Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida faoliyat yurituvchi yer tuzuvchi mutaxassislarning oylik maoshi kechiktirilib to‘langani, bir qismi ushlab qolinayotgani mavzusida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan postlar yuzasidan vazirlik quyidagilarni ma’lum qiladi:
Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-fevraldagi PQ-5006-son “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish va muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan hududlarda yer tuzuvchi mutaxassislar ishga jalb qilinib, ularning oylik maoshi Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat ta’minoti jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi belgilab qo‘yilgan.
Jamg‘armaning moliyaviy manbalari esa nobyudjet mablag‘lar, ya’ni Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash Jamg‘armasidan hamda vazirlik tizimidagi boshqa xo‘jalik hisobidagi tashkilotlardan ajratmalar hisobidan shakllanadi.
Ikkinchidan, bugungi kunga qadar yer tuzuvchilarning oylik ish haqi iyun oyigacha bo‘lgan muddat uchun to‘liq to‘landi. Yil boshidan buyon may-iyun oylarida bir yoki bir yarim oylik uzilishlar, surilishlar bo‘lgan. Bu vazirlik Jamg‘armasi hisobiga mablag‘larning tushumi bilan bog‘liq.
Uchinchidan, yer tuzuvchilarning mehnat shartnomasi bo‘yicha ularga belgilangan oylik ish haqi tarif razryadi bo‘yicha belgilanadi: ularda 5 va 6 razryad. Shunga asosan 2 mln 251 ming so‘m ish haqi yoziladi.
Qonunchilikka ko‘ra, har qanday daromad oluvchi sub’yekt – xo‘jalik hisobidan ishlaydimi, byudjet asosidami, o‘zini-o‘zi moliyalashtiradimi – qat’iy nazar oladigan daromadidan soliqlarni to‘lashi shart. Ushbu miqdor bugungi kunda ish haqidan 12 foizni tashkil etadi va daromad solig‘i ushlanadi. Bundan tashqari, ish haqidan 1 foiz miqdorida kasaba uyushmalariga to‘lov hamda pensiya jamg‘armasiga ajratmalar ushlab qolinadi.
Yakuniy natijada hodimning nomiga ochilgan bank plastik kartasiga 1 mln 950 ming so‘m oylik ish haqi tushiriladi. Demak, xodimning qo‘liga tegadigan oylik maoshi dastlabki hisoblanganidan kamroq bo‘lishi tabiiy holat.
To‘rtinchidan, shuni aytish kerakki, davlatimiz rahbari bergan topshiriqlarga asosan, tizimda faoliyat yuritayotgan yer tuzish xizmatlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xodimlar ish faoliyatini samarali tashkil etish hamda rag‘batlantirish, ish haqiga ustamalar belgilash tizimini takomillashtirish masalalarini nazarda tutuvchi tegishli qaror loyihasi ishlab chiqilib, bugungi kunda tasdiqlash uchun hukumatga kiritilgan.
Tez orada ushbu qaror loyihasi qabul qilinishi natijasida hududiy yer tuzuvchilarning oylik ish haqini to‘lab borish bir tizimga tushadi.
Beshinchidan, vazirlikning xodimlariga nisbatan hududiy yer tuzuvchilarning oylik ish haqi o‘zlashtirib yuborilyapti mazmunidagi ularning sha’niga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi fikrlarning bildirilishi, haqoratomuz, tuxmat, noto‘g‘ri ma’lumotlarning tarqatilishi qonunchilik doirasida javobgarlikka tortilishi belgilab qo‘yilgan.
Bundan tashqari, tarqalgan postlar so‘ngida matbuot xizmatidan hisob so‘ralgan. Ushbu xizmatga mazkur mavzu yuzasidan avval hech qanday murojaat kelib tushmagan. Qolaversa, ish haqi to‘lanmasligi, ushlab qolinishi, kechiktirilishi masalalari bilan bevosita tegishli tashkilot va idoralar shug‘ullanishi ma’lum qilinadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: