Respublikamizda ayni pishshiqchilik davrida dasturxonlarimizning ko‘rki bo‘lmish mevalardan biri uzumdir. “Husayni”, “Kishmish”, “Rizamat ota” bir-biridan totli uzumlarning navlarini sanab, sanog‘iga yetolmaysiz. Uning tok ko‘chati ekilishidan tortib, toki hosili yig‘ishtirib olingungacha va mevasi kasalliklarga davo bo‘lgungacha jarayonlarga nazar tashlaymiz.
Respublikada barcha toifa xo‘jaliklarida 181 ming gektar (129 ming ga f/x va q/x korxonalarida) tokzorlar mavjud. Joriy yilda mamlakat hududida 50 ming gektar uzumzorlar barpo etish rejalashtirilgan. Ushbu tokzorlarni barpo etish uchun 61,2 mln dona tok ko‘chatlarning ekilishi ko‘zda tutilgan. Bahor mavsumida 2,7 ming gektar tokzorlar rekonstruktsiya qilindi. Barcha toifadagi xo‘jaliklarda 2022-yilda 1,8 mln tonna (o‘tgan yilga nisbatan +122 ming tn/107,2%) uzum ishlab chiqarish prognoz ko‘rsatkichlari belgilangan.
Tok ko‘chati yerlarni mustahkamlaydi
Mamlakatimizda meva-uzumchilikni rivojlantirish maqsadida yangi laboratoriyalar ochilgan hamda zamonaviy ko‘chatxonalarni tashkil etish orqali virussiz ko‘chatlar yetishtirish hamda dunyodagi mashhur xo‘raki va vinobop uzum navlarini “in-vitro” (virussiz) usulida ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan.
Tokning boshqa mevali o‘simliklarga nisbatan afzalligi shundaki, uni ko‘paytirish qulay, ko‘chati o‘tqazilgach, 2-3-yilidayoq hosilga kiradi va qulay sharoitda yaxshi parvarish qilinsa, 100, hatto undan ham ko‘p yillar meva tugishi mumkin. Tok ildiz tizimi baquvvat bo‘lgani uchun, u qurg‘oqchilikka ancha chidamli. Undan tog‘ va tog‘ oldi yerlarini o‘zlashtirish, qumli yerlar va jar yoqalarini mustahkamlashda ham foydalanish mumkin. Uni boshqa mevali daraxtlar o‘sishi ancha qiyin bo‘lgan, sho‘rlangan, toshloq, yer osti suvi yaqin (1-1,5 m) yerlarda ham o‘stirsa bo‘ladi.
Uzumning mahalliy va xalqaro navlari
Respublikada uzumning ko‘pgina mahalliy noyob navlari yetishtirilmoqda. Xususan, “Pushti toyfi”, “O‘zbekiston muskati”, “Kattaqo‘rg‘on”, “Parkent”, “Rizamat”, “Nimrang”, “Husayni kelin barmoq” kabi navlar shular jumlasidan.
Uzumning “Rizamat” navi Akademik M.Mirzayev nomli bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining Samarqand ilmiy-tajriba stansiyasida yaratilgan. Yuqori sifatli, isteʼmol qilishga va qayta ishlashga mo‘ljallangan ushbu nav kasalliklarga chidamliligi bilan ajralib turadi. Eti qattiq uzum mevasi iyul oyining dastlabki 20 kunligida to‘liq pishib yetiladi.
“Sulton” deya nomlangan mahalliy navni Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Navoiy, Toshkent viloyatlariga ekishga tavsiya etilgan. Yuqori sifatli mayiz va sharob yetishtirishga mo‘ljallangan ushbu navli tokni muntazam sug‘orib turish lozim. Sovuqqa kam chidamli “Sultoni” navi 149 kunda pishib yetiladi.
Uzumning “Parkent” navi 1973-yildan Toshkent viloyatida ekish uchun Davlat reestriga kiritilgan. Ushbu xo‘raki nav sovuqqa va shudringga kam chidamli hisoblanadi. Undan sharoblar, shampan sharoblari tayyorlanadi. “Parkent” uzumining o‘rtacha hosildorligi gektariga 120-160 sentrni tashkil etadi.
“Xishrau kishmish” navi esa Akademik Mahmud Mirzayev nomli bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining Samarqand ilmiy-tajriba stansiyasida yaratilgan. Buxoro va Navoiy viloyatlarida ko‘proq ekiladi. Avgust oyining oxirgi o‘n kunligida pishib, yetiluvchi uzumdan mayiz tayyorlash, isteʼmol qilish va uzoq masofalarga jo‘natish uchun ishlatiladi. Hosildorligi gektariga 82,6 sentrni tashkil etadi.
Shifobaxsh va dardlarga malham uzum
Uzumning shifobaxshlik xususiyati qadimdan maʼlum. U tabobatda turli kasalliklar (sil, kamqonlik, kamquvvatlik, oshqozon-ichak, siydik yo‘li, yurak xastaligi va boshqalar)ni davolashda keng qo‘llanilgan. Uzum sharbati, ayniqsa, yosh bolalar va keksalar uchun bebaho ozuqadir. U organizmda moddalar almashinuvini yaxshilash, qon tomirlarini kengaytirish, jigar faoliyatini yaxshilash, yurak muskullarini oziqlantirish, qonni tozalash va ko‘paytirishdek xususiyatlarga ega. Yangi uzilgan uzum tarkibida inson salomatligi uchun zarur bo‘lgan olma, vino, limon, qahrabo, shovul, chumoli va boshqa bir qancha organik kislotalar, kaliy, kalsiy, fosfor, natriy kabi minerallar, meva po‘sti tarkibida rang beruvchi pigmentlar, dubil moddalar bor. Shuningdek, uzum danagi yuqori qon bosimida, surunkali venoz yetishmovchiligida, suyaklarni mustahkamlashda, teri salomatligida, kognitiv xususiyatlarining pasayishida, og‘iz bo‘shlig‘i salomatligida, shishlarda, yurak salomatligini mustahkamlashda va boshqa kasalliklarning oldini olish va davolashda keng qo‘llaniladi.
Uzumning ozuqaviy qiymati uning nechog‘li yuqori kaloriyali, vitamin va minerallarga boyligini ko‘rsatadi. Xususan, 1 porsiya ya’ni 100 gr uzumda 70 kkal kaloriya, 0,6 gr oqsil, 0,6 gr yog‘lar, 0,6 gr kletchatka mavjud.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: