2022-yilning 5-6-avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Turkmaniston Respublikasi, xususan, Ashxobod va Axal viloyatlarida xizmat safarida bo‘lib qaytdi.
Tashrif davomida Qishloq xo‘jaligi va atrof-muhit vaziri o‘rinbosari Shoxrat Annamiradov, Suv xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dovlet Mammedov, shuningdek, Turkmaniston Respublikasi tizim tashkilotlari rahbarlari va vazirlikning tegishli boshqarmalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Tashrifdan ko‘zlangan maqsad ikki davlat o‘rtasida qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishdan iborat. Uchrashuvlar davomida paxtachilik, urug‘chilik, bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligi, ilm-fan va raqamlashtirish masalalari bo‘yicha muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Hosildor, ertapishar va sho‘rlanishga chidamli mahalliy o‘rta va ingichka tolali navlarimizni sinash bo‘yicha dastur ishlab chiqish, sabzavot va poliz urug‘liklarining o‘zaro almashuvini yo‘lga qo‘yish, yangi navlarni yaratish va ikki mamlakat tuproq-iqlim sharoitlarida sinovdan o‘tkazish, shuningdek, Bilim, innovatsiyalar va xizmatlar milliy markazi (AKIS)da turkman fermer va mutahassislari malakasini oshirish borasidagi istiqbolli yo‘nalishlar belgilab olindi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi Axal viloyatidagi uzumchilik, bog‘dorchilik, issiqxona xo‘jaligi, meva-sabzavot va sut mahsulotlarini qayta ishlash, chorvachilik sohalarida faoliyat yurituvchi korxonalar bilan tanishdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi turkmanistonlik hamkasblarini Qashqadaryo viloyatining Qamashi-Mirishkor kanalida joriy etilgan Avstraliyaning “Rubicon Water Pty. Ltd” kompaniyasining “Suv resurslarini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasi bilan tanishtirdi. Mazkur tajribani Turkmanistonda qo‘llashga doir fikrlar almashildi.
Shuningdek, tashrif doirasida “Turkman otlari” davlat birlashmasi va Axaltekin yilqichiligi xalqaro assotsiatsiyasi bilan O‘zbekistonda yilqichilikni rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Toshkent davlat agrar universiteti, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti hamda Turkmanistonning Axaltekin yilqichiligi xalqaro assotsiatsiyasi o‘rtasida yilqichilik hamda sof zotlisport otlarini sunʼiy urchitish yo‘li bilan ko‘paytirish va naslchilik ishlarini yo‘lga qo‘yishga yo‘naltirilgan qo‘shma ilmiy loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: