuvchi organiga darhol yozma shaklda xabar qilishi kerakligi maʼlum qilindi.
Alohida taʼkidlab o‘tish kerakki, ushbu Qonunda davlat fuqarolik xizmati sohasida
korrupsiyaning oldini olish chora-tadbirlari ham ko‘zda tutilgan. Bu esa davlat xizmatlarida shaffoflik va haqqoniylikni taʼminlaydi.
Qizg‘in savol va javoblar shaklida o‘tgan tadbirda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan, o‘ylantirgan savollarga kerakli javoblarni oldilar. Ushbu javoblarning barchasi aynan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunda o‘z aksini topgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: