O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida vazir maslahatchisi Alisher Shukurov Argentinaning Rossiyadagi (o‘rindoshlik asosida O‘zbekistondagi) elchisi Eduardo Antonio Zuayn (qarorgohi Moskva shahrida) bilan uchrashdi.
Uchrashuv avvalida mehmonlar respublikamizda agrar sohadagi islohotlar, zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish va eksport salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan jarayonlardan xabardor qilindi.
Geografik jihatdan olisda joylashgan bo‘lishiga qaramay, Argentina bilan davlatimiz o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lishi taʼkidlandi.
Eduardo Antonio Zuayn esa, Argentina tomonidan davlatimiz bilan bog‘dorchilik, chorvachilik, oliy taʼlim sohalariga qiziqish bildirilayotganini va bu yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish lozimligini qayd etdi.
Shunungdek, respublikamizdagi AKIS agroxizmatlar markazi faoliyatida Argentina tajribasi bo‘yicha yangi tadqiqotlar o‘tkazish lozimligi muhokama qilindi. Shuningdek, Toshkent davlat agrar universiteti va Argentina agrar universitetlari o‘rtasida magistratura va doktorantura bosqichlarida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni amalga oshirish bo‘yicha ham to‘xtamga kelindi.
O‘zbekiston tomon Argentina biznes vakillariga cho‘lli hududlarda chorvachilikni yo‘lga qo‘yishda investitsiya kiritish imkoniyatlar mavjudligini maʼlum qilishdi.
Uchrashuv yakunida Argentina Qishloq xo‘jaligi vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, tashkilotlar o‘rtasida muhim istiqbolli yo‘nalishlarni belgilash maqsadida onlayn videokonferensaloqa uchrashuvlarini o‘tkazishga kelishib olindi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: