Keyingi yillarda har bir hudud uchun aholining oziq-ovqat va boshqa qishloq xo‘jaligi, shu jumladan sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondirish maqsadida sohada keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bunda pomidor ishlab chiqarish hajmini kengaytirish va hosildorlikni oshirish asosiy omillardan hisoblanadi.
Maʼlumki, mamlakatimizning dehqonchilik qilinadigan yerlarining 60 foizga yaqini u yoki bu darajada sho‘rlangan bo‘lib, o‘ziga xos meliorativ, agrotexnik tadbirlar qo‘llashni hamda ekinning stress noqulay tuproq-iqlim sharoitlariga moslashgan nav-duragaylarini yangi innovatsion texnologiyalar asosida yetishtirishni talab qiladi.
Xususan, Buxoro viloyati tuproq-iqlim sharoiti o‘ziga xosligi, pomidor ishlab chiqarish hajmi aholi talabini taʼminlashdan ancha pastligi, hosildorlik darajasi esa gektaridan 20-22 tonnadan oshmasligi bilan xarakterlanadi.
Shu boisdan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari bugungi kunda ushbu viloyatda kuchsiz sho‘rlangan tuproqlar sharoitida pomidor navlar to‘plamini har tomonlama o‘rganish asosida istiqbollilarini ajratish, ularni turli sug‘orish tartibi va o‘g‘itlash meʼyorlarida o‘stirish texnologiyasini takomillashtirish ishlarini olib bormoqda.
Tajriba uchun pomidorning “Volgogradskiy”, “Seraj F1”, “Red stone”, “Vostok 36”, “Wolverine F1”, “Floradade”, “Rio-grande”, “Mahalliy”, “Campbell”, “Bobcat F1”, “Mustaqillik-28” kabi Davlat reestriga kiritilgan va turli davlatlardan keltirilgan hamda o‘zimizda yaratilgan 18 ta nav va duragaylari tanlab olingan.
Ushbu ilmiy tadqiqotlar 2022-2024-yillar mobaynida Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining Buxoro ilmiy tajriba stansiyasida olib borilishi mo‘ljallangan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: