BMT Taraqqiyot Dasturi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining hamkorlikdagi “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv o‘tishini qo‘llab quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish” (“EU-AGRIN”) loyihasi doirasida Toshkent viloyatida innovatsion guruhlarni shakllantirishga qaratilgan qator uchrashuvlar tashkil etildi. Innovatsion guruhlarni yaratishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ilm-fan, tadqiqot, xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik samaradorligini ta’minlashdan iborat.
Tadbirda Toshkent viloyatidagi yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlari: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ITI, Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ITI, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ITI, O‘simliklar genetik resurslari ITI, O‘simliklarni himoya qilish ITI, Chorvachilik va parrandachilik ITI yetakchi tadqiqotchilari, shuningdek, Zangiota agrotexnologiyalar kolleji o‘qituvchilari, “Agrar soha ayollari” uyushmasi, Toshkent viloyati agroxizmatlar markazi vakillari hamda mahalliy fermerlar ishtirok etishdi.
Uchrashuvlar va mulohazalar natijasida Toshkent viloyatida 4 ta innovatsion guruh shakllantirildi, bular:
“Serhosil, ertapishar, turli kasallik va zararkunandalarga chidamli paxta navlarini yaratish va yetishtirish”;
“Turli tuproq va iqlim sharoitlariga moslashtirib yaratilgan meva navlarini amaliyotga tatbiq etish”;
“Uy xo‘jaliklarida iqlimga mos chorvachilikni yuritish orqali sut mahsuldorligini oshirish amaliyotini sinovdan o‘tkazish;
“Sabzavot ekinlarining milliy navlarini ko‘paytirish”.
Har bir guruh tarkibiga ilmiy-tadqiqot institutlari, o‘rta maxsus o‘quv yurtlari, fermer va dehqon xo‘jaliklari, hududiy AKIS markazi vakillari hamda mahalliy tadbirkorlar kirgan.
Shakllantirilgan innovatsion guruhlar uchun qishloq xo‘jaligi sohasidagi EU-AGRIN loyihasi grantini yutib olishi mumkin bo‘lgan innovatsion g‘oyalarni loyiha ko‘rinishiga keltirish maqsadida seminar-treninglar o‘tkaziladi. Loyiha doirasida hududlardagi tuproq va o‘simliklar holatini tahlil qiluvchi, shuningdek veterinariya va boshqa xizmatlarni ko‘rsatishga mo‘ljallangan ko‘chma laboratoriyalar eng zarur anjomlar bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: