Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi xodimlari, Toshkent Davlat Agrar universiteti jamoasi va Jizzax viloyatidagi G‘allaorol texnikumi rahbariyatidan iborat delegatsiya Amerika Qo‘shma Shtatlarida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
“Agrotexnikumlarni zamonaviy ta‘lim muassasalariga aylantirish” loyihasi doirasida tashkillashtirilgan ushbu safar davomida qatnashchilar Los-Anjeles shahridagi “Reedley College” texnikumiga tashrif buyurishdi. Uning direktori Dr. Jerry Buckley va direktor muovini Dale van Dam bilan bo‘lib o‘tgan qizg‘in uchrashuvdan so‘ng mehmonlar texnikum hududida joylashgan 60 gektardagi zamonaviy chorvachilik xonalari, intensiv va anʼanaviy bog‘lar, laboratoriyalar hamda amaliy mexanika yo‘nalishidagi jarayonlar bilan yaqindan tanishishdi.
Uchrashuv mobaynida ikki tomonlama o‘quv rejalari va taʼlim dasturlarini tuzish, pedagog xodimlar tajribasini oshirish bo‘yicha hamkorlikka erishishga kelishib olindi hamda Memorandum imzolandi.
Ushbu safarning yana bir eʼtiborli jihati, mehmonlar Los-Anjelesning eng yirik xususiy intensiv bog‘iga tashrif buyurishgani bo‘ldi. 19–asrda tashkil etilgan bog‘da hozirda uzum va shaftoli yetishtirilib, mahalliy va Yevropa bozorlarini sifatli mevalar bilan taʼminlamoqda. Mezbonlar tomonidan bu kabi intensiv bog‘larni tashkil qilishning zamonaviy usullari xususan, ekish va sug‘orish tizimlariga oid ko‘plab muhim maʼlumotlar taqdim etildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: