Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ekishdan tortib, uni qayta ishlagan holda qadoqlash orqali isteʼmolchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan jarayonni qamrab olgan korxonalar sanoqli. Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida joylashgan “TNA AGROINVEST” klasteri bu borada o‘ziga xos tajribaga ega. Ushbu korxona O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bozorida quritilgan sabzavot va mevalarni ishlab chiqarish bo‘yicha faoliyat yuritadi.
Hozirda “TNA AGROINVEST” XK 500 gektar yerni o‘zlashtirmoqda. Bu yerda meva-sabzavot yetishtirilib, yig‘ib olinadi va qayta ishlanadi. 2016-yilda zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan, xalqaro standartlarga javob beradigan qayta ishlash korxonasi barpo etildi. Zavod bisotida yetakchi ishlab chiqaruvchilarning birlamchi qayta ishlash liniyalari, kesish mashinalari, bug‘ qozonlari, quritish liniyalari, optik va lazerli saralash liniyalari mavjud.
Zavodning o‘rtacha sutkalik qayta ishlash hajmi 80 tonnani tashkil qiladi. Korxona faoliyatini 80 dan ziyod yuqori malakali xodimlar ta’minlab kelmoqda. Assortimentda 8 turdagi mahsulotlar mavjud. Ishlab chiqarish uchun xomashyo O‘zbekistonda yetishtiriladigan saralangan sabzavot va mevalar hisoblanadi.
2020-yilda Gollandiya texnologiyasidan foydalangan holda shisha qoplamali issiqxona qurildi. U 3 gektar maydonni egallaydi. Ushbu konstruksiyaning eksklyuzivligi shundaki, u energiyani tejash, yorug‘lik o‘tkazuvchanligi va shamollatishning optimal nisbati bo‘yicha raqobatchilardan ustundir, bu sabzavot, ko‘katlar hosilini maksimal darajada oshirishga yordam beradi.
Ishlab chiqaruvchi mahsulotni quritish uchun noyob texnologiyalarga ega bo‘lib, unda nafaqat barcha organoleptik xususiyatlar, balki vitaminlar va minerallar ham saqlab qolinadi. Mahsulotlar tarkibida konservantlar va bo‘yoqlar mavjud emas va qadoqlash ularni uzoq masofalarga tashish imkonini beradi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: