Respublika tuproq-iqlim sharoiti kuzda ekilgan boshoqli don ekinlari hosilidan bo‘shagan maydonlarda takroriy, ang‘iz, kuzgi oraliq ekinlarni ekib, ikkinchi, uchinchi hosilni olishga imkon beradi. O‘zbekiston hududida qadimdan sug‘oriladigan yerlardan foydalanishda dehqonlar kuzda ekilgan bug‘doy, arpadan bo‘shagan dalalarga takroriy, ang‘iz ekinlaridan tariq, qo‘noq, mosh, oqjo‘xori, turp, sholg‘om, sabzi uchun joy ajratishgan.
Qolaversa, agrar soha olimlari olib borgan tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, takroriy, ang‘iz va kuzgi oraliq ekinlar faqat qo‘shimcha don, sabzavot, poliz va yem-xashak manbai bo‘lib qolmasdan, begona o‘tlarga qarshi kurashda tuproqning fizik-suv va kimyoviy xususiyatlarini yaxshilashda ham ahamiyati katta. Bu ekinlar suv va shamol eroziyasining zararli taʼsirini kamaytiradi, tuproqni organik moddalar bilan boyitib, unumdorligini oshiradi.
Takroriy ekin sifatida mosh yetishtirish
Respublikada moshning “Navro‘z”, “Qahrabo”, “Radost”, “Durdona”, “Marjon”, “Zilola”, “Turon” kabi navlari yetishtirish uchun tavsiya qilingan. Mosh sabzavot, kartoshka, bug‘doy hosilidan bo‘shagan ang‘izga ekiladi. U juda ko‘p ekinlar – makkajo‘xori, kuzgi boshoqli don ekinlari, kartoshka, sabzavotlar, g‘o‘za uchun yaxshi o‘tmishdosh. Mosh siderat (ko‘kat o‘g‘it) ekin sifatida ham ekiladi. U ko‘kat o‘g‘it sifatida ishlatilganda g‘o‘za hosili 40-60% ortadi. Mosh o‘suv davrida gektariga 50-100 kg biologik azot to‘playdi. U ang‘izga ekilganda ham gektaridan 15-18 sentner don hosili beradi.
Ekish. Ekish uchun tozaligi 98,5%, unuvchanligi 92 % dan kam bo‘lmagan yuqori sinf urug‘lari tanlab olinadi. Ekish ang‘izda – yozda o‘tkaziladi. O‘zbekistonning janubiy viloyatlarida takroriy ekin sifatida moshni eng maqbul ekish muddati 15-iyundan 10- iyulgacha bo‘lgan davr hisoblanadi. Juda kech ekilsa, hosil sovuqdan zararlanishi yoki donlar yetilmasdan qolishi mumkin. Mosh urug‘lari qator oralari 45-50 sm, 60 sm yoki lenta usulida qo‘sh qatorlab lentalar orasi 60 sm qilib ekiladi. Bunda qo‘sh qatorlar orasi 13-15 sm bo‘ladi. Begona o‘tlardan toza, yaxshi ishlangan dalalarda moshni qatorlab (15 sm) ekish mumkin. U SPCH-6M, SPCH-8A, SZ-3,6, SZP-3,6 yoki sabzavot seyalkalarida 3-4 sm, tuproq quruq bo‘lsa 5-6 sm chuqurlikka ekiladi. Don uchun ekilganda qatorlab ekishda urug‘ ekish meʼyori gektariga 12-15 kg, yashil massasi yoki ko‘kat o‘g‘it (siderat) uchun ekilganda ekish meʼyori 50-60 kg/ga oshiriladi va yoppasiga ekiladi. Siderat uchun mosh avgust boshlarida yerga qadaladi va 4-5 marta sug‘oriladi.
Parvarishlash. Takroriy ekilgan mosh parvarishi qator oralarini kultivatsiya qilish, o‘tash va o‘suv davrida sug‘orishdan iborat. Mosh o‘suv davrida, gullash va dukkaklar hosil bo‘lish davrida gektariga 800-1000 m3 meʼyorda 1-2 sug‘oriladi. Mosh siderat ekin sifatida ekilganda, dukkaklarning hosil bo‘lishi bilan ko‘ndalangiga mola bosiladi, diskalanadi va 27-30 sm chuqurlikda haydab tashlanadi.
Hosilni o‘rib-yanchib olish. Mosh dukkaklari bir tekis yetilmaydi. Pishgan dukkaklar qorayadi, donlar o‘z naviga xos tusga kiradi. Dukkaklarning 70 % i yetilganda o‘rim-yig‘im boshlanadi. Eng qulay o‘rish usuli ikki fazada – oldin o‘rib keyin qayta jihozlangan Dominator, Keys va boshqa rusumli kombaynlar bilan yanchib olinadi. O‘rish pichan o‘rgich yoki JBA-35 va boshqa rusumli mashinalarda o‘tkazilib, dastalab ketiladi. O‘simliklar 3-4 kun mobaynida qurigandan keyin yanchib olinadi. Pichan uchun ekilganda o‘simliklar yoppasiga gullaganda yashil massasi o‘riladi. Yanchilgan, tozalangan urug‘lar namligi 15% dan ortiq bo‘lmagan holda, qoplarda yoki to‘kilgan holda, shamollatiladigan binolarda saqlanadi.
Foydali xususiyatlari. Mosh ekini tarkibida oqsil, vitaminlar bo‘lishi, to‘yimliligi, tezpisharligi bilan boshqa o‘simliklardan – loviya, no‘xat va ko‘k no‘xatdan ustun turadi. Mosh doni tarkibida oqsil 24-28%, lizin 8%, arginin 7% va vitamin B1, PPlar ko‘pdir. Mosh tarkibidagi oqsil, ayniqsa, yosh bolalar uchun foydali bo‘lib, undagi triptofan organizmda oqsilni sintez qilishga yordam beradi va qonda gemoglabinning hosil bo‘lishida qatnashadi. To‘la yetilgan mosh urug‘ida kalsiy, fosfor tuzlari go‘sht, nondagiga qaraganda ikki barobar ko‘p. Tibbiyot sohasida asabni tinchlantirish, ich ketishni to‘xtatish, jigar va buyrak faoliyatini yaxshilash, ko‘z kasalliklarini davolashda ishlatiladi. Mosh oqsilga boy, to‘yimliligi tufayli javdar, bug‘doy donlaridan 1,6-2,0 barobar, kartoshkadan 3,5 va karamdan 5 barobar yuqoridir. Mosh o‘simligini ko‘k poyasi ham, qurigan poyalari ham chorvachilikda yem-xashak hisobida ishlatiladi. Mosh soya singari ildizdagi tuganakchalar tufayli har gektaridan 30-40 kg gacha sof azot to‘playdi va tuproq unumdorligini oshiradi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: