2022-yilning 3-7-iyul kunlari TURKIY DAVLATLAR TASHKILOTI (TDT), shuningdek, IQTISODIY HAMKORLIK TASHKILOTIGA (IHT) aʼzo davlatlar qishloq xoʻjaligi vazirlari boshchiligidagi xorijiy delegatsiyalar Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan tashkil etilgan turkum tadbirlarda ishtirok etdi. Asosiy tadbirlar – Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) Qishloq xoʻjaligi vazirlarining birinchi uchrashuvi va uning doirasida oʻtkazilgan Birinchi Turkiy Agroforum, shuningdek, IHTga aʼzo davlatlar qishloq xoʻjaligi vazirlarining VII yigʻilishi boʻldi. Qolgan uchrashuvlar ishchi guruhlar yig‘ilishlari hamda TDT va IHT ishtirokchi davlatlarining qishloq xo‘jaligini rivojlantirish sohasidagi ekspertlari yig‘ilishlari formatida o‘tkazildi.
Xusrav Noziri, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi:
“Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti o‘nta a’zo davlatdan iborat. Men mezbon, O‘zbekiston Respublikasini ushbu tadbirga muvaffaqiyatli mezbonlik qilgani bilan tabriklayman, uning davomida yakuniy hujjat – Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.
Ushbu uchrashuvda tashkilotimiz doirasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Men o‘z nutqimda dunyoda butun yer shari aholisini to‘ydirish uchun yetarli miqdorda oziq-ovqat ishlab chiqarilayotganini ta’kidlad o‘tdim. Ammo, afsuski, dunyo aholisining katta qismi to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekadi, ba’zi hollarda odamlar och qolmoqda. IHT mintaqasida ham to‘yib ovqatlanmaydigan aholi qismi bor. Ushbu masala tashkilotimiz qishloq xo‘jaligi vazirlarining diqqat markazida bo‘ldi. Mazkur dolzarb masalani tezroq bartaraf etish bo‘yicha taklif va mexanizmlar ko‘rib chiqildi.
Tashkilotimizda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha maxsus mintaqaviy dastur, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha maxsus hududiy muvofiqlashtiruvchi markaz mavjud”.
IQTISODIY HAMKORLIK TASHKILOTIGA AʼZO DAVLATLAR QISHLOQ XOʻJALIGI VAZIRLARINING VII YIGʻILISHI
Keyin esa, 5-6-iyul kunlari Toshkent shahrida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga (IHT) aʼzo davlatlar qishloq xoʻjaligi vazirlarining VII yigʻilishi doirasida uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Toshkent shahridagi tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan tashkil etildi.
Asosiy ishtirokchilar – Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirlari, Pokiston Islom Respublikasi Qishloq xo‘jaligi milliy markazi direktori, Eron Islom Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi, shuningdek, xalqaro qishloq xo‘jaligi va ekologik tashkilotlarning vakillari.
Asosiy mavzu oziq-ovqat xavfsizligi va IHTga aʼzo davlatlar oʻrtasida savdoni yengillashtirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishdan iborat boʻldi. Qishloq xo‘jaligining oziq-ovqat xavfsizligi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan urug‘chilik sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
IHTga a’zo davlatlar qishloq xo‘jaligi vazirlarining VII yig‘ilishida IHT davlatlarining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Deklaratsiyasi loyihasi muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xodjayev timsolida raislik qilgan mezbon tomon BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda IHTga a’zo davlatlarning strategik sherikligi boʻyicha qator tashabbuslarni ilgari surdi:
“O‘zbekiston Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti mamlakatlari bilan jadal rivojlanib borayotgan munosabatlarni yuksak qadrlaydi. IHT davlatlari qishloq xo‘jaligi va chorvachilikni rivojlantirishning eng qadimgi markazlari hisoblanadi. Iqlim o‘zgarishi, aholi sonining ko‘payishi, atrof-muhit holatining yomonlashuvi kabi ba’zi global omillar qishloq xo‘jaligining rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda, – dedi O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev. – Shu munosabat bilan BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda IHTning oziq-ovqat xavfsizligi sohasida hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish zarur deb hisoblaymiz”.
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT). 1985-yilda Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlari tomonidan tashkil etilgan mintaqaviy davlatlararo iqtisodiy tashkilotdir. 1992-yildan boshlab 7 ta yangi davlat – Qozog‘iston, Ozarbayjon, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning ixtiyoriy ravishda a’zo bo‘lishi tufayli IHT faoliyati sezilarli darajada faollashdi. 1995-yilda BMT Bosh Assambleyasining 50-sessiyasida IHT bilan hamkorlik to‘g‘risida rezolyutsiya qabul qilindi va shundan beri IHT BMTda kuzatuvchi maqomiga ega. IHT, shuningdek, Islom hamkorlik tashkilotida (IHT) kuzatuvchi maqomiga ham ega. IHT mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarda iqtisodiy jihatlar ustunlik qiladi va siyosiy yo‘nalish kamroq namoyon bo‘ladi.
IHT DAVLATLARI DELEGATSIYALARI ISHTIROKIDAGI TADBIRLAR
2022-yil 4-iyul kuni Toshkent shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) qishloq xo‘jaligi vazirlarining birinchi uchrashuvi va Birinchi Turkiy Agroforum bo‘lib o‘tdi.
Tadbirlarda Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Bag‘dod Amreyev, qishloq xo‘jaligi sohasidagi vazirlar – Inam Karimov (Ozarbayjon), Yerbol Karashukeyev (Qozog‘iston), Askarbek Janibekov (Qirg‘iziston), Vaxit Kirishchi (Turkiya), shuningdek, kuzatuvchi davlatlarning qishloq xo‘jaligi sohasidagi vakillari Oskar Ekrosh (Vengriya) va Begmirat Atayev (Turkmaniston), bundan tashqari, tegishli idoralar rasmiylari, sohaga oid tashkilotlar va yetakchi kompaniyalar, xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.
“Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarning jadal rivojlanib borayotganini kuzatyapmiz, – deya ta’kidlab o‘tdi O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev. – Qishloq xo‘jaligi va agrosanoat TDTga a‘zo davlatlarning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy aktivi hisoblanadi. Ozarbayjon Respublikasining TDTga samarali raisligi davrida, bir qator yangi tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, ilk bor TDTga aʼzo davlatlar Qishloq xo‘jaligi vazirlarining uchrashuvini o‘tkazish tashabbusi maʼqullandi. Ushbu tadbirlarni tizimli ravishda amalga oshirish maqsadida, bizning Birinchi Turkiy Agroforumni o‘tkazish taklifimiz to‘liq qo‘llab quvvatlandi. Bugun men sizlar bilan birga ushbu tarixiy voqeada ishtirok etayotganimdan, ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu muhim tadbir biryo‘la amaliy tus olayotganidan faxrlanaman.
Turkiy agroforumda agrosanoat majmuasida iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikni kengaytirish, jumladan, a’zo davlatlar va kuzatuvchilar o‘rtasida o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishga tovar ayirboshlash va sarmoyalarni safarbar etishga e’tibor qaratildi. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad qishloq xo‘jaligidagi hamkorlikning asosiy masalalari bo‘yicha yagona muhokama maydonini yaratishdan iborat.
Tadbir doirasida, shuningdek, TDTga a’zo davlatlar ishtirokida B2B uchrashuvlari o‘tkazildi.
“Bugun biz barchamiz forum ishtirokchilarini tinglash, ehtiyojlarni aniqlab olish, rag‘batlantirish, yorqin g‘oya va biznes takliflarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun yig‘ildik, – dedi Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Bag‘dod Amreyev. – Bu borada bizda ko‘plab imkoniyatlar mavjud. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2050-yilga borib yana uch milliardga yaqin insonni oziq-ovqat bilan ta’minlash kerak bo‘ladi. Bu qishloq xo‘jaligi sohasi yana uchdan ikki qismga ko‘proq mahsulot ishlab chiqarishi kerak, degani. Bu borada oldimizga murakkab ish turibdi”.
Qabul qiluvchi mamlakat qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjaev moderatorligida o‘tkazilgan TDT Qishloq xo‘jaligi vazirlarining birinchi yig‘ilishida tomonlar qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavjud hamkorlikni baholadilar, shuningdek, agrar va oziq-ovqat sohalarining qator yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish va kuchaytirishning asosiy masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Texnologiyalar, tajriba, ilg‘or amaliyotlar almashish orqali qishloq xo‘jaligi salohiyatini oshirish va unumdorligini yuksaltirish, o‘simliklardan tayyorlangan mahsulotlar va dorivor giyohlar ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik qilish imkoniyatlarini o‘rganib chiqish kabilar shular jumlasidan. Shuningdek, aʼzo davlatlar va kuzatuvchilar oʻrtasida qishloq xoʻjaligi savdosi salohiyati va qishloq xoʻjaligi tovarlari bilan mintaqalararo savdoni koʻpaytirish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, TDTning agrar sohadagi asosiy yo‘nalishlari, xususan, zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yechimlarni joriy etish, yer-suv resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek, bilim va tajriba almashinuvi, eng yaxshi amaliyotlarni qo‘llash va ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish bo‘yicha ekspertlik ishchi guruhlarini tuzish to‘g‘risidagi rasmiy Bayonnomani imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Vazirlar yig‘ilishini har yili TDTga a’zo davlatlardan birining hududida tomonlar tashabbusi bilan yoki alifbo tartibida o‘tkazish rejalashtirilgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: