Bugungi kunda fuqarolarning turmush tarzini yaxshilash, daromadini oshirish va ularni ish bilan band qilish maqsadida ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarga ochiq elektron tanlov orqali ijara huquqi asosida yer maydonlari ajratilyapti. Xususan, respublikaning Andijon viloyati tumanlarida fermer xo‘jaliklari va klasterlar tasarrufidagi paxta va g‘alla ekinlaridan qisqartirilgan yerlar hisobidan 0,10 gektardan 1 gektargacha bo‘lgan o‘lchamdagi yer maydonlari xuddi shu tartibda fuqarolarga berilyapti.
Bugunga kelib viloyat bo‘yicha 4435,8 gektar maydon turli daftarlarga kiruvchi 35 927 nafar fuqaro uchun mo‘ljallangan bo‘lib, yerga ega bo‘lganlar ushbu maydonlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishmoqda.
Mazkur chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-noyabrdagi PQ-20-son “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori asosida amalga oshirilmoqda.
Unga ko‘ra, zahiraga qaytarilgan yer maydonlarini dehqon xo‘jaligi tashkil etgan holda sabzavotchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish kabi loyihalarni amalga oshirish uchun fuqarolarga 0,10 gektardan 1 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda ochiq elektron tanlov orqali 10 yilga ijaraga berish belgilab berilgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: