2022-yil 11-12-iyul kunlari Toshkent davlat agrar universitetining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Alisher Xasanov boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasining Latviyadagi elchixonasi ko‘magida Latviya tabiiy fanlar va texnologiyalar universitetida bo‘lib, muzokaralar o‘tkazdilar.
O‘tkazilgan muzokaralar natijasida Toshkent davlat agrar universiteti (TDAU) va Latviya Tabiiy fanlar va texnologiyalar universiteti (LLU) o‘rtasida Qo‘shma ta‘lim dasturlarini tashkil etish to‘g‘risida shartnoma imzolandi. Endilikda talabalarimiz Latviyada tahsil olishlari va Yevropa Ittifoqida tan olingan diplomga ega bo‘lishlari mumkin.
Shartnomaga ko‘ra, o‘quv jarayoni “2+2” formulasi asosida “Oziq-ovqat texnologiyalari” va “Oziq-ovqat mahsulotlari sifati va innovatsiyalari” bakalavriat ta‘lim yo‘nalishlari bo‘yicha tashkil etiladi. Dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga Yevropa Ittifoqida tan olingan diplom beriladi.
Bundan tashqari, Latviya tomoni bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha LLU ilmiy-laboratoriya infratuzilmasidan foydalangan holda Latviyaning tabiiy-iqlim sharoitiga moslashgan o‘zbek sholisining yangi navini ko‘paytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ushbu innovatsion loyihani amalga oshirishda ikkita oliy o‘quv yurti mutaxassislari ishtirok etishadi. LLU loyihani amalga oshirish uchun Latviyadagi suv resurslarining ko‘pligini hisobga olgan holda yer uchastkasi ajratadi hamda loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, Latviyada o‘zbek guruchini ishlab chiqarishni sanoatlashtirish istiqbollari o‘rganiladi.
Muzokaralar davomida shuningdek, O‘zbekiston qovunini Latviyaga eksport qilish masalasi ham ko‘tarildi. Bu borada asosiy muammo qovunlarni to‘g‘ri saqlagan holda yetkazish hisoblanadi. Shuni inobatga olib, ushbu yo‘nalishda ham birgalikda ish olib borishga kelishib olindi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: