Bugungi kunda respublikaning turli tuproq-iqlim sharoitlarida davlat nav sinovidan o‘tgan soyaning 27 ta navi davlat reestriga kiritilgan hamda 4 ta nav istiqbolli deb topilgan. “Arleta”, “Baraka”, “Viktoriya”, “Madad”, “Oltin toj”, “Parvoz”, “Nafis”, “Genetik-1”, “Sochilmas”, “To‘maris Mman-3” kabilar shular jumlasidan. Istiqbolli navlar sifatida esa, “Madaniyat B”, “Zamin”, “Zarbuloq”, “Olmos” kabilar Davlat reestridan o‘rin olgan navlar hisoblanadi.
Kasallik va zararkunandalar.
Soya ekinida zamburug‘lar, bakteriyalar hamda virus kasalliklarining bir necha xil turlari uchraydi. Bular ildiz chirishi, o‘simlikning so‘lishi, bargda, dukkak va donda har xil dog‘larning paydo bo‘lish belgilari bilan namoyon bo‘ladi. Boshqa o‘simliklar kabi zang, un-shudring, fuzarioz, askoxitoz kasalliklari hamda o‘rgimchakkana zararkunandasi kabilar soya o‘simligiga ham xos.
O‘rgimchakkana soya o‘simligiga kuchli zarar yetkazadi. Zararkunanda barcha rivojlanish fazalarida soya bargining ostki tomonida (odatda, barg chuqurchalarida va tomiri bo‘ylab) hamda gulyonbargda to‘p-to‘p bo‘lib joylashadi. Barglar, hatto o‘simlik ham kuchli zararlansa, ingichka kulrang o‘rgimchak iplari bilan o‘ralgan bo‘ladi. Zararlangan barglar ustida dastlab mayda qo‘ng‘ir dog‘lar hosil bo‘ladi, keyinchalik ular tutashib barglar usti yoppasiga qo‘ng‘ir tusga kiradi va ular to‘kilib ketadi.
Gamma tunlami (Phytometra gamma L.) soyani xush ko‘ruvchi zararkunanda sanaladi. Yosh qurtlar soya barglarini ilma-teshik qiladi. Katta yoshdagilari barglarini yeb qo‘yadi.
Oq chirish yoki skelerotinoz (Scherotinie liberitana F.) kasalligi soya ekiladigan hamma joylarda uchraydi. Dukkak hosil qilish davrida o‘simlikning qurib qolishi, shoxlari, poyalari yoki birdaniga o‘simlikning so‘lishi kasallik alomatidir.
Soyada soxta un shudring kasalligi rivojlanishida zararlangan o‘simlikdan olingan donlar, shu o‘simlik qoldiqlari asos bo‘ladi. Soya o‘simligi nihollik fazasida zararlanganda urug‘palla barglari sarg‘ayadi va qurib tushib ketadi.
Fuzarioz kasalligi (Fuzarium L.) soya ekilgan hamma maydonlarda mavjud. Kasallikni zamburug‘lar tarqatadi. Kasallik urug‘lar unib chiqayotganida, urug‘pallasida qoramtir dog‘ paydo bo‘ladi. Keyinchalik u pushti rang yostiqcha mog‘or hosil qiladi. O‘simlik unib chiqqanida urug‘pallasi kengayib, shakli o‘zgarib, tuproq yuziga unib chiqqanida nobud bo‘ladi. Yana urug‘ unib chiqayotganida urug‘pallasining tepa va past tomonida qoramtir dumaloq chuqur yara paydo bo‘ladi. Havo salqin bo‘lishi bilan ildiz bo‘g‘zidagi pushti rang mog‘or o‘simlik ildizini zararlaydi. Keyinchalik o‘simlik gullash va dukkak hosil qilish davrida barglarining chekkalari sarg‘ayib, buralib quriydi va to‘kiladi. Poyaning ildiz bo‘g‘zida to‘q jigarrang dog‘ hosil bo‘lib, o‘simlik so‘liydi. Havo nam bo‘lgan urug‘lar pishish davrida kasallik dukkak po‘stlarida to‘q sariq rangda, dukkaklar puch bo‘lib, po‘stining rangi oqish g‘ubor bilan qoplanadi. Bunday urug‘lar kelasi yilda unib chiqmaydi.
Mozaika kasalligini (SMV) viruslar tarqatadi. Kasallik hamma soya ekiladigan joylarda ko‘p tarqalgan. Kasallikning birinchi alomati barg tomirlari rangsizlanadi, buralib-bujmayadi, ularning orasidagi tomirlarida to‘q yashil bo‘rtish hosil bo‘ladi. Baʼzi navlarining barglari sarg‘ayib, o‘simlik to‘qimasi kuchsiz bujmayadi, boshqalarida barglari bir oz sarg‘ayib, to‘kilib, kamayib ketadi. Baʼzilarida barg yuzasi kichrayadi. Bunday o‘simliklarda dukkak hosili kam bo‘ladi, urug‘lari mayda va qora dog‘li bo‘lib qoladi. Bu kasallikni dukkak hosil bo‘lish davrida o‘simlik bitlari tarqatadi. Mozaika bilan kasallangan soyaning barglari qalinlashib tarnovsimon va tez sinadigan bo‘lib qoladi. Viruslarga qarshi g‘uncha paydo bo‘lishdan oldin kasallangan o‘simliklarni olib tashlash hamda soya mozaikasini tarqatuvchi hasharotlarga qarshi kurash olib borish kerak.
Kasalliklarga qarshi kurash. Soya kasalliklarini keltirib chiqaruvchi parazitlar, asosan, o‘simlik qoldiqlarida va tuproqda qishlaydi. Soyaning bir maydonda doimiy ravishda ekilishi hamda tuproqda kasallik va hasharotlarning ko‘payishi oqibatda hosildorlikning kamayishiga olib keladi. Almashlab ekishni to‘g‘ri tashkil etib, tuproqdagi zamburug‘ va bakteriyalarni yo‘qotish kasalliklarning kamayishini taʼminlaydi.
Sklerotinoz bilan zararlangan o‘simlik o‘rniga soya ekish umuman yaramaydi. Tuproqda qishlaydigan zamburug‘ sporalari va bakteriyalarini yo‘qotishda kuzgi shudgor muhim tadbirlardan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, ekish muddatlarining to‘g‘ri belgilanishi ham maysalarning bakterioz va fuzarioz bilan zararlanishini kamaytiradi.
Soya zararkunandalari, kasalliklariga qarshi biologik va kimyoviy kurash usullari to‘g‘risida yetarli bilimga ega bo‘lish va unga amal qilish mo‘l hosil olish uchun asos bo‘ladi.
Hosilni yig‘ish. Soya o‘simligining hosilini yig‘ish ekish vaqtiga va navlarning erta yoki kechpisharligiga bog‘liq holda amalga oshiriladi. Hosil kombaynlar yordamida dukkaklarining 90-100%i pishganida yig‘ib olinadi. Bu paytda o‘simlikning barglari to‘kilgan, poyalari esa qurigan bo‘ladi. Dondagi namlik 13-14% bo‘lishi yig‘im-terim uchun maqbul hisoblanadi. Yig‘im-terimning kechikishi dukkaklarning yorilishiga va hosilning kamayishiga sabab bo‘ladi.
Soya urug‘ini saqlash. Yig‘ilgan hosil omborda saqlansa, urug‘larning qizishi va buzilishining oldini olish uchun ombor harorati 20-22 °C dan, havosining nisbiy namligi ham 60 foizdan past bo‘lishi lozim. Quritishga yoyilgan yoki saqlangan mahsulotning o‘rtacha qalinligi 30-40 sm dan oshmasligi kerak. Namlik darajasining 13-14% dan oshishi urug‘ning qizishiga va hasharotlarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: