Respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarning ijobati shakllangan qonunchilik bazasiga, jumladan, norma ijodkorligiga bog‘liq. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini rasmiy til uslubidan va yuridik atamalardan foydalangan holda to‘g‘ri va xatosiz tayyorlash uchun esa xodimlar bilimli va salohiyatli bo‘lishlari lozim. Qishloq xo‘jaligi vazirligida “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi amaliy seminar aynan soha vakillarining bu boradagi bilim va salohiyatini oshirish maqsadida tashkil etildi.
Seminarni qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Eshmirza Abdualimov qonun ijodkorligida adabiy til meʼyorlariga va imlo qoidalariga rioya etilishi mavzusidagi kirish so‘zi bilan ochib berdi. Yuridik boshqarma boshlig‘i Ulug‘bek Burxanov “Qishloq xo‘jaligi vazirligida norma ijodkorligi faoliyatini tashkil etishda yuzaga kelayotgan muammolar bo‘yicha ishtirokchilarning savollariga javoblarini yo‘lladi. Adliya vazirligining Ekologiya va yer qonunchiligi bo‘limi boshlig‘i Xidirali Sodiqov o‘zining maʼruzasida Qishloq xo‘jaligi vazirligida norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, tadbirda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish masalalari, bu boradagi muammolar va yechimlar borasida ham fikr-mulohazalar bildirildi.
Ushbu seminar vazirlik rahbar va xodimlarining normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishdagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, vazirlikning norma ijodkorligi faoliyati sifatini yanada oshirish, umuman agrar tarmoqda amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy ta’minlashda o‘z natijasini ko‘rsatishiga ishonch bildirildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: