Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ITIda oltinsimon qorag‘atning yangi va introduksiya qilingan (hududimiz uchun xos bo‘lmagan) navlari va duragaylarini o‘rganish ishlari olib borilmoqda, buning natijasida rezavor mevaning yangi navlari yaratildi.
Institutda olimlar oltinsimon qorag‘atning yangi yaratilgan “Siyuma”, “Ruxshona”, “Muhabbat”, “Uzbekskaya sladkaya”, “Gulnoz”, “Iroda”, “Yodgor”, “Nargiz”, shuningdek, introduksiya qilingan “Lyovushka”, “Vika”, “Asya”, “Valentina”, “Podarok”, “Ariadna” hamda “3759/6” gibridi degustatsiyasini o‘tkazishdi. Institut seleksioneri Hilola Abdullayeva degustatsiya jarayonida yangi navlarga alohida tavsif berib o‘tdi. Bu navlar yuqori hosildorligi, transportabelligi, abiotik omillarga chidamliligi, inson salomatligi uchun zarur bo‘lgan makro va mikroelementlarga boyligi bilan ajralib turadi. Bugungi kunda oltinsimon qorag‘atning “Uzbekskaya sladkaya”, “Oydin” va “Yodgor” nomli uchta navi hujjatlari Davlat nav sinov markaziga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligiga taqdim etildi.
Oltinsimon qorag‘at qurg‘oqchilikka, issiqqa, sovuqqa chidamliligi, kam kislotali va kuchsiz ishqoriy tuproqlarga moslashuvchanligi bilan ajralib turadi, deyarli har qanday tuzilishdagi tuproqlarda unib-o‘sadi. Oltinsimon qorag‘atni O‘zbekistonning barcha hududlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham o‘stirish mumkin. Ayni kunlarda akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ITI ilmiy xodimlarining talabalari Buxoro, Surxondaryo, Andijon, Farg‘ona viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida bir qancha navlarni yetishtirish ustida ishlamoqda. Aytish joizki, akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ITIda keyingi yillarda olmaning 500 ga yaqin, nokning 50 dan ortiq, behining 25, dukkaklilarning 300, rezavorlarning 150 ga yaqin, sitrus o‘simliklarining 60 ta navi yetishtirilmoqda va yangi navlar ro‘yxati doimiy ravishda o‘sib borayapti.
Oltinsimon qorag‘at inson tanasi uchun juda ko‘p foydali xususiyatlarga ega, xususan: u toksinlar va shlaklardan tozalaydi, og‘ir metallarning tuzlarini chiqaradi, yengil peshob haydovchi ta’sirga ega, qon ivish xususiyatini pasaytiradi, bu esa yurak xurujidan himoya qiladi. Qonda gemoglabin darajasini nazorat qiladi, ovqat hazm qilish faoliyatini normallantiradi, ishtahani ochadi, miya faoliyatini yaxshilaydi, yurak mushaklarini mustahkamlaydi, kapillyar devorlar elastikligini ta’minlaydi, quvvat beradi, jismoniy chidamlilikni oshiradi.
Qorag‘at mevalari qayta ishlangan holda ham o‘z qiymatini saqlab qoladi. Ushbu rezavor mevadan shakarlangan qotirilgan sukatlar, sharbatlar, kompotlar, murabbo, jem, vino tayyorlanadi. Qorag‘at kompoti yozgi jaziramada chanqoqni yaxshi qondiradi. Mevalar muzlatish uchun mos bo‘lib, ozuqaviy qiymatini yo‘qotmasdan yangi hosilga qadar saqlanishi mumkin.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: