Soya turli iqlimga moslashuvchan o‘simlik bo‘lgani bois, uni xilma-xil tuproq-iqlim sharoitlarida yetishtirish mumkin. Aynan ushbu xususiyati tufayli dunyoning turli mintaqalarida ko‘plab maydonlarda yetishtirilmoqda.
2022-yilda asosiy maydonlarga jami 80,4 ming gektarga soya ekilgan bo‘lib, ushbu yerlarga 6,7 ming tonna urug‘liklar yetkazib berildi. Agrotexnik tadbirlar (qator oralariga ishlov berish, oziqlantirish, sug‘orish) o‘z vaqtida o‘tkazilmoqda. Shu bois, 165 ming tonna soya doni jamg‘arish rejalashtirilmoqda. Shundan 15 ming tonna urug‘likka jamg‘ariladi. 150 ming tonna soya doni qayta ishlashga yo‘naltiriladi. Bundan 30 ming tonna o‘simlik moyi ishlab chiqariladi. 113 ming tonna soya shroti yetishtiriladi.
Taqqoslash uchun, 2021-yilda asosiy maydonlarga va g‘o‘za qator oralariga jami 59,9 ming gektar soya qadaldi. Ushbu maydonlarga 4,4 ming tonna soya urug‘liklari yetkazib berildi. Agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida o‘tkazilishi natijasida 66,1 ming tonna soya doni jamg‘arildi. Undan 6,7 ming tonna urug‘likka yig‘ildi. Shunindek, 59,4 ming tonna doni qayta ishlashga yo‘naltirildi. Bundan 11 ming tonna o‘simlik moyi ishlab chiqarildi hamda 45 ming tonna soya shroti yetishtirildi.
Soya navlarining o‘ziga xosliklari
Bugungi kunda respublikaning turli tuproq-iqlim sharoitlarida davlat nav sinovidan o‘tgan soyaning 27 ta navi davlat reestriga kiritilgan hamda 4 ta nav istiqbolli deb topilgan. “Arleta”, “Baraka”, “Viktoriya”, “Madad”, “Oltin toj”, “Parvoz”, “Nafis”, “Genetik-1”, “Sochilmas”, “To‘maris Mman-3” kabilar shular jumlasidan. Istiqbolli navlar sifatida esa, “Madaniyat B”, “Zamin”, “Zarbuloq”, “Olmos” kabilar Davlat reestridan o‘rin olgan navlar hisoblanadi.
“Baraka” O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining seleksion mahalliy navi hisoblanadi. 2015-yildan boshlab, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi hududida tavsiya etilgan qishloq xo‘jaligi ekinlari Davlat reestriga kiritilgan. Ushbu navning bo‘yi 105 sm bo‘lib, vegetatsiya davri 126 kunni o‘z ichiga oladi. Soyaning ushbu navi ekilgan yer maydonlaridan gektaridan o‘rtacha 36,5 sentnergacha hosil olish mumkin.
Serbiya davlatining seleksion navi hisoblangan “Viktoriya” ni 2015-yildan beri Andijon, Namangan, Sirdaryo, Toshkent, Farg‘ona viloyatlarida va respublikaning boshqa hududlarida ekishga ruxsat berildi. Bor-yo‘g‘i 65 sm bo‘lgan ushbu navni vegetatsiya davri 126 kundir. O‘rtacha hosildorligi gektariga 36,5 sentnerga teng deb qayd etilgan.
“Genetika1” mahalliy navi O‘zFA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi ilmiy-tadqiqot institutining seleksion navi bo‘lib, 2008-yildan respublika bo‘yicha O‘zbekiston hududida tavsiya etilgan qishloq xo‘jaligi ekinlari Davlat reestriga kiritildi. Soyaning ushbu navini bo‘yi 45-50 smni tashkil etadi. Eʼtiborlisi, ushbu navning vegetatsiya davri 87 kundan iborat. Sinov davrida nav qishloq xo‘jalik kasalliklari va hasharotlari bilan zararlanmadi.
Nomiga mos “Nafis” soya navi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutida yaratilgan. 2012-yildan Toshkent viloyati va respublika hududida ekishga tavsiya etilgan. Yaltiroq, silliq, sariq rangdagi donlari yirik bo‘lgan ushbu nav 112-120 kunda pishib yetiladi. Soyaning ushbu navini qishloq xo‘jaligi texnikasida o‘rib olish mumkin.
“Oltin toj” soyaning mahalliy navlaridan hisoblanib, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot markazining kashfiyoti hisoblanadi. 89 kunlik vegetatsiya davrida ushbu nav 60 sm gacha o‘sadi. Shamol va noqulay ob-havo sharoitida poyasi yotib qolishga yaroqli. Ammo hosildorligi boshqa navlarga qaraganda biroz kamroq yaʼni gektariga 30,6 sentnerni tashkil etadi.
Soyaning yana bir mahalliy navi “Sochilmas” esa, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi ilmiy-tadqiqot institutining seleksion navi hisoblanadi. 95 kunda yig‘ishtirib olishga tayyor bo‘ladigan ushbu navni 2015-yilda Toshkent viloyati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi hududida tavsiya etilgan qishloq xo‘jaligi ekinlari Davlat reestriga kiritilgan.
Serbiya davlatining yana bir navi “Favorit” 2012-yildan Respublika bo‘yicha O‘zbekiston hududida ekishga tavsiya etilgan. Vegetatsiya davri esa 100 kunni o‘z ichiga oladi. Ushbu navning bo‘yi 66 sm. Hosildorligi gektariga 30,0 sentnerni tashkil etadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: