13-14-iyun kunlari Toshkent davlat agrar universitetida O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan “Yevropa Ittifoqining qonunchilik bazasi va uning O‘zbekistonda organik mahsulotlar ishlab chiqarishga taʼsiri” mavzusida xalqaro o‘quv trening o‘tkazildi. Ushbu tadbir Germaniya Xalqaro Hamkorlik Jamiyati (GIZ) bilan o‘zaro hamkorlikda “O‘zbekistonda ekologik toza hisoblangan organik mahsulotlar ishlab chiqarish” loyihasi bo‘yicha kelishuvga erishishning amaliy natijasi sifatida bo‘lib o‘tdi.
Unda xorijiy ekspertlar, vazirlik va idoralar vakillari, fermerlar, professor o’qituvchilar, talabalar ishtirok etishdi.
Tadbirda Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti “GIZ” ning organik ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekistondagi guruh rahbari Elizabet Reg so‘zga chiqib, respublikada ushbu sohada ijobiy o‘zgarishlarga erishilgani, eʼtibor va shart-sharoitlar yaratilganini alohida eʼtirof etdi.
“Ushbu o‘quv seminarni tashkil etishdan asosiy maqsad, Yevropa bozoriga chiqishda qishloq xo‘jaligida yetishtirilayotgan organik mahsulot qaysi talablarga javob berishi kerak va biz bu borada qanday ishlarni amalga oshirishimiz lozimligini o‘rganishdan iborat”, deya ta’kidladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi “Organik ishlab chiqarish va maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyotini rivojlantirish boshqarmasi” boshlig‘i Anvar Djumanov.
Shuningdek, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati eksperti Uve Xornisher organik qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘zining tajribalari bilan bo‘lishib, bu borada ikki davlat mutaxassislari o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi lozimligini aytib o‘tdi.
Ta’kidlash joiz, ushbu loyiha doirasida vazirlik vakillari va xorijlik ekspertlar Elizabet Reg va Uve Xornisherdan iborat ishchi guruh aʼzolari Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida xizmat safarida bo‘lishdi. U yerda intensiv bog‘ maydonida yetishtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlari bilan tanishildi va fermer, tadbirkorlarga kerakli maslahatlar berildi.
Respublikamizda organik qishloq xo‘jaligi sabzavotchilik va bog‘dorchilik madaniyatida mahalliy o‘g‘itlardan foydalanishni ko‘zda tutadigan biologik dehqonchilik tamoyillariga asoslanadi. Bu esa, genlarni modifikatsiya qilish texnologiyalarini qo‘llamasdan, ozuqaviy qiymati yuqori, o‘ziga xos taʼm va isteʼmol xususiyatlariga ega bo‘lgan ekologik toza meva va sabzavotlarni yetishtirish imkonini beradi. Aynan bu borada respublikamizda yetarlicha tajribaga erishilgan. Jumladan, Samarqand viloyatidagi «Sunny Fruit Production» MCHJ tomonidan 2017- 2019- yillarda jami 1 848 tonna organik mayiz yetishtirilib, Rossiya Federatsiyasi, Fransiya, Germaniya, Gollandiya, Italiya va Gretsiya mamlakatlariga uning anʼanaviy turiga nisbatan 14,7 foizga yuqori narxlarda eksport qilindi va 4,1 barobar ko‘proq sof foyda olindi.
Bugungi kunda jahon trendi hisoblangan organik qishloq xo‘jaligi bo‘yicha xalqaro bozorlardagi savdo aylanmasi 2019-yilda 96,7 mlrd yevroni tashkil etib, 71,5 mln gektar maydonda 2,8 mln ishlab chiqaruvchi ushbu faoliyat turi bilan shug‘ullangan.
Ekspertlar esa, dunyo organik mahsulotlari bozorida so‘nggi 5 yil davomida yiliga o‘rtacha 15 foizdan o‘sishga erishilib, 2022-yilda savdo aylanmasi 212 mlrd AQSH dollari (jahon qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi umumiy hajmining 20 foizi)ni tashkil etishini prognoz qilishgan.
Maʼlumot o‘rnida, hozirda dunyoning 104 ta mamlakatida organik qishloq xo‘jaligi to‘g‘risida huquqiy hujjat qabul qilingan bo‘lib, 5 ta mamlakatda qonun ishlab chiqilmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: