Nok mevasinig pishishi. Yoz faslining iyul oyining so‘nggi kunlarida nok pishib yetiladi. Ushbu mevani yig‘ib-terib olish ishlari tur va nav xususiyatlariga, unga qo‘yiladigan talabga va undan qanday maqsadda foydalanishga bog‘liq. Ertaki muddatda pishgan noklar qisqa vaqt saqlangani bois, ular bir terimdayoq yig‘ib olinadi. O‘rtaki va kechki noklarni mavsumda bir necha martagacha terib olish mumkin. Eksportbop yozgi va kuzgi nok navlari to‘liq pishishidan 5-7 kun oldin teriladi. Kuzgi navlar 10-15 kun, qishki navlar ob-havo sharoitiga bog‘liq holda 5-10-sentyabrdan oldin yig‘ishtirib olinadi.
Nokni saqlash qoidalari. Noklarni uzoqroq muddatga saqlashni o‘ylash juda muhim! Ushbu meva navlarining saqlashga chidamliligi uni pishib yetilish xususiyati bilan aniqlanadi. Nokning o‘rtapishar navlari oz muddat, kechki navlari esa 7-8 oygacha saqlanishi mumkin. Nok saqlash uchun odatda qutilarga joylashtiriladi. Ayniqsa, mevasi oq qog‘ozga o‘ralsa, uzoqroq turadi. Nok qutilarga joylashtirilganda ular orasiga qog‘oz yoki qirindi solinsa ham bo‘ladi.
Nok daraxti 200 yilgacha yashaydi. Nok daraxti moʻtadil iqlim o‘simligi bo‘lsada, lekin issiqsevar hisoblanadi. U sovuqqa kamroq chidamli va olma daraxtiga nisbatan uzoq yashaydi. Ushbu daraxt 100-150 yil, baʼzan esa 200 yilgacha yam-yashil bo‘lib, hosil tugaveradi.
Respublikamizda nokning 10 ga yaqin mahalliy navlari o‘stiriladi. Nokning 60 ga yaqin yovvoyi turlari uchrab, shundan “Jaydari nok”, “O‘rta Osiyo noki”, “Turkman noki”, “Ussuri noki”, “Nashvati”, “Tol bargli nok” va “Raʼno” kabi noklar isteʼmol qilinadi. Har bir nav pishgan paytida o‘ziga xos rang va tusga kiradi. Buni hosilni terishda inobatga olish kerak.
Nok bog‘lari yaratish. Nok bog‘lari barpo qilishda tuproq-iqlim sharoiti qulay bo‘lishi lozim. Ayniqsa, moʻtadil haroratda nok ko‘chati tez o‘sadi. Sug‘oriladigan tekis yerlarda, har 1000 metrda ko‘pi bilan 4-5 metr nishab bo‘lgan maydonlarni tanlash tavsiya qilinadi. Ammo tog‘li va tog‘oldi hududlarida tuproqni tayyorlash va meva daraxtlarini o‘tqazishda maxsus usullarini qo‘llash orqali qiya joylarda ham bog‘ yaratish mumkin. Darvoqe, nok bog‘larini 2-3 yil bedazor bo‘lgan yer maydonida tashkil qilish juda yaxshi samara beradi.
Nok daraxtlariga ishlov berish. Nok daraxtlariga shakl berish daraxtning hosilga kirish muddatlarini o‘zgartirish, uning mahsuldorlik davrini uzaytirish, shox-shabbasini mustahkamlash, bog‘larni parvarish qilishni qulaylashtirish, yildan-yilga meva berishini tartibga solish va hosildorligini oshirish uchun amalga oshiriladi.
Nokning foydali xususiyatlari. Mazkur meva yurak-qon tizimini yaxshilash, buyrak va qovuq yallig‘lanishining oldini olish, organizmni turli zahar va xiltlar (xolestrin)dan tozalash xususiyatiga ega. U olmadan keyin eng ko‘p tarqalgan meva ekini. Mevasi shirin bo‘lgani uchun yangiligicha sevib isteʼmol qilinadi. Shuningdek, undan qoqi, konserva, sukat, povidlo, murabbo, sharbat, vino, bekmes (nok asali) tayyorlash mumkin.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: