Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida paxta ochila boshladi. Bu mavsum davomida olib borilgan sifatli agrotexnika tadbirlari natijasi hisoblanadi. Tumanning “Yashil vodiy paxtazori” fermer xo‘jaligida go‘zaning “S-8290” navi yetishtirilmoqda.
Farg‘ona viloyatida 2022-yilgi hosil uchun 13 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan 82 080 gektar yerda g‘o‘za parvarishlanib, ushbu maydonlardan yuqori hosil olish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Klasterlar va fermer xo‘jaliklari takliflari asosida jami 4 ta rayonlashgan “S-8290”, “Namangan-77”, “S-6775”, “S-6775” hamda yangi navlar ekildi.
Viloyatdagi g‘o‘za maydonlarining 34 ming gektarida “qo‘shqator”, 23 ming gektarida “60 sm” va 24 ming gektarida “76 sm” sxemada chigit ekilgan. Joriy yil bahor oylarida kuzatilgan qulay ob-havo sharoiti va mavsumni uyushqoqlik bilan tashkil etish hisobiga chigit ekish ishlari qisqa muddatlarda yakunlandi.
G‘o‘zaning rivoji har yilgiga nisbatan 10-15 kun erta bo‘lib, viloyat bo‘yicha 9,7 ming gektarda (12%) 5-6 ta ko‘sak, 18,5 ming gektarda (23%) 7-8 ta ko‘sak, 40,5 ming gektarda (50%) 9-10 ta ko‘sak va 12,5 ming gektarda (16%) 11-12 ta ko‘sak fazasida rivojlanmoqda. Shuningdek, 12,6 ming gektarida (16%) 11-12 ta hosil shoxi, 12,6 ming gektarida (46%) 13-14 ta hosil shoxi va 32 ming gektar (39%) maydonida 15-16 ta hosil shoxlari shakllangan.
Bugungi kunga qadar paxta maydonlarida 9,3 marta g‘o‘za qator oralariga ishlov berildi, azotli mineral o‘g‘itlar bilan 3 marta to‘liq oziqlantirildi va 3 marta chuqur yumshatish ishlari amalga oshirildi. G‘o‘zada o‘sishni boshqaruvchi biostimuliyatorlar bilan 5 marta bargidan oziqlantirildi hamda begona o‘tlarga qarshi 6 marta chopiq qilindi.
G‘o‘za maydonlarida sug‘orish ishlari 2 marta to‘liq, 61 ming (75%) gektarda uchinchi sug‘orish va 6 ming (8%) gektarda to‘rtinchi sug‘orish ishlari yakunlandi. Bundan tashqari, g‘o‘zaning rivoji, hosil shoxi va ko‘chat qalinligidan kelib chiqib 12-13 ta hosil shoxi shakllangan 82 ming gektar (100%) g‘o‘za maydonlarida to‘liq chilpish (chekanka) ishlari o‘tkazildi.
Maʼlumki, shu kunlarda kuzatilayotgan anomal issiq va yuqori haroratni salbiy taʼsirini yumshatish va agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida sifatli amalga oshirish va har bir gektardan kafolatlangan 40 sentner hosil yaratish maqsadida hosilga-hosil qo‘shish “Dolzarb 30 kunlik” tadbiri eʼlon qilindi. Ushbu dolzarb tadbir g‘o‘zani parvarishlashda klaster va fermer xo‘jaliklarining maʼsuliyatini yanada oshirib, agrotexnik tadbirlarni o‘tkazishda o‘ta omilkorlik bilan yondashgan holda ertaki, yuqori va sifatli paxta hosilini yetishtirishga zamin yaratadi.
Hududlarda g‘o‘zani parvarishlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni doimiy monitoring qilish va amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida soha olimlari va mutaxassislari tomonidan tavsiyalar berib borilmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: