“Shaftoliga sal ko‘proq dori qo‘shsam, tezroq taʼsir qiladi”, deb o‘ylaydigan odamlar ham bor. Vaholanki, pestitsidning “sal ko‘pi” dori emas, zaharga aylanadi. Doriga cho‘milgan shaftolini yeyish kimga yoqadi?” – deydi Toshkent viloyatilik fermerlardan biri.
O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Yevropa Ittifoqining ASK dasturi tomonidan O‘zbekistonda maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyotini qo‘llash bo‘yicha tashkil etilgan seminar-trening davomida shu kabi dolzarb masalalar ko‘p yangradi.
Seminarning uchinchi kunida ishtirokchilar Toshkent viloyatidagi fermer xo‘jaliklariga tashrif buyurib, mashg‘ulotlarda o‘rgangan bilimlarini amaliyotda qo‘llab ko‘rishdi.
Ushbu tashriflar mobaynida trening ishtirokchilari yerlarning taqsimlanishi, almashlab ekish sxemasi, suv boshqaruvi, hasharot va zararli kasalliklarga qarshi kurash jarayonlarining maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyoti standartlariga qanchalik mos kelishini tahlil qildi.
“Aksar dehqonlar, tomorqa yer egalari ko‘pincha urfga chiqqan, yoki, deylik, qo‘shni fermer tavsiya qilgan pestidsidlarning ishlatish chastotasi, meʼyorlari haqida aniq bilmasdan foydalanadi. Bu maqbul qishloq xo‘jaligiga butunlay zid. Eng avvalo, o‘simliklar himoyasi uchun imkon qadar kimyoviy vositalarni kamaytirib, nokimyoviy, biologik yoki fizik usullardan foydalanishga o‘tish kerak. Bu bir yoki ikki yilda amalga oshadigan ish emas, ammo uzoq muddatli istiqbolda muvaffaqiyat keltiradi”, – deb taʼkidladi YEI ASK dasturi xalqaro eksperti Slavin Alenovich.
Dala tashriflari chog‘ida, shuningdek, suv va tuproqning sho‘rlanish darajasi, belgilangan standartlarga mos ekinlarni o‘stirish yuzasidan mashg‘ulotlar va test sinovlari o‘tkazildi. Trening yakunida nazariy va amaliy mashg‘ulotlar asosida test sinovlarini topshirildi. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan ishtirokchilar “Maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyoti bo‘yicha trener” sertifikati bilan taqdirlanadi.
Eslatib o‘tamiz, maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyotini joriy etish bo‘yicha seminar-treninglar 26-28 iyul kunlari Farg‘ona viloyatida davom etishi rejalashtirilgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: