Dunyo hamjamiyati tabiatga ziyon yetkazmasdan insoniyatning xavfsizligi va salomatligi uchun zarur bo‘lgan tabiiy resurslarni ko‘paytirishga intilmoqda. Jumladan, xavfsiz bo‘lgan quyosh energiyasidan bugun ko‘plab sohalarda foydalanilmoqda. Ayniqsa, quyosh energiyasini fotoelektrik batareyalar yordamida elektr quvvatiga aylantirish va undan turmushda keng foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu usul yordamida mamlakatimiz sharoitida iyul oyida quyosh batareyalarining bir kvadrat metr sirtidan ko‘pi bilan 120-150 vatt elektr energiyasi olish mumkinligi isbotlangan.
Bundan tashqari, quyosh kollektorlari (quyosh panellarini birlashtirish tizimi) yordamida uning energiyasini issiqlik quvvatiga aylantirish mumkin. Shu yo‘l bilan mavsumga qarab 40 darajadan 60-70 darajagacha issiq suv olsa bo‘ladi.
Taʼkidlash lozim, issiqxonalarni mavsumiy isitish, mevalarni quritish va qayta ishlash, sovutish kameralari, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari hamda kichik sug‘orish nasoslarini elektr energiyasi bilan taʼminlashda quyosh qurilmalaridan foydalanish yuqori samara beradi.
Qishloq xo‘jaligi sohasida ham quyosh enegriyasidan foydalanish fermer va klasterlar uchun ko‘pgina qulayliklar yaratmoqda. Xususan, Samarqand viloyatidagi “Oxalik oltin bog‘i mevasi” fermer xo‘jaligi umumiy 984 gektar yer maydoniga ega bo‘lib, 2017-yil noyabr oyida undagi 3 ta bog‘da jami 5 to‘plam quyosh batareyasi o‘rnatilgan.
Har bir to‘plamְְ 45 Kvt tok ishlab chiqaradi. Bir to‘plam quyosh batareyasi 220 dona paneldan iborat. 5 dona quduqda 37 kvt quvvatga ega chuqurlik nasoslari o‘rnatilgan bo‘lib, ularning har biri 120m3\soat suv chiqaradi. Bu esa, 50 gektar maydonni sug‘oradi.
1 kunda navbati bilan 3 ta chuqurlik nasoslari ishlatiladi. Ya’ni, 37 kvt\soat nasoslari 1 soat ishlasa, 111 kvt tok sarflaydi. Bir kecha kunduzda 6 soat ishlasa, 666 kvt tok sarflanadi. Ekinlarni sug‘orish mavsumi 4 oy davom etsa, bunda energiya sarfi 53280 kvt ni tashkil etadi. Sug‘orish davrida kunlik soatlar uzayishi mumkin. Shunga ko‘ra, tok sarfi ham ortadi.
“Oxalik oltin bog‘i mevasi” fermer xo‘jaligida ushbu quyosh batareyalari yordamida sug‘orishdan 2021-yilda 154 million so‘m miqdoridagi elektr-energiyasi sarf-xarajatlari tejab qolindi. Bu esa, 132 nafar doimiy, yig‘im-terim davrida 4000 nafargacha mavsumiy ishchilar ishlaydigan fermer xo‘jaligi uchun yaxshigina daromad demakdir. Tejab qolingan mablag‘ fermer xo‘jaligining texnika-texnologiyalarini yangilashga va ishchilarning shart-sharoitlarini yaxshilashga yo‘naltiriladi.
Ekinlarni quyosh batareyalari yordamida sug‘orish fermerlar uchun daromad va imkoniyat manbai ekanligi sohada o‘z isbotini topmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: