Tuproq — bu tabiiy jism bo‘lib, qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishning asosiy vositasi hisoblanadi. Tuproqning eng muhim xossasi uning unumdorligidir. Tuproq unumdorligining rivojlanishida tirik organizmlar, jumladan, yashil o‘simliklar va mikroorganizmlarning roli alohida ahamiyatga ega.
Unumdorlik tuproqning o‘simliklarni turli oziq moddalar, suv, havo hamda issiqlik bilan taʼminlash qobiliyatidir.
Tuproqning eng asosiy vazifalaridan biri yerdagi hayotning mavjudligini, davomiyligini taʼminlashdir. Aynan, o‘simliklar, ular orqali esa, hayvonot dunyosi va insonlar o‘zining yashashi, biomassasini yaratish uchun ozuqa moddalar va suvni tuproqdan oladi.
Yer — qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda asosiy vosita sanaladi. Undan samarali, oqilona foydalanish bugungi kundagi va kelajakdagi farovon turmushni taʼminlaydi. Respublikaning qishloq xo‘jaligi sohasida 28 tipdagi tuproqlar mavjud bo‘lib, shundan 22 tasidan ko‘proq, qolgan 6 tipidan esa, juda kam foydalaniladi. Jumladan, och qo‘ng‘ir o‘tloqi-dasht (578,5 ming gektar), jigarrang (1712,8 ming gektar), to‘q tusli bo‘z (1208,8 ming gektar), tipik bo‘z (2880,1 ming gektar), och tusli bo‘z (2191,9 ming gektar), bo‘z o‘tloqi va o‘tloqi-bo‘z (1192,0 ming gektar), sur tusli qo‘ng‘ir, taqirli tuproqlar (10833,9 ming gektar), sur qo‘ng‘ir o‘tloqi (79,2 ming gektar), taqirli (1003,0 ming gektar), taqirli-o‘tloqi va o‘tloqi-taqir (445,6 ming gektar), cho‘l qumli (2466,2 ming gektar), o‘tloqi, botqoq-o‘tloqi (3547,8 ming gektar), quruqlik sho‘rxoklari (793,9 ming gektar), dengiz bo‘yi sho‘rxoklar (1739,6 ming gektar), boshqa yerlar (14159,2 ming gektar) ni tashkil etadi.
Tuproqlarning hududlardagi taqsimoti
Tuproqlar mamlakatimizning balandlik mintaqasi va tekislik zonalarida tarqalgan.
Tekislik zonalarida sur tusli qo‘ng‘ir, taqirli, o‘tloqi va botqoqli tuproqlar keng tarqalib, ulardan qishloq xo‘jaligida foydalaniladi. Bular orasida o‘tloqi tuproqlar ko‘proqni tashkil etadi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekin maydonlardagi tuproqlarni namlantirish yaʼni sug‘orish orqali yetishtiriladi. Bunda o‘tloqi tuproqlar asosan daryo vodiylarida tarqalgan, yani Norin, Sirdaryo, Qoradaryo, Qashqadaryo, Surxondaryo kabi daryolar vodiylaridagi ushbu tuproqlarda dehqonchilik ishlari yuritiladi.
Sug‘oriladigan o‘tloqi tuproqlar gumusga boy, ozuqa moddalari bilan turli darajada ta’minlanganligi jihatidan ajralib turadi. Bu yerlarda sizot suvlari o‘rtacha 1,5-2,5 metr atrofida turadi. Shuning uchun ham ularda sho‘rlanishlar kuzatiladi. Ushbu tuproqlarda doimiy ravishda meliorativ tadbirlarni olib borish talab etiladi. Aks holda, sho‘rlanishlar kuchayib, yerning yaroqsiz holatga kelishiga olib keladi.
Cho‘l zonasidagi taqirli, sur tusli qo‘ng‘ir tuproqlarda dehqonchilik yuritiladi. Lekin ularni meliorativ sharoitlari (sho‘rlanishga moyilligi, gipslashganligi, zichlashganligi, yuvilishga uchraganligi) og‘irligidan kamroq foydalaniladi.
Cho‘l zonasidagi bu tuproqlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Buxoro, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlarida keng tarqalgan.
Shuningdek, balandlik mintaqasida eng ko‘p va unumdor tuproqlar-tipik bo‘z va och tusli bo‘z tuproqlardan foydalaniladi.
Bu tuproqlar Farg‘ona vodiysida, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarining paxtachilik tumanlarida keng tarqalgan va unumdor tuproqlar hisoblanadi.
Respublika bo‘yicha tuproqlardan unumli foydalanadigan hududlar Xorazm, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Toshkent viloyatlari hisoblanadi.
Muammolar
Yerlarni meliorativ holatini doimo yaxshilash ishlarini uzluksiz Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Sirdaryo, Jizzax viloyatlarida hamda boshqa viloyatlarning cho‘l zonasidagi sug‘oriladigan yer maydonlarida o‘tkazilib boriladi.
Tuproq degradatsiyasi 21-asrning muhim ekologik muammolaridan biri hisoblanadi. Tuproq va suv manbaining, yer osti suvining ifloslanishi uning degradatsiyasi bilan bog‘liqdir. Tuproq degradatsiyasiga iqlim o‘zgarishi bevosita va bilvosita taʼsir qiladi.
Qishloq xo‘jaligi sektorida sug‘orishning tavsiya etilgan stavkalari, hajmi va muddatlariga rioya etilmasa, suv hisobga olinmasa, bularning barchasi oxir-oqibat yerlarni degradatsiyaga olib keladi.
Yerlar qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun yaroqsiz holga keladi, ustiga ustak atrof-muhitga, ekologiyaga katta zarar yetkaziladi. Masalan, sug‘orish meʼyorlariga amal qilmaslik, ayniqsa, yer osti suvlari yaqin joylashgan joylarda, yer osti suvlari sathining ko‘tarilishiga olib keladi. Oqibatda, sug‘oriladigan maydonlar botqoqlanadi va sho‘rlanadi. Katta qiyalikdan iborat bo‘lgan dalalarda sug‘orish yo‘laklari olinganda qattiq chiqindi suv va ozuqa moddalarining shiddati ostida sug‘orish yo‘laklari yemiriladi, sifatsiz sug‘orish va tuproq eroziyasi yuzaga keladi.
Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti ma’lumotlari asosida tayyorlandi
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: