O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan Namangan viloyatining Elita urug‘chilik xo‘jaligida urug‘lik paxta maydonlarida dala aprobatsiya ko‘rigini o‘tkazish bo‘yicha ko‘rgazmali o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi. Seminar davomida urug‘lik uchun ajratilgan g‘o‘za maydonlarida aprobatsiya o‘tkazish, urug‘lik paxtani terish, qabul qilish va saqlash masalalari muhokama etildi.
Tadbirda O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi, tegishli vazirlik va idoralar xodimlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, Urug‘chilikni rivojlantirish markazi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi vakillari, aprobatsiya komissiyasi aʼzolari, o‘simliklarni himoya qilish bo‘yicha ekpertlar, shuningdek, paxta-to‘qimachilik klasterlari va urug‘chilik fermer xo‘jaliklari rahbarlaridan iborat 150 dan ortiq ishtirokchilar qatnashishdi.
Hududiy o‘quv-amaliy seminarni qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayev g‘o‘za navlarini to‘g‘ri joylashtirish va sifatli urug‘lik jamg‘arishda g‘o‘za aprobatsiyasining maqsad va vazifalariga bag‘ishlangan kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Seminar doirasida olimlarning sog‘lom urug‘lik fondini yaratishda o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi asosiy vazifalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Alisher To‘rayev ishtirokchilarga elita urug‘chilik xo‘jaliklariga yuqori navdorlikka ega bo‘lgan g‘o‘za navlarining original urug‘lik materiallarini yetkazib berilishida institut va nav mualliflarining olib borayotgan ishlari haqida so‘zlab berdi.
Shuningdek, tadbir davomida qatnashchilar Namangan elita urug‘chilik xo‘jaligi dala maydonida bo‘lib, urug‘lik uchun yetishtirilayotgan g‘o‘zaning “Andijon-35” navi xususiyatlari bilan tanishib chiqishdi.
Har yili paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarini kelgusi yilda yuqori hosilli hamda urug‘lik chigiti bilan uzluksiz taʼminlab borish maqsadida paxta ekilgan maydonlarda aprobatsiya tadbirlari o‘tkaziladi. G‘o‘za aprobatsiyasi navlarning elita va avlodli ekilgan maydonlarida navning haqiqiy nav tozaligi (navdorligi), nav aralashmalari, o‘simliklarning kasallik va zararkunandalar bilan zararlanganlik darajasi hamda kutilayotgan umumiy paxta hosili, urug‘lik paxta miqdori va undan olinishi kutilayotgan urug‘lik chigit miqdorini aniqlab berishi bilan muhim tadbir hisoblanadi.
Ma’lumot uchun: aprobatsiya –ma’lum bir navga mansub o‘simliklarning nav tozaligini yoki tipikligini, ekinlar orasida begona o‘tlar bo‘lishini, kasallik va zararkunandalar tomonidan zararlanishini aniqlash maqsadida urug‘likni dala sharoitida tekshirish jarayoni.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: