Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida O‘zbekiston Respublikasi qishloq va suv xo‘jaligi tarmoqlari uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda. Ushbu institut qishloq xo‘jaligi sohasida energiya va resurslarni tejovchi texnologiyalardan keng foydalanadi. O‘tgan davr mobaynida bu yerda 29 mingdan ziyod yuqori malakali agronom olim, muhandis-mexanik va muhandis-gidromelioratorlar tayyorlangan.
Institut 1964-yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muhandislari institutining Andijon filiali negizida tashkil etilgan.
Beshta fakultetning 22 ta kafedrasida 311 nafar professor-o‘qituvchilar pedagogik faoliyat olib bormoqda. Ulardan 16 nafari fan doktori, professor, 115 nafari fan nomzodi, dotsent, 180 nafari katta o‘qituvchi va assistentlardir.
2021/2022-o‘quv yilida institutda jami 6404 nafar talaba tahsil oldi. Shundan 3412 nafari kunduzgi bo‘lim talabalari edi.
Institutda ta’limning bosqichma-bosqich kredit-modul tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu tizimga ko‘ra, haftada 5 kun mashg‘ulot kuni, 1 kun mustaqil o‘rganish kuni sifatida belgilangan.
Institutda talabalarning o‘qishdan bo‘sh vaqtlarini samarali o‘tkazish maqsadida 50 dan ortiq to‘garaklar (ilmiy, adabiy, sport, IT va boshqalar), til kurslari tashkil etilgan.
Xalqaro hamkorlik
Institutda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hozirda oliygohda 50 dan ziyod xorijiy universitet va jamg‘armalar bilan hamkorlik o‘rnatilgan. Bular qatoriga Rossiya, Ukraina, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, AQSH, Germaniya, Italiya, Latviya, Polsha, Portugaliya, Slovakiya, Bolgariya kabi mamlakatlardagi ta’lim muassasalari kiradi. Mazkur sohada yetakchi mutaxassislarni tayyorlash uchun institut o‘quv jarayoniga xorijiy tajribalar joriy etilmoqda.
2019-yilda institut negizida Grodno davlat agrar universiteti bilan hamkorlikda Belarus-O‘zbekiston fakulteti tashkil etildi. Mazkur fakultetda “Hayvon xomashyosini saqlash va qayta ishlash texnologiyasi” va “O‘simliklarni himoya qilish va karantini” mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.
Bugungi kunda institutda:
– o‘quv-uslubiy texnika vositalari bilan jihozlangan 4450 o‘ringa mo‘ljallangan 4 ta zamonaviy o‘quv binosi;
– 9 ta, xususan, nemis uskunalari bilan jihozlangan laboratoriya xonalari;
– 46 gektar maydonda joylashgan axborot-maslahat markazi;
– 700 o‘rinli 2 ta talabalar turar joyi,
– sport zali va o‘yin maydonchasi mavjud.
Institut hududi to‘liq Wi-Fi zonasi bilan qoplangan.
Axborot – resurs markazi
Axborot – resurs markazlari nafaqat universitet binosida, balki talabalar turar joylarida ham mavjud. Talabalarning ta’lim sifati va ma’naviy madaniyatini yuksaltirish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish borasidagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida filial axborot-resurs markazida barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Darsliklar va ilmiy adabiyotlar QR-kodli elektron shaklga o‘tkazilgan. QR-kodga biriktirilgan elektron resurslardan foydalanish ko‘lami kengaytirilmoqda.
Talabalarning amaliy tajribasini kengaytirish
Institutda talabalarning bandligini ta’minlash uchun 7 sotix maydonda 2 ta issiqxona tashkil etilgan. Issiqxonada har bir yo‘nalish uchun alohida maydonlar ajratilgan. Bu yerda pomidor, bodring yetishtiriladi.
Shuningdek, o‘quvchilar tajribasini rivojlantirish maqsadida 7 gektarda intensiv bog‘ tashkil etilib, bu yerda 4,5 gektarda olma, 1,5 gektarda olxo‘ri yetishtirilmoqda. 1 gektar uzumzor ham bor. Talabalar uchun amaliy mashg‘ulotlar shu yerda olib boriladi, bundan tashqari, ular o‘z amaliy va dissertatsiya ishlarini ham shu yerda tayyorlashlari mumkin.
Shuningdek, institutda 46 gektar maydonda o‘quv-tajriba fermasi tashkil etilib, unda magistrantlar, doktorantlar ilmiy izlanishlar olib bormoqda, professor-o‘qituvchilar va talabalar tajriba-sinovlar o‘tkazmoqda. Shuningdek, chorvachilik majmuasida 90 boshga yaqin qoramol parvarishlanib, ulardan 30 boshi Avstriyadan keltirilgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: