Bir necha oydan so‘ng respublikamizda paxta hosilini yig‘ib-terish ishlari boshlanadi. Bugungi kunda eng avvalo, paxta dalalalardagi g‘o‘za parvarishiga eʼtibor qaratish lozim. Iyul va avgust “hosilga hosil qo‘shish” oylari hisoblanadi.
Respublikada 2022-yil hosili uchun 1 mln 34 ming 223 gektar maydonga chigit ekilib, parvarish qilinmoqda.
Ayni kunlarda parvarishlanayotgan g‘o‘zalarining 219 715 gektari (21,2 foiz) gullash, 349 ming 506 gektari (33,8%) 1-2 ko‘sak, 291 ming 806 gektari (28,2%) 3-4 ko‘sak, 173 ming 196 gektari (16,7%) 5-6 ko‘sak fazasida rivojlanmoqda.
Agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish
G‘o‘za nihollarini gullash va hosil to‘plash davrida agrotexnik tadbirlarga eʼtibor berish sifatli hosilning kafolati demakdir. Shuning uchun ham g‘o‘zalar gulga kira boshlaganda mineral o‘g‘itlarning yillik meʼyoridan qolgan qismini gektariga sof holda 70-75 kg azot (ammiakli selitra 210-225 kg) va 40-50 kg fosfor (ammofos 80-100 kg yoki oddiy superfosfat 220-275 kg yoki suprefos 170-215 kg) beriladi.
O‘suv davridagi 3-oziqlantirish muddati g‘o‘zada gullash davri boshlanganda (1-5-iyuldan kechiktirmay) amalga oshirilishi kerak. Agar g‘o‘zani oxirgi oziqlantirish iyul oyining ikkinchi o‘n kunligidan kechiktirilsa, uning rivojlanish davri cho‘zilib, shoxlari g‘ovlab ketadi va ko‘saklar ochilishi kechikadi.
G‘o‘zaning bo‘yiga ortiqcha o‘sishini to‘xtatish, hosil elementlari sonini ko‘paytirish, berilgan suv va mineral o‘g‘itlardan samarali foydalanishda o‘sishni sozlovchi preparatlardan foydalanish muhim sanaladi.
Ana shunda g‘o‘zaning g‘ovlashi va ortiqcha bo‘yiga o‘sishiga barham beriladi, hosil elementlarining soni ortib, shona va gullarning shakllanishi va to‘planishi kuchaytiriladi. Shuningdek, o‘simlikni maqbul o‘sishi va rivojlanishi taʼminlanadi, kasallik va zararkunandalarga chidamliligini oshiradi, ertaki va mo‘l hosil yetishtirishga zamin yaratadi.
Buning uchun unga tarkibida mepikvat xlorid bo‘lgan kimyoviy preparatlar “Sojean”, “Entojean”, “Super star”, “Ximjean”, “Mepikvat xlorid” va boshqalarni qo‘llash tavsiya etiladi. Ushbu preparatlar sug‘orishdan 5-7 kun avval yoki sug‘orishdan 5-7 kun keyin OVX va boshqa purkagich moslamalar yordamida sepiladi. Natijada g‘o‘za bo‘yiga o‘sib, g‘ovlashining oldi olinadi. Shuningdek, qo‘lda chilpishga hojat qolmay, ko‘sak qurtining zarari 50-60%ga kamayadi. Eng muhimi, ko‘saklar ochilishi 15-20%, pishib yetilishi 5-7 kunga tezlashadi. Paxta hosili 3,0-8,0 sentnerga ortadi va tolaning sifati 30-40% ga yaxshilanib, iqtisodiy samaradorlik va rentabellik darajasi ortadi.
Respublikamizlda bahorning so‘nggi oyidagi salqin-namgarchilik kunlardan so‘ng havo-harorati keskin ko‘tarilib ketdi. Bu esa, g‘o‘zani noqulay ekstremal sharoit va issiq jaziramada zararlanishiga olib kelishi mumkin. Buning oldini olish uchun o‘simlikni stressga chidamliligini oshiradigan Aminozol stimulyatorini 1,0 l/ga meʼyorda qo‘llash yaxshi samara beradi.
G‘o‘za rivojining ushbu nozik davrida zararkunandalarga qarshi kurashishga alohida eʼtibor qaratish lozim. Bunda, har 2 gektarga 1 donadan feromon tutqich o‘rnatish va ko‘sak qurti kapalaklari tuxumiga qarshi gektariga 1-1,5 gr.dan trixogramma biomahsulotini kechki salqinda tarqatish kerak.
G‘o‘zada trips va qandala tarqalgan maydonlarda ichdan taʼsir etuvchi (imidoklaprid, tiometaksam, atsetamiprid asosli) preparatlar bilan kimyoviy ishlov berish va bir haftadan keyin gektariga 1000-2000 donadan oltinko‘z biomahsuloti qo‘yish yuqori samara beradi.
Shuningdek, g‘o‘za maydonlarida o‘rgimchakkanaga qarshi (propargit, geksotiazoks, flufenzin, fenpiroksimat, abamektin+spirodeklofen asosli) maxsus akaritsidlar bilan, ko‘sak qurti tuxum qo‘ygan maydonlarni alohida nazoratga olish va 100 tup g‘o‘zaga 5-6 dona ko‘sak qurti lichinkasi to‘g‘ri kelgan maydonlarda (indoksakarb, emamektin benzoat, emamektin benzoat+lyufenuron, xlorantraniliprol asosli) insektitsidlar bilan kechki salqinda ishlov berish shakllanayotgan hosilni saqlash zaminini yaratadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: