Soya ekinini respublika miqyosida yetishtirish, uning navlari va hosilni yig‘ib olish ishlari haqida avvalroq saytimizda maqolalar bergandik. Bu gal esa, uning moslashuvchanligi, tuproqqa bo‘lgan talabi va soyani parvarishlash haqida to‘xtalamiz.
Barcha yerlarga moslashuvchan. Soyani har xil tuproq-iqlim sharoitlarida yetishtirish mumkin. Soya ekini bu xususiyati bilan dunyoning turli mintaqalarida ko‘plab maydonlarda ekilmoqda. Soya issiqsevar o‘simlik hisoblanadi. Urug‘lari 6-7 °C da una boshlaydi, maysalarining unib chiqishi uchun optimal harorat 12-14 °C deb belgilangan. Soyaning o‘sib rivojlanishi va hosilning sifati hamda tarkibiga tashqi muhit omillarining taʼsiri yuqori. Наr bir ta’sir etuvchi omil turli oqibatlarga olib keladi. Past va yuqori havo harorati barglar va gul rivojlanishini pasaytiruvchi yoki rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi omil hisoblanadi. 29°C dan yuqori kechki issiqlik hosilni 10 foiz miqdorda kamayishiga olib keladi. Haddan tashqari issiq, hududlarda havo namligining past bo‘lishi ham donlarning yaxshi to‘lishmasligiga va hosilni pasayishiga sabab bo‘ladi. Shu sababli quruq iqlimli hududlarda soya yetishtirilganda sug‘orish miqdorlarini to‘g‘ri belgilash shart.
Tuproqqa bo‘lgan talabi. Soya tuproq unumdorligiga talabchan o‘simlik hisoblanadi. Odatda o‘rta (neytral) rN 6,0-6,5 tuproq kislotaligi soya uchun meʼyor hisoblanadi. Neytral muhitga ega bo‘lgan, unumdor, chirindiga boy, yaxshi o‘tkazuvchanlik xususiyatidagi tuproqlarda soyadan yuqori hosil olish mumkin. Sho‘rlangan tuproqlarda soya yetishtirilganda hosil keskin pasayadi. U qurg‘oqchilikka arpa va bug‘doyga qaraganda chidamsiz ammo jo‘xoriga nisbatan chidamlidir. Soya ildizidagi azotobakteriyalar kislotali tuproqlarda yaxshi rivojlana olmaydi, shuning uchun tarkibida u mavjud bo‘lgan o‘g‘itlardan foydalanmaslik maqsadga muvofiq. Odatda, jo‘xori uchun maqbul iqlim va tuproq sharoitlari soya yetishtirishda qulay hisoblanadi.
Soyani parvarishlash. Birinchi kultivatsiya ishlari maysalar qiyg‘os unib chiqqandan so‘ng amalga oshiriladi. Keyingi kultivatsiya ekinzorni begona o‘tlar bilan zararlanishi, tuproqning holati, sug‘orishdan keyin tuproqning yetilganligiga qarab o‘tkaziladi. Qator oralariga ishlov berish dalaning holatiga qarab, har 10-15 kunda amalga oshiriladi. Birinchi kultivatsiya 6-8 sm, keyingilari 10-15 sm chuqurlikda bo‘lishi lozim. O‘simlikning yaxshi o‘sib rivojlanishida uning qator oralariga ishlov berish katta ahamiyatga ega. Bunda tuproqning suv-fizik, agrokimyoviy va mikrobiologik xususiyatlari, shuningdek, ozuqa rejimi yaxshilanadi, begona o‘tlarning bir qismi yo‘qotiladi. Shuning uchun kultivatsiya chuqurligi va uning soniga ham alohida eʼtibor beriladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: