O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligida O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda bir qancha tashkilotlar ishtirokida “Agrar sohada innovatsion texnologiyalar haftaligi” bo‘lib o‘tmoqda.
Unda qatnashchilar o‘zlarining innovatsion g‘oya va ishlanmalari, mahsulotlari hamda drayver loyihalari bilan ishtirok etishmoqda.
Ilmiy-amaliy seminarda Paxta seleksiyasi urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutidan qatnashgan mutaxassislar Hindistondan keltirilgan va olti yildan beri Xorazm viloyatida ekilayotgan Moʻjizakor Krotalyariya o‘simligining O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida va oziq-ovqat sanoatidagi o‘rni hamda uni yetishtirishda dala maydonlarini kengaytirish borasida o‘z taklif va tavsiyalarini berishdi.
Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot institutidan tashrif buyurgan seminar ishtirokchilari esa, mahalliy ishlab chiqarilayotgan yangi loyihalar va bir vaqtning o‘zida 3 turdagi mineral o‘g‘itlarni qo‘llashga ixtisoslashgan agregatning afzalliklari haqida maʼlumotlarni taqdim etishdi.
Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari respublikada xorijiy hamkorlar bilan birgalikda yaratilgan o‘ta erta pishar g‘alla navi yaratilgani haqidagi chiqishlari bilan seminar qatnashchilarida qiziqish uyg‘otishdi.
Tadbirda 2021-2022-yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida qayta ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan agrar soha texnikasining innovatsion konstruksiyalarini hamda mahsulotlarni yetishtirishning yangi texnologiyalarini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ham to‘xtalib o‘tildi. Xususan, uzumning qish va bahorgi sovuqlarga, boshqa agressiv iqlim sharoitlariga chidamliligini dala sharoitida o‘rganilayotgani va uni yo‘qotish darajasini 30 foizgacha kamaytirish (hozirda 50 foiz va undan yuqori) ishlari amalga oshirilayotganiga ham eʼtibor qaratildi.
Chust tumanida kovul (kavar) dorivor o‘simligini yetishtirish, qayta ishlash texnologiyasini yaratish ishlari olib borilayotgani, Xorazm, Andijon, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida steviya o‘simligi yetishtirilib, uni qayta ishlash orqali “Sweetlife 1” va “Sweetlife 2” nomli tabiiy shirinlatgichlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani ham tadbir ishtirokchilarining muhokama markazida bo‘ldi.
Seminar davomida faol ishtirokchilarga sertifikatlar va tashkilotlarga tashakkurnomalar taqdim etildi.
Ilmiy-amaliy seminarning keyingi kunlarida innovatsion texnologiyalar asosida limon ko‘chatlarini yetishtirish, Toshkent viloyati hududida dorivor mador piyozi plantatsiyalarini tashkil etish borasida ham mavzular taqdim etiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: