Mamlakatimizda aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta‘minlash, sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan talabni qondirish va ularning turlarini kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 23.10.2019-yildagi “2020-2030-yillarda O‘zbekiston Respublikasining qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq “ishlab chiqarishga integratsiyalangan bilim va axborotning yangi samarali shakllarini qo‘llash va tarqatish” ustuvor vazifa etib belgilandi.
Noan‘anaviy sabzavot ekinlari seleksiyasi va urug‘chilikni rivojlantirish muhim masala hisoblanadi. Yuqori hosildor, kasallikka chidamli, sifatli va qimmatli moddalarga boy navlarni joriy etish ham ahamiyatli. Yangi navlarni yaratish va yetishtirish texnologiyalarini ishlab chiqish mamlakatimizda sog‘lom ovqatlanishning asosi bo‘lgan sabzavot ekinlari turlarini yana-da kengaytirish imkonini beradi.
Bamiya mevalari achchiq qalampirga o‘xshab ketadi va qutisimon piramida shakliga ega. Bamiyaning taʼmi yosh baqlajon yoki sparja loviyasi va qovoqchanikiga yaqin. Yetishtirishda joy tanlamaydi, qurg‘oqchilikka chidamli.
«Ushbu noyob va istiqbolli o‘simliklar yaqin kelajakda mamlakat aholisini vitaminlarga boy sabzavotlar, sanoat xomashyosi va chorva uchun ozuqa bilan ta‘minlashda muhim rol o‘ynaydi. Bamiya mevalari va poyalari qog‘oz sanoatida ishlatiladigan xom tolaga ega. Bamiya tarkibidagi shilliq moddalar qog‘ozni yopishtirish uchun ishlatiladi, mevalaridan qandolat mahsulotlarini pishirishda ishlatiladigan vositalari olinadi. Bamiya mevalari siydik chiqarish tizimi kasalliklari va surunkali ichketishda foydali, – deydi Sabzavotchilik, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institut direktorining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Bahodir Ibrohimov.
Sabzavot tabiiy sharoitda Hindiston, Afrika, Shimoliy Amerikaning janubiy tumanlarida o‘sadi. Butun dunyoda 120 ming gektardan ortiq maydonda ekiladi. BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) maʼlumotlariga ko‘ra, 2021-yili jahon miqyosida 10,1 mln tonna bamiya hosili olingan.
O‘zbekistonda bamiya 2018-yildan buyon yetishtirib kelinmoqda. Samarqand, Andijon, Toshkent viloyatlarida 200 gektar maydon ushbu ekin uchun ajratilgan. Bir gektardan 13-14 tonnagacha hosil olinadi.
Bugungi kunda respublikaning yirik savdo rastalarida ushbu sabzavot sotuvga chiqqan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: