Bugun, 2022-yil 25-iyul kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan tashkil etilgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a’zo davlatlar qishloq xo‘jaligi vazirlarining VII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Gibrid formatda (onlayn va oflayn) o‘tkazilgan tadbir doirasida tomonlar ShHTga a’zo davlatlarning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi bugungi o‘zaro hamkorligi yuzasidan fikr almashdilar.
Delegatsiyalar rahbarlari ShHTga aʼzo davlatlar hukumatlari oʻrtasida 2010-yilda qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi Bitim va Bitimni amalga oshirish boʻyicha 2021-2025-yillarga moʻljallangan Harakatlar dasturini, shuningdek, ShHT doirasida qishloq xoʻjaligi sohasida qabul qilingan boshqa hujjatlarni kelgusida amalga oshirish zaruratini taʼkidladilar. Bundan tashqari, ShHTga aʼzo davlatlar oʻrtasida “aqlli qishloq xoʻjaligi” va agroinnovatsiyalar sohasidagi oʻzaro hamkorlik konsepsiyasi loyihasi muhokama qilindi va belgilangan tartibda kelgusida qabul qilish uchun maʼqullandi.
Yig‘ilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev raisligida o‘tkazildi. Kun tartibidagi masalalarni muhokama qilishda, jumladan, konferens-aloqa orqali ShHT Bosh kotibi oʻrinbosari Yerik Ashimov, Pokiston Islom Respublikasi Milliy oziq-ovqat xavfsizligi va tadqiqotlar federal vazirining birinchi oʻrinbosari Zafar Hasan, Xitoy Xalq Respublikasi Qishloq xoʻjaligi va qishloq ishlari vaziri oʻrinbosari Ma Yusyan, Qirg‘iziston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Asqarbek Janibekov, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayev; Hindiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va fermerlar farovonligi vazirligi kotibi Chauxan Ritesh, Qozog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Yerbol Karushukeyev, Tojikiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Saʼdi Gafor Karimzoda, Rossiya Federatsiyasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Sergey Levin, FAOning Markaziy Osiyo boʻyicha submintaqaviy koordinatori Viorel Gutsu ishtirok etdi.
ShHTga aʼzo davlatlar qishloq xoʻjaligi vazirlarining VII yigʻilishini ochar ekan, Oʻzbekiston Bosh vazirining oʻrinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev ShHTga aʼzo davlatlarning qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorligi boʻyicha fundamental hujjat aynan Toshkentda 2010-yil iyun oyida imzolanganini eslatib oʻtdi.
“Mamlakatlarimizning bosh agrar idoralari rahbarlari yettinchi bor dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun yigʻilib turishibdi, – taʼkidladi Jamshid Xodjayev. – Qishloq xoʻjaligi sohasi haqli ravishda ShHTga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikning eng faol nuqtalaridan biri boʻlib, u Tashkilot aʼzolari oʻrtasidagi munosabatlarni kengaytirishda muhim ahamiyatga ega. Biz yerdagi va suvdagi cheklangan miqdordagi tabiiy zaxiralardan foydalanish amaliyotini olib borar ekanmiz, insoniyat sivilizatsiyasining bunday rivojlanish modeli abadiy davom eta olmaydi”.
Xodjayev o‘z nutqida ShHTga a’zo davlatlar e’tiborini tortayotgan bir qancha muammo va masalalarga to‘xtalib, qator takliflarni bildirdi.
Uchrashuvda delegatsiyalar rahbarlari joriy oʻzaro hamkorlik yuzasidan fikr almashdilar hamda qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida muvofiqlashtirilgan va samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, ShHTga aʼzo davlatlar hukumatlari oʻrtasida qishloq xoʻjaligi sohasida 2010-yilda qabul qilingan hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimni va ushbu Bitimni bajarish yuzasidan 2021-2025-yillarga moʻljallangan Tadbirlar rejasini amalga oshirishning keyingi bosqichlarini muhokama qildilar.
ShHT Bosh kotibi o‘rinbosari Yerik Ashimov:
“Biz samarali uchrashuv o‘tkazdik va ShHT mamlakatlari o‘rtasida bu kabi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash zarur. 2010-yilda imzolangan me‘yoriy-huquqiy baza hayotga faol tatbiq etilmoqda, jumladan, oziq-ovqat xavfsizligi masalalarida ham. Biroq, qishloq xo‘jaligida ilmiy va innovatsion segmentni rivojlantirishni unutmaslik kerak. Bugungi yig‘ilishda ma‘qullash uchun O‘zbekiston tomonidan “aqlli” qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha taklif kiritildi, shuningdek, 2020-2025-yillarga mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlashga doir yuqorida qayd etilgan maqsadlar bo‘yicha hamkorlik davom etmoqda. Ko‘pgina mamlakatlar transport va savdo almashinuvi muammolariga duch kelmoqda. Bu jihatlarda qishloq xo‘jaligi hamkorligini rivojlantirish, umumiy sa‘y-harakatlarimizni birlashtirish muhim, deb bilaman”.
ShHTga aʼzo davlatlarning “aqlli qishloq xoʻjaligi” va agroinnovatsiyalar sohasidagi oʻzaro hamkorligi konsepsiyasi loyihasi muhokama qilindi va kelgusida belgilangan tartibda qabul qilish uchun maʼqullandi.
“Aqlli” deganda mehnat unumdorligining o‘sishini, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishni va qishloq xo‘jaligining barqarorligini oshirishni ta’minlaydigan ilg‘or texnik va raqamli yechimlardan (shu jumladan ishlab chiqarishni kompleks avtomatlashtirish va robotlashtirish, katta ma’lumotlarni qayta ishlash tizimlari, sun’iy intellekt) foydalangan holda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishning zamonaviy usullariga asoslangan qishloq xo‘jaligi tushuniladi.
Ushbu Konsepsiya doirasidagi asosiy yo‘nalishlar quyidagilardan iborat:
Konsepsiyani amalga oshirish bo‘yicha manfaatdor ShHTga a’zo davlatlarning qo‘shma faoliyatini muvofiqlashtirish ShHTga a’zo davlatlarning qishloq xo‘jaligi bo‘yicha doimiy faoliyat yurituvchi ekspert ishchi guruhi (DFEG) tomonidan amalga oshiriladi.
Tadbir yakunida ta’kidlanganidek, ShHTga a’zo davlatlar qishloq xo‘jaligi vazirlarining 7-yig‘ilishi konstruktiv muloqot, o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitida o‘tdi.
Tojikiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Karimzoda Saʼdi G‘afor:
“ShHT davlatlari oldida har bir global chaqiruvga tayyor turib, unga munosib javob berish vazifasi turibdi. Bizning asosiy mushtarak maqsadimiz oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashdir. Bugun Tojikiston hukumati bu borada soliq siyosatini amalga oshirmoqda. Yaʼni qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari uchun bir qator soliq imtiyozlarini joriy etganmiz. Bu orqali avvalo, ichki bozorni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan taʼminlashga erishishni maqsad qilganmiz. Undan tashqari qo‘shimcha qiymat zanjiri uzilib qolmasligining harakatidamiz. Yana bir amalga oshirayotgan islohotimiz, bu monitoring va baholashdir. ShHT davlatlari miqyosida cho‘llanish, sho‘rlanish masalalarida hamkorlikni yanada kuchaytirishni taklif qilamiz. Har qanday masalada Tojikiston tomoni ShHT doirasida muloqot qilishga va hamkorlikka ochiqlik bilan javob qaytaradi».
Qirg‘iziston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Janibekov Asqarbek Saparbekovich:
“Hindiston va Pokistonning ShHTga aʼzo boʻlishi bilan Yevroosiyodagi mamlakatlar boʻyicha umumiy qamrovimiz 60 foizga oshdi, bu esa ShHTga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlikning istiqboli katta ekanidan dalolat beradi. Hozir ko‘plab mamlakatlar aholi sonining tez sur’atlarda o‘sishi muammosiga duch kelmoqda, shuningdek, yer, suv resurslarining yetishmasligi, o‘tgan yilgi pandemiya kabilar sharoitida hech bir davlatga oson bo‘lmadi. Ammo barchamiz bu muammolarni hal qilishga harakat qildik. Bugungi kunda Qirg‘izistonda qishloq xo‘jaligining rivojlanishi umuman olganda 23 foizga hamda oʻz mahsulotimizni ishlab chiqarish hajmi 80 foizga oshdi. Biz qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish, «aqlli» qishloq xo’jaligini rivojlantirish boʻyicha boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilishga va ishtirokchi davlatlar o’rtasida ushbu sohada tajriba almashishga tayyormiz”.
FAOning Markaziy Osiyo bo‘yicha submintaqaviy koordinatori Gutsu Viorel:
“Bugungi kunda oziq-ovqat taʼminoti jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Covid-19 pandemiyasi, inqirozlar, iqlim o‘zgarishi, aholi orasida tobora o‘sib borayotgan tengsizlik kabi muammolar talaygina. Ayni vaqtda dunyo bo‘yicha 3 mlrd odam sog‘lom ovqatlanmaydi. Bunday holatni yaxshi tomonga o‘zgartirish uchun oziq-ovqat taʼminotini yaxshilash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish zarur. Bundan tashqari, dunyo bo‘yicha o‘g‘itlar, energiya va yoqilg‘iga bo‘lgan talab va narx-navo ham oshib bormoqda. Ushbu muammolar hamkorlikda yechimni talab etadi. BMT Oziq-ovqat tashkiloti (FAO) ShHT davlatlariga birgalikda imzolangan Anglashuv Memorandumi asosida yordam berish uchun tayyor”.
Pokiston Islom Respublikasi Milliy oziq-ovqat xavfsizligi va tadqiqotlari federal vazirining birinchi o‘rinbosari Zafar Xasan:
“Pokiston tabiiy boyliklarga boy davlat, shuningdek, chorvachilik resurslari serob va qishloq xo‘jaligi sohasi rivojlangan. Ammo davlatimiz agrar sektorini modernizatsiya qilish, shu jumladan, mahsulotlarni saqlash, klasterlar, fermerlar va yer egalarini qo‘llab-quvvatlash uchun sohani kompleks rivojlantirish talab etiladi. Pokiston ShHT davlatlari bilan to‘liq hamkorlik qiladi va biz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi bunday do‘stona munosabatlar orqali zamonaviy qishloq xo‘jaligiga ega davlatga aylanishimizga ishonchimiz komil”.
Xitoy Xalq Respublikasi qishloq xo‘jaligi va qishloq ishlari vaziri o‘rinbosari Ma Yusyan:
“Oʻtgan yil davomida, pandemiyaning ogʻir davrida Xitoy oziq-ovqat va umuman qishloq xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha boshqa davlatlar bilan faol hamkorlik qildi. Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga ham respublika doirasida, ham bu borada boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilishga katta e’tibor qaratilmoqda. Shu munosabat bilan mamlakatlar o‘rtasida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, sifatli tuproq, savdo-iqtisodiy aloqalar va boshqa masalalar bo‘yicha turli formatdagi seminarlar, forumlar va uchrashuvlar o‘tkazish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz. ShHTga aʼzo boshqa davlatlar bilan birgalikda ilm-fan, shuningdek, “aqlli” qishloq xoʻjaligi sohasida kadrlar siyosatini kuchaytirish maqsadga muvofiqdir”.
Hindiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va fermerlar farovonligi vazirligi kotibi Chauxan Shri Ritesh:
“Davlatimiz qishloq xo‘jaligi sohasida oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi hamkorligimizni yuqori baholaydi. Bugungi murakkab sharoitda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda ishlab chiqarish zanjirini sifatli darajaga yetkazishga ehtiyoj bor. Taʼkidlashni istardimki, mamlakatimizda fermerlarni qo‘llab-quvvatlash uchun turli dasturlarimiz ishlaydi. Ayniqsa, bugungi kunda qishloq xo‘jaligi yerlarida organik mahsulotlarni yetishtirishni ikki yarim million gektar maydonda yo‘lga qo‘yganmiz. O‘g‘itlarni balanslangan tartibda qo‘llash uchun xaritalarimiz bor va ularni 22 mlndan ortiq fermerlarga tarqatganmiz. Hindiston Respublikasining mavjud qishloq xo‘jaligi maydonlari va agrar sohadagi tajribasini inobatga olgan holda, ShHT davlatlari orasida turli yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kuchaytirishni taklif qilaman”.
Tadbirda Rossiya tomonidan qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Sergey Levin ishtirok etdi.
ShHT davlatlari Rossiyaning asosiy savdo hamkorlari hisoblanadi – so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari aylanmasi barqaror o‘sib bormoqda. Shu tariqa olti oy davomida u deyarli 17% ga oshdi. Sergey Levin ta’kidlaganidek, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish uchun bozorlarga kirishni ochish va turli cheklovlarni olib tashlash boo‘yicha ishlarni davom ettirish zarur.
Rossiya so‘nggi ikki yil davomida oziq-ovqat mahsulotlarining netto-eksportchisi bo‘lib, bug‘doy, arpa, o‘simlik yog‘lari, baliq va dengiz mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha yetakchi hisoblanadi. 2021-yilda mahalliy mahsulotlarni dunyoning 160 dan ortiq davlati xarid qilgan. Joriy yilda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida yaxshi natijalar kutilmoqda, bu esa global oziq-ovqat xavfsizligi muammolarini hal etishga katta hissa qo‘shishda davom etadi.
Tomonlar ShHTga a’zo davlatlar qishloq xo‘jaligi vazirlarining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish joyi va sanasi tashkilot Kotibiyati orqali kelishib olinishini bildirishdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: