Ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasi Germaniyaning Nyurnberg shahrida o‘tkazilayotgan “BIOFACH 2022” organik mahsulotlar ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazma doirasida Germaniyaning Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat Federal vazirligi qoshidagi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha Federal tashkilotining bosh inspektori Anna Kober bilan O‘ZR Qishloq xo‘jaligi vazirligining Organik qishloq xo‘jaligi va maqbul qishloq xo‘jaligini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Anvar Djumanov hamda Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti prorektori M. Atajonovlarning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘ida organik mahsulotlarga Germaniyaning BIO leyblini belgilash, organik mahsulotlarni Germaniyaga olib kirish, ularni qayta ishlash yoki qadoqlash tartiblari bo‘yicha maslahatlar olindi. Muzokara davomida o‘zaro kelishuv tuzish va birgalikda Germaniya bozoriga organik mahsulotlarni olib kirishda hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Bundan tashqari, vazirlik delegatsiyasi “AFC”ning texnik maslahatchisi Andrey Lozan bilan organik mahsulotlarni yetishtirish jarayonida subsidiyalash tartiblari bo‘yicha maslahatlashib olishdi. Suhbat davomida organik dehqonchilikka o‘tish davrida subsidiya ajratish bo‘yicha rivojlangan davlatlarning malakasiga to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, organik dehqonchilikni subsidiyalash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar va tartiblar bilan tanishib chiqildi.
Shuningdek, vazirlik mutaxassislari Latviya Davlatining STC organik sertifikatlash xizmati rahbari A. Makaryavichyus bilan ham uchrashib, O‘zbekistonning GDF kompaniyasi bilan boshlang‘ich sertifikatlashtirish jarayonini boshlash bo‘yicha kelishib olishdi.
Germaniyaning GiZ tashkiloti ko‘magida IFOAM vakillari bilan tashkil etilgan uchrashuv natijasida ko‘p masalalar bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan O‘zDSt 3290 O‘zbekiston davlat standartini IFOAM tomonidan ekspertizadan o‘tkazilib, unifitsirlangan standartlar qatorida tan olinishini taʼminlash bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar kelishib olindi.
Respublikamiz mutaxassislarini IFOAMda maslahat ko‘rsatish bo‘yicha bazaviy va nazorat o‘tkazish bo‘yicha akademik o‘qishlarni tashkil etish masalalari maslahatlashib olindi.
Ko‘rgazmada O‘zbekistonda organik mahsulotlarni yetishtirish jarayoni haqida maxsus tanishtiruvchi taqdimotlar o‘tkazilmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: