Bugun qum va chang bo‘ronlari, oziq-ovqat zahiralarining mo‘rtligi, nosog‘lom mahsulotlar isteʼmoli, ocharchilik kabi omillar butun dunyo ahlini tashvishga solmoqda. Ushbu muammolar ortida esa, qishloq xo‘jaligi imkoniyatlaridan noto‘g‘ri foydalanish salmoqli o‘rin tutadi.
Yevropa Ittifoqining ASK dasturi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasiga muvofiq agrar mahsulotlarning sifati, barqarorligi va xavfsizligini taʼminlashda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Shu o‘rinda, mamlakatda maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyotlarining joriy etilishiga ko‘mak berish dastur oldidagi asosiy vazifalardan biri sanaladi.
2022-yilning 19-21-iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda YEI ASK dasturi hamkorligida respublikaning turli viloyatlaridagi agrar soha ishlab chiqaruvchilarining maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyotlari (MQXA) bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga bag‘ishlangan seminar trening aynan yuqoridagi mavzuni o‘z ichiga qamrab oldi.
Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazida tashkil etilgan ushbu seminarda vazirlik vakillari va ASK dasturi ekspertlari ishtirok etishdi. Seminarda Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Anvar Djumanov, ASK dasturi ekspertlari Slaven Alenovich, Habibulla Hamdamov, Adham Ergashev, Hamdam Qarshiboyevlar o‘z chiqishlarida maqbul qishloq xo‘jaligi va atrof-muhitni himoya qilish, chorvachilik va dehqonchilikda MQXA hamda iqtisodiy samaradorlik bo‘yicha maʼlumotlarni taqdim etishdi hamda “Maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyoti” qo‘llanmasi taqdimoti o‘tkazildi.
Seminar davomida soha ekspertlari dehqonchilik va chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga tashrif buyurib, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishadi.
Shuningdek, seminar-treninglar 26-28-iyul kunlari Farg‘ona viloyatida davom etishi rejalashtirilgan. Unda muvaffaqiyatli qatnashgan ishtirokchilar maxsus sertifikatlar bilan taqdirlanishadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: