2022-yilda respublikamizda fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 158 ming 894 gektar maydonga tarvuz va qovun ekinlari ekish belgilangan.
Bugungi kunga qadar asosiy maydon, bog‘-tok qator oralari va lalmi yerlarga 114 ming 790 gektar poliz ekinlari ekilib, ushbu maydonlardan jami 510,9 ming tonna (qovun 74,7 ming tonna, tarvuz 431,6 ming tonna) mahsulot yetishtirildi. Shuningdek, g‘alladan bo‘shagan 30,1 ming gektar maydonga poliz ekinlari ekildi.
Qovun: navlari, yetishtirish va hosilni yig‘ib olish
Urug‘i va ko‘chatidan yetishtirish. Qovun yetishtirishda yuqori toifa va sinflarga mansub, navdorligi 99% va unuvchanligi 90-95%dan kam bo‘lmagan urug‘ tanlab olinadi. Respublika markaziy qismidagi viloyatlarda qovun urug‘larini maxsus plyonka xaltachalarga ekish mart oyining dastlabki o‘n kunligida boshlanadi. Janubiy viloyatlarda 10-15 kun oldin, shimoliy viloyatlarda esa 10-15 kun kech bajariladi. Shuningdek, qovunni ko‘chati orqali yetishtirish esa, undan erta hosil olishga imkon beradi. Ko‘chatlar maxsus ko‘chatxonalarda tayyorlanadi. Issiqxonalar yo‘q sharoitlarda ko‘chatlarni yetishtirish uchun chuqurligi 0,8 sm, kengligi 1,0-1,2m va uzunligi ixtiyoriy ravishda xandaklar qaziladi. Xandaklarga 15-20 sm qalinlikda chirimagan go‘ng, uning ustiga 20 sm qalinlikda elangan tuproq solinadi va polietilen plyonka tortilib har 10×10 sm orаliqda teshib chiqiladi. Ochiq dalaga ekishga bir xafta qolganda ko‘chatxona darchalari ochilib, o‘simliklar tashqi muhitga chiniqtirib boriladi.
Qovun ekiladigan yerlar. O‘zbekistonning barcha tuproqlari qovun o‘stirish uchun yaroqli hisoblanadi. U quyosh nuri hamisha tushib turadigan, unumdor, yengil qumoq bo‘z tuproqli yerlarda yaxshi o‘sib, sifatli yuqori hosil beradi va fuzarioz so‘lish kasalligiga kam chalinadi. O‘tloqli yerlarda esa, qovun mo‘l hosil bermaydi.
Parvarishlash. Ushbu ekinni yaganalash, tuproqni yumshatish, oziqlantirish, chopiq qilish, sug‘orish, palaklarni to‘g‘rilash, begona o‘tlar va zararkunandalarga qarshi kurashish orqali uni parvarish qilinadi.
Qovun yetishtirishni tezlashtirishning eng samarali usuli ochiq yerlarga ekinni ko‘chatdan ekishdir. Qovunning yosh ildiz qismi o‘ta nozik bo‘lib, zararlanishga juda moyil bo‘ladi. Shuning uchun ko‘chatni joydan joyga ko‘chirib, tuvaksiz usulda yetishtirish mumkin emas.
Qovun navlari: Respublikada qovunning “Mahalliy sariq handalak”, “Ko‘k kallapo‘sh”, “Kichkintoy”, “Obi-novvot”, “Ko‘ktinni-1087”, “Oq urug‘-1137”, “Shakarpalak-2580”, “Suyunchi-2”, “Zar gulobi” kabi navlari yetishtiriladi.
Kasalliklari: O‘zbekistonda eng ko‘p zarar keltiradigan qovun kasalliklari rizoktonioz, fuzarioz so‘lish, un-shudring va boshqalar, zararkunandalardan qovun maysa pashshasi va qovun pashshasi, poliz shirasi, o‘rgimchakkana, kemiruvchi ko‘kqurt tunlami kabilardir. Kasalliklarga qarshi kurashish uchun esa, o‘z vaqtida agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish lozim.
Hosilni yig‘ish. Shirinligi tilni yoradigan qovunni pishib-yetilganlarini tanlab olinib, palagidan uziladi. Qovun hosili odatda bir mavsumda ikki-uch marta yig‘ib olinadi. Kech muddatda ekilgan kechki navlar esa bir marta yig‘ishtiriladi. Ushbu hosilni uzoq muddat saqlash uchun, dalada uzilgandan keyin 3-4 kun quyoshda toblab, so‘ngra omborxonalarga joylanadi. Har 15-20 kunda mahsulotlar holati qarab boriladi.
Tarvuz: kamqonlikka davo, nurlanishdan himoyalovchi issiqsevar ekin
Urug‘i va ko‘chatidan yetishtirish. Tarvuzdan mo‘l va sifatli hosil olish uchun, navdorligi 99% va unuvchanligi 90-95% dan kam bo‘lmagan urug‘lar ekiladi. Urug‘larning unib chiqishini tezlashtirish va 100 foiz natijaga erishish uchun ekish oldidan mis kuporosi 0,5-1,0% li eritmasida 1 soat davomida ivitib olinadi.
Tarvuzni parvarishlash. Ushbu poliz ekinini parvarishlash o‘simliklarni yaganalash, tuproqni yumshatish, ekinni oziqlantirish, chopiq qilish, sug‘orish, palaklarni to‘g‘rilash, begona o‘tlar va zararkunandalarga qarshi kurashishdan iborat.
Ertaki tarvuz mahsulotlarini tuproqni mulchalash, ekinni ko‘chatdan ekish, vaqtinchalik plyonka-yopqich ostida ko‘chatidan va urug‘idan mulchalab ekish, himoyalangan isitiladigan va isitilmaydigan issiqxonalarda yetishtirish kabi usullar yordamida yetishtiriladi.
Tarvuz qurg‘oqchilikka juda chidamli bo‘lishiga qaramay, respublika sharoitida uni sug‘orib, parvarishlash kerak. Biroq haddan tashqari sernam tuproq tarvuz ekiniga salbiy taʼsir etadi. Sernam tuproqda mevadagi qand moddasi kamayadi, po‘sti qalinlashadi, har xil zamburug‘ kasalliklariga, jumladan, fuzarioz-so‘lish kasaliga chalinadi.
Navlari. Davlatimizda tarvuzning bir nechta navlari mavjud. O‘zbekiston Respublikasi Davlat reyestrida tarvuzning 47 ta navlari hududlashtirilgan. Shulardan 15 ta mahalliy, qolgani chet el navlaridir. “Dilnoz”, “Manzur”, “Qo‘ziboy-30”, “Hayit Qora”, “Shirin Sharq neʼmati” kabi navlar mahalliy hisoblanadi.
Hosilni yig‘ishtirish. Birinchi hosil iyun oyining uchinchi dekadasida, ikkinchi hosil iyun oyining birinchi yarmida va uchinchisi may oyining uchinchi o‘n kunligida olinadi. Takroriy muddatda ekilgan tarvuz sentyabr oyining uchinchi o‘n kunligida yetiladi va yoppasiga terib olinadi. Albatta, tarvuzni pishib yetilish davri ob-havo, tuproq sharoiti, ekish muddatlari, navlarning erta yoki o‘rtapisharligiga bog‘liq holda o‘zgarishi mumkin.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: