Makkajo‘xori qishloq xo‘jaligida qimmatli, yuqori hosilli donli ekin sifatida yetishtiriladi. Uni asosan ko‘k massa, silos va donidan foydalaniladi.
Makkajo‘xorining so‘talaridan sut-mum pishish davrida tayyorlangan silosi chorva hayvonlari uchun eng yaxshi ozuqadir. Ayniqsa, ushbu silos dukkakli ekinlar aralashmasi bilan tayyorlansa, hazm bo‘luvchi proteinga boy bo‘ladi.
Respublika aholisining go‘sht va sut mahsulotlariga bo‘lgan talabining oshib borishi chorva mollari uchun ozuqa hajmining ko‘payishi va sifatining ortishini taqozo etadi. Shu jihatdan makkajo‘xorini yetishtirish respublika miqyosida muhim hisoblanadi. Jumladan, 2022-yil hosili uchun makkajo‘xori o‘simligi jami 459,8 ming gektarga shundan, 250,8 ming gektarga asosiy, 6,4 ming gektarga bog‘-tok orasida, 202,5 ming gektarga takroriy yerlarda yetishtirish belgilab olingan. O‘tgan yili makkajo‘xori o‘simligi jami 412,6 ming gektarga (347,4 ming gerktarga makkajo‘xori silos va 65,2 ming gektarga makkajo‘xori don uchun) maydonlarga ekilgan.
Mazkur maydonlardan jami 13,9 mln tonna mahsulot (13,5 mln ko‘k massa va 428 ming tonna makkajo‘xori doni) yoki o‘rtacha 3,2 mln tonna ozuqa birligini yetishtirish prognoz qilinmoqda.
Makkajo‘xorini ekish muddatlari
Har bir ekinni o‘z vaqtida va tavsiya etilganidek ekish uning yuqori sifatli va hosildor bo‘lishiga zamin yaratadi. Xususan, makkajo‘xorini bahorda donga Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida 10-15-aprelda, janubiy mintaqalarda 25-30-mart kunlari, shimoliy mintaqalarda esa, 25-30-aprelda ekiladi.
Uni silos uchun bahordagi oraliq yoki yozda boshoqli ekinlardan keyin ekish mumkin. Respublikaning shimoliy mintaqalarida boshoqli ekinlardan bo‘shagan maydonlarga makkajo‘xorini faqat silos uchun ekish tavsiya etiladi.
Urug‘lar ekilgandan keyin yaxshi unib chiqishi uchun yerda namlik yetmasa, unga urug‘ suvi beriladi. Bahorda urug‘lar yerga ekilgandan so‘ng yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lib, qatqaloq hosil bo‘lgan maydonlar yuzaki kultivatsiya qilinadi yoki xo‘jaliklarning o‘zida mavjud bo‘lgan moslamalar bilan qatqaloqlar yumshatiladi. Agar urug‘lar ekilgandan keyin yerda namlik yuqori bo‘lib, havo harorati pasayib ketsa, ekilgan urug‘lar chirib ketadi. Shunday holatda qaytadan ekish ishlari amalga oshiriladi.
Makkajo‘xorining texnik va biologik pishish davri
Makkajo‘xori ekin sifatida to‘rt marotaba sug‘oriladi. Uni to‘rtinchi marotaba sug‘orish donni sut-mum pishish davrida amalga oshiriladi. Bu vaqtda donlar to‘lishib, kerakli ozuqani o‘zida jamlaydi. Ayni shu muddatda silosga o‘rilsa, eng yuqori massa va ozuqa olinadi.
Makkajo‘xorini donga o‘rish uchun mutaxassislar tomonidan tekshirib ko‘riladi, agar o‘simlikda mum pishish davri o‘tib borayotgan bo‘lsa, tovarbop donlarni o‘rishga ruxsat beriladi. Katta dalalarda yetishtirilayotgan urug‘liklar (elita, F1 duragaylari) to‘liq pishish boshlanganda amalga oshiriladi, bu davr texnik pishish davri deb ataladi. Makkajo‘xori va boshqa qishloq xo‘jalik ekinlarida texnik pishishdan tashqari biologik pishish davri ham bo‘ladi.
Silos uchun tayyorlangan massa xandaqlarda buldozer yordamida zichlanib, tekislanadi va havo kirmaydigan qilib yopiladi.
Yozda ang‘izli maydonlarda ekinlar ekilishidan oldin don kombaynlari yordamida dastlab boshoqli ekinlar o‘riladi, so‘ng presslagich yig‘ish mexanizmi yordamida somon yig‘ib olinib, maydon sug‘oriladi. Ushbu maydonlarda ekilgan makkajo‘xori o‘simligi tez o‘sadi. Shu tufayli fermerlardan tezkorlik bilan o‘simlik qator oralariga ishlov berish, oziqlantirish va sug‘orishni amalga oshirib borishlari tavsiya etiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: