O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Barqaror rivojlantirish bo‘yicha innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar klasteri bilan hamkorlikda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida (“TIQXMMI” MTU) vazirlikning 13 ta hududiy boshqarmalari geoaxborot texnologiyalari va raqamlashtirish yo‘nalishidagi mutaxassislari uchun o‘quv treningini tashkil etdi.
Treningda “TIQXMMI” MTU o‘qituvchilari va Toshkent shahar hokimligi mutaxassislari tomonidan geoaxborot tizimlari, ESRI kompaniyasining (AQSH) ArcGIS dasturlari, mobil geoaxborot ilovalari hamda Trimble kompaniyasining zamonaviy GPS qurilmalari bilan ishlash, koordinatalar tizimidan foydalanish kabi mavzularda qator maʼruza va amaliy mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv doirasida qishloq xo‘jaligi sohasida hududlarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning geoaxborot texnologiyalari dasturiy taʼminotlari, geomaʼlumotlar bazalari bilan ishlash, tahliliy maʼlumotlarni shakllantirish masalalarida bilim va ko‘nikmalari oshirildi.
Trening yakunlari bo‘yicha tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: