Bugun O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutida “Tuproqshunoslik va agrokimyo” ilmiy jurnalining ilk soni taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirni institut direktori Shuhrat Bobomurodov olib bordi. Unda olimlar, professorlar va katta ilmiy xodimlar hamda soha vakillari ishtirok etishdi.
Jurnalning ushbu soni Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti faoliyatining 100 yillik tarixiga bag‘ishlab nashr etildi. Uning sahifalarida oxirgi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risidagi qiziqarli maqolalarni o‘qishingiz mumkin. Shuningdek, institut faoliyati, unda amalga oshirilayotgan ilmiy yangiliklar va tadqiqotlar ham batafsil yoritilgan.
Jurnal tahririyati o‘z oldiga agrar yo‘nalishda tahsil olayotgan talabalar va yosh tuproqshunos mutaxassis olimlarning ilmiy salohiyatini oshirish, ularni zamonaviy ilm-fan va texnologiyalarning afzalliklari bilan tanishtirib borish, respublikamizda va jahonda qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan ilmiy-amaliy jarayonlardan xabardor qilishni maqsad qilishgan.
“Tuproqshunoslik va agrokimyo” ilmiy jurnalida o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi maqolalar chop etiladi. Shuningdek, unda xorijiy davlatlardagi tuproqshunos olimlarning maqolalari ham berib boriladi. Darvoqe, jurnal bir yilda 4 marta nashr etiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: