Olma — katta-yu kichik birdek sevib isteʼmol qiladigan, foydaliligi jihatidan deyarli barcha mevalarni ortda qoldiruvchi mahsulot hisoblanadi. Bugungi kunda O‘zbekistonda olmaning 100 dan ortiq navlari yetishtirilmoqda. Butun dunyoda esa, bu ko‘rsatkich 10 000 dan ortiq navni tashkil etadi. Olma navlari bir-biridan mevalarining pishish muddatlari, ko‘rinishi, bir dona mevasining o‘rtacha og‘irligi, katta kichikligi hamda tarkibidagi qand, quruq moddasi va kislotalik ko‘rsatkichlarini turlicha bo‘lishi bilan farqlanadi.
Respublikamiz hududlarida barcha toifa xo‘jaliklari tomonidan 342 ming gektar maydonda meva va rezavorlar parvarishlanib kelinmoqda. Jami bog‘larning 146 ming gektarini yoki 42,6 foizini olmazorlar tashkil etadi. 2021-yilda hosil beradigan 111,5 ming gektar olmazorlardan 1238,2 ming tonna olma yetishtirildi. Shundan fermer xo‘jaliklaridagi jami 120,6 ming gektar olma maydonining 86,9 ming gektar hosil beradigan maydonidan 827,3 ming tonna, dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalaridagi 25,4 ming gektar olma maydonining hosil beradigan 24,6 ming gektar maydonidan 410,9 ming tonna olma hosili olindi.
Fermer xo‘jaliklarining jami 120,6 ming gektar olma maydondaridan 31,6 ming gektari intensiv usulda parvarishlaniladigan bog‘lardan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jaligi ekinlari davlat reestrida olmaning 34 dan ortiq navlari ro‘yxatga kiritilgan.
Olma ko‘chatini ekish
2014-yildan beri Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutida intensiv bog‘lar uchun olma navlarini tanlash va ekish sxemalarini ishlab chiqish mavzusida ilmiy-tadqiqot ishlari davom etmoqda. Aynan kollektsion olma bog‘ida bir xil pakana bo‘yli M-9 payvandtagida payvand qilingan 40 ga yaqin mahalliy va xorij seleksiyasiga mansub bo‘lgan olma navlari o‘rganilmoqda. Intensiv bog‘larda meva yetishtirishning maqbulligi shundaki, ushbu bog‘ maydoniga qancha ko‘p ko’chat ekilsa, hosil ham shuncha mo‘l bo‘ladi. Turli navlarda daraxtlarni biologik o‘sish kuchiga qarab, ekish sxemalari tanlanadi.
Intensiv bog‘larning afzalligi
Zamonaviy intensiv mevali bog‘lar ancha mahsuldor bo‘lib, ularni asosiy so’ruvchi ildiz tizimi yuza joylashgan bo‘ladi. Shuning uchun ular tuproqning yuza qismidagi unumdorligiga ancha talabchan. Bu bog‘larda mineral o‘g‘itlarning sarf meʼyori ancha yuqori bo‘lib, bog‘ning hosildorligiga uzviy bog‘liqdir.
Past bo’yli payvandtaglarda yetishtirilgan bog‘larda asosan tomchilatib sug‘orish tizimi qo‘llanilmoqda. Bunday sug‘orishda o‘g‘itlarning o‘zlashtirish samadorligi ortibgina qolmay, ularni tejab qolish imkoni ham mavjud. Ahamiyatlisi, odatiy bog‘larda azot va fosfor o‘g‘itlari ikkiga bo‘lib beriladi. Tomchilatib sug‘oriladigan bog‘larda o‘g‘itlarni bir necha marotaba maydalab, daraxtlarni o‘sishi va rivojlanishiga qarab, 2-3-4 va hokazoga bo‘lib berish mumkin. Bu jarayon qo‘shimcha xarajatni talab etmaydi, samarasi esa juda yuqori bo’ladi.
Olma navlari
Yoz faslining quyoshidan bahra olib, o‘zi ham tillarangda tovlanib pishadigan “Pervenes Samarkanda” olma navi 1979-yidla Toshkent viloyatida Davlat Reestriga kiritilgan. Iyun oyining oxirgi o‘n kunligidayoq dasturxonlarga yetib boruvchi olma daraxtining bo‘yi o‘rtacha 5,9 metr bo‘lib, sovuqqa chidamli. Eʼtiborlisi, ushbu nav to‘liq hosilga kirib, mevalari mo‘l bo‘lganida kichiklashishi mumkin. Shuning uchun daraxtining tanasidagi shoxlarini doimiy siyraklashtirib turish talab etiladi.
O‘zimizning mahalliy “Rustamiy” navi Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan yaratilgan. Avgust oyining birinchi o‘n kunligida pishib, isteʼmolchilarga tortiq etiladigan ushbu nav saqlashga va uzoq masofaga yetkazilishga yaroqli, dasturxonga ko‘rk bag‘ishlaydi. Ushbu nav Pakana M-IX payvandtagda uchinchi-to‘rtinchi yili mahsuldor hosilga kiradi.
Yana bir mahalliy olma navi “Oydin” bo‘lib, 2007-yildan respublikaning barcha viloyatlari bo‘yicha Davlat reestriga kiritilgan. Ushbu nav “Zolotoye Grayma” navining urug‘larini ekish orqali ajratib olingan. Iyul oyida mevasi pishib yetiladigan navning ko‘chati ekilganidan beshinchi yildan boshlab to’liq hosilga kiradi.
Olmaning “Bolajon” navi barcha xonadonlarda sevib isteʼmol qilinadi. Kuzgi nav hisoblanmish olma Kitayka 51xZolotoye Grayma navlarini chatishtirish orqali yaratilgan. 2005-yilda Toshkent viloyati bo‘yicha Davlat Reestriga kiritilgan “Bolajon” ning mevalari avgust oyida yetiladi va daraxtda 40-60 kungacha saqlanib turadi. Ko‘chati ekilganidan beshinchi yilda hosilga kiruvchi ushbu navni kuchli payvandtaglarda yetishtirganda bir tupidan 100 kilogrammgacha hosil olish mumkin. Sersuv, sarg‘ish, mevasi nordon-shirin ushbu olma navi bolajonlarning salomatligi uchun juda foydali. Uni uzoq masofalarga yetkazish, qadoqlash, qayta ishlash mumkin.
Kuniga bir dona olma yesangiz…
Mutaxassislarning aytishicha, har kuni bir dona olma iste’mol qilgan odam sog‘lom bo‘lar ekan.
Olmada C, B1, B2, P, E, A vitaminlari, kaliy, marganes va temir moddalari ko‘p miqdorda mavjud. C va B vitaminlari barcha aʼzolarda modda almashinuvini yaxshilaydi. P va E darmondorilari organizmni yoshartirib, teri va to‘qimalar holatini tiklaydi. Kaliy moddasi arterial qon bosimini meʼyorlashtirib, tish emali va suyak to‘qimalarini mustahkamlaydi. Olma tarkibidagi pektin esa organizmdan ortiqcha xolesterinni chiqarib yuborishga ko‘maklashadi, shuningdek, qandli diabetning oldini oladi. Bu modda yana yuz terisining tarang va tiniq bo‘lishida o‘z hissasini qo‘shadi.
Nordon olmadagi C vitamini immunitetni oshirishga yordam beradi. U qon tomirlar devorini mustahkamlaydi, surunkali kasalligi bor bemorlarni quvvatlantiradi. Olmadagi fitonsidlar — tabiiy antibiotik bo‘lib, shamollaganda va gripp bilan kurashishda viruslarni nobud qilishga qodir.
Olma po‘stlog‘ida qonni ortiqcha xolesterindan tozalovchi, saraton hujayralari o‘sishini to‘xtatuvchi moddalar mavjud, shu bois bu mevani po‘stini archimasdan yeyish tavsiya etiladi.
Olmaning urug‘i ham foydali. Unda yod miqdori nihoyatda ko‘p. 5-6 dona olmaning urug‘i odam organizmini 1 haftalik zaruriy yod moddasi bilan bemalol taʼminlay oladi.
Olmaning foydalilik jihati uning rangiga ham bog‘liq. Masalan, qizil va sariq rangli olmani ko‘pchilik xush ko‘radi, chunki qand — uglevod ko‘pligi bois bunday olmalar juda shirin bo‘ladi. Tibbiyot nuqtai nazaridan qaraganda esa, tarkibida pektin moddasi mo‘l bo‘lgan yashil nordon olmaning shifobaxshligi ko‘proqdir.
Qizil olmaga qaraganda yashil olmaning kaloriyasi biroz kam. Vaznni kamaytirmoqchi yoki qandli diabetdan himoyalanmoqchi bo‘lganlar, yashil olma, yaʼni nordon-shirin olmalarni isteʼmol qilgani maʼqul.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: