O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-noyabrdagi “Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 14-sonli Farmoni mazmuni
Farmonning maqsadi:
Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini yanada takomillashtirish, ularning qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanishdagi roli va masʼuliyatini oshirish, mahsulot yetishtiruvchi va uni qayta ishlovchilarning manfaatdorligini taʼminlashga doir bozor tamoyillarini keng joriy etish.
Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini Respublika komissiyasi muvofiqlashtiradi;
Respublika komissiyasining asosiy vazifalari:
paxta-to‘qimachilik klasterlarini tashkil etish uchun talabgorlarning arizalarini ko‘rib chiqish;
paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini, jumladan, klaster doirasida tuzilgan shartnoma majburiyatlarining bajarilishi va olingan bank kreditlarining o‘z vaqtida qaytarilishini tahlil qilib borish;
paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatida yuzaga kelayotgan tizimli muammolarni bartaraf etish bo‘yicha Hukumatga takliflar kiritib borish;
investitsiya majburiyatlarini buzgan paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyatini tugatish bo‘yicha tavsiyanoma berish.
Farmonda belgilangan tartib:
a) paxta-to‘qimachilik klasterini tashkil etish Respublika komissiyasi xulosasiga asosan Vazirlar Mahkamasining qarori bilan amalga oshiriladi. Bunda paxta-to‘qimachilik klasteriga ijara huquqi asosida yer uchastkasini berish talabgorning arizasiga asosan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi;
b) paxta-to‘qimachilik klasterlarini tashkil qilishda yetishtiriladigan yoki sotib olinadigan paxta xomashyosining kamida 50 foizini o‘zida qayta ishlash quvvati (eng kamida ip-kalava) mavjud bo‘lgan talabgorga boshqalarga nisbatan ustunlik beriladi;
v) VMning qaroriga asosan Qishloq xo‘jaligi vazirligi, «O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari» uyushmasi, tegishligiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi yoki viloyat hokimligi va paxta-to‘qimachilik klasterini tashkil qilish bo‘yicha talabgor o‘rtasida to‘rt tomonlama bitim o‘ttiz yil muddatga tuziladi. Bunda talabgor chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona yoki chet el yuridik shaxsi bo‘lgan taqdirda to‘rt tomonlama bitim yigirma besh yilgacha bo‘lgan muddatga tuziladi;
g) bir hududda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoki tegishli viloyat) barcha paxta-to‘qimachilik klasterlariga fermer xo‘jaliklari bilan shartnoma asosida faoliyat yuritishiga va fermer xo‘jaliklariga ushbu klasterlar bilan paxta xomashyosini yetkazib berish bo‘yicha ixtiyoriy ravishda fyuchers shartnomalarini tuzishga ruxsat beriladi;
d) to‘rt tomonlama bitimni bekor qilish quyidagi hollarda faqatgina sud tartibida amalga oshiriladi:
tomonlarning hech bo‘lmaganda bittasi qarshi bo‘lgan taqdirda;
tomonlarning bitimda ko‘zda tutilgan majburiyatlarini belgilangan muddatda bajarmasligi (bundan fors-major holatlar va (yoki) o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra vujudga keladigan holatlar mustasno);
qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarning uchdan ikki qismi paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan o‘zaro tuzilgan shartnoma munosabatlari uch yil davomida to‘liq bajarilmay kelinganligini asoslovchi yozma murojaatlarining mavjudligi;
e) 2022-yil hosilidan boshlab paxta xomashyosini yetishtiruvchi xo‘jalik subyektlari yer uchastkasining ijara shartnomasi bekor qilingan taqdirda, bo‘shagan yer uchastkasini qayta ijaraga berishda ushbu tumanda faoliyat yuritayotgan paxta-to‘qimachilik klasteri boshqa teng sharoitlarda ustun huquqqa ega bo‘ladi.
https://lex.uz/uz/docs/-5731033
Agar siz imlo xatolarini topsangiz, iltimos, matnni tanlab, Ctrl+Enter tugmalarini bosib bizga xabar bering
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: