Har yili dunyo bo‘yicha 6-7 million gektarga yaqin yer maydonlari qishloq xo‘jalik aylanmasidan chiqib ketmoqda. Ya’ni ulardan foydalanilmaydi. Bundan tashqari global, mintaqaviy miqyosda ham asosiy xavf antropogen degradatsiya bo‘lib turibdi.
Bugun mamlakatimizda ham unumdor yerlarning soni cheklangan. Ba’zi hududlarda e’tiborsizlik oqibatida yerlar degradatsiyaga uchrash holatiga kelib qolgan. Ana shunday salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2022-yil 10-iyunda “Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida alohida yangi departament tashkil etildi. Respublikamizdagi yerlar degradatsiyasi, ularning oldini olish, bu borada amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha vazifalar bilan shug‘ullanish departamentning zimmasiga yuklatildi.
Respublikada mavjud 44,9 million gektar yerlarni bor-yo‘g‘i 4,3 million gektari yoki qariyb 10 foizi sug‘oriladigan yerlardan iborat. Ushbu yerlarning qariyb 2 million gektari yoki 45 foizi ikkilamchi sho‘rlanishga uchragan. Yoki 800 ming gektar yerlarimizda suv eroziyasi muammolari uchraydi. Qariyb 2 milliondan ortiq yerlarimizda shamol eroziyasi mavjud.
Bugungi global iqlim o‘zgarishi davrida yerlar degradatsiyasi, tuproqlarning holatini saqlash, qishloq xo‘jaligidan unumli foydalanishga doir muammolar butun dunyo ahlini tashvishga solmoqda. Yuqoridagi qarorga ko‘ra, Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqotlar instituti O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi va uning nomi Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti deya o‘zgartirildi. Bu institut vakillari oldiga juda ko‘p vazifalarni qo‘ymoqda. Bundan tashqari hududlarda Xorazm, Buxoro, Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida institutning mintaqaviy filiallari tashkil etildi. Bu orqali joylardagi muammolarga o‘z vaqtida ilm va ishlab chiqarish integratsiyasini qo‘llagan holda ilmiy yondashuv asosida yechim topish mumkin.
Yerlarning degradatsiyasi
Yerlar sifatining yomonlashish jarayoni, ularning hosildorligi pasayishi, tarkibidagi ozuqa moddalarining kamayishi – yerlar degradatsiyasi hisoblanadi. Qurg‘oqchil iqlim sharoitida yerlar degradatsiyasi ko‘p hollarda cho‘llanish jarayoniga o‘tib ketadi, bunda hosildor yer sahroga aylanadi.
Tuproqlarning degradatsiyasini ham bir nechta turlari mavjud. Bulardan asosiylari: eroziya, sho‘rlanish, botqoqlanish, gumussizlanish, natijada sahrolanish yuzaga keladi.
Mamlakatimizning har bir qarich yeri bebahodir. Odamlarning yerga bo‘lgan munosabati kundan-kunga o‘zgarmoqda. Bugungi klaster va dehqon-fermerlar yerlarning unumdorligini oshirish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini ko‘paytirmoqda. Bunda respublika qishloq xo‘jaligi sohasida ilm va innovatsiyaning birgalikda olib borilayotgani muhimdir.
Degradatsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish
Salbiy oqibatlari bilan jamiyatga zarar keltiradigan degradatsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish chora-tadbirlari ishlab chiqilgan. Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti olimlari tomonidan degradatsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish maqsadida 2022-2025-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar majmuasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, sho‘rlanishning oldini olish bo‘yicha maxsus yo‘l xaritasi tuzildi. Jumladan, tuproqlarning gumussizlanishini oldini olish uchun gumus miqdorini oshirishga doir yo‘l xaritasi ishlab chiqildi. Yer maydonlaridagi tuproqlarning asosiy gumussizlanishi 0,5 foizdan kamni tashkil etmoqda va ushbu chora-tadbirga ko‘ra, bunday ko‘rsatkichdagi yer maydonlarini qisqartirish rejalashtirilgan. Ushbu yo‘l xaritada 12-13 banddan iborat chora-tadbirlar belgilab qo‘yilgan. Xususan, degradatsiya jarayonlarini bartaraf etishda tomchilatib sug‘orish usuli ham tavsiya etilgan. Bu usul suv va zarur o‘g‘itlarni sug‘orilayotgan ekinning ildiz yonidagi qismga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatuvchi tizim bo‘lib hisoblanadi. Suv uzatish miqdori va davriyligi o‘simlikning ehtiyojidan kelib chiqib yuboriladi. Bu usulda suv barcha ekinlarga bir tekisda, bir xil miqdorda va suvni ortiqcha isrof qilmasdan yetib boradi. Shuningdek, suvni oqish vaqtidagi bug‘lanishlari miqdori kamayadi.
Shuningdek, ishlov berilmagan tuproqqa dukkakli va moyli ekinlarni ekish ham degradatsiyaning oldini olishning tajribadan o‘tgan usullaridan. Bu usul qurg‘oqchilik sharoitlarida namni saqlaydi, tuproqni himoya qiladi va unumdorligini oshiradi, resurstejamkor sanaladi. Bu usulda kuzda va bahorda ekin ekish mumkin.
Yerlarga ko‘proq daraxt ekish, qishloq xo‘jaligi yerlari, yaylovlardan samarali foydalanish yo‘llari bilan ham cho‘llanishga qarshi kurashish mumkin.
Yerlar insoniyatning taraqqiyotiga, jamiyatning ravnaqiga xizmat qiladi. Shuning uchun yerlarni asrab-avaylash, ulardan oqilona foydalanish degradatsiya kabi salbiy oqibatlarning oldini oladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: