Bugungi kunda respublika dala maydonlarida kartoshka va sabzi hosili yig‘ib olinmoqda. Bundan tashqari soya ekilgan xo‘jaliklarda zaruriy agrotexnik ishlar olib borilmoqda. 2022-yilda respublika bo‘yicha 2, 2 mln tonna sabzi, 4,1 mln tonna kartoshka va 165,0 ming tonna soya doni yetishtirish prognoz qilinmoqda.
Sabzi hosilni yig‘ishtirishda nimalarga eʼtibor berish kerak?
O‘zbekiston sharoitida sabzi hosilini belgilangan kalendar muddatlarda yig‘ib olish kerak. Bahorgi sabzi ekinlar uchun eng maqbul yig‘im-terim vaqti may oyining oxiri va iyun oyining birinchi o‘n kunligi, o‘rta muddatda yetishtirilganniki avgust oxiri va sentyabr oyining birinchi o‘n kunligi hamda kechki muddatda yetishtirilgan sabziniki 5-20-noyabr kunlari hisoblanadi. Ushbu muddatlarga rioya qilmaslik hosilning katta yo‘qotishlariga olib kelishi mumkin. Kechiktirilgan hosil natijasida sabzi taʼmi yomonlashadi, ildizmevalari dag‘al, shirasiz bo‘lib qoladi. Yig‘im-terim vaqti ortga surilganda, sabzi chirib aynishni boshlaydi va hosil yo‘qotilishi 5-10 foizga yetishi mumkin. Bundan tashqari kichik qo‘shimcha ildizchalarning shakllanishi va ildizmevalarning qattiq yorilib ketishi kuzatiladi.
Kechki sabzini doimiy sovuq boshlanishidan oldin yig‘ishtirishni boshlash kerak. Oldindan hosilni yig‘ib olish katta yo‘qotishlarga olib keladi. Kuz oylarida kimyoviy tarkibga boy bo‘lgan ildizmevalar hosilining asosiy shakllanishi sodir bo‘ladi. Aynan shu davrda fotosintez mahsulotlarining 20-30%i barglardan ildizmevalariga yetib boradi.
Sabzi hosilini yig‘ishtirish paytida ildizmevalarni ochiq havoda kamroq qolishiga harakat qilish kerak, aks holda so‘ligan ildizmevalar o‘z ko‘rinishini yo‘qotadi va saqlashga yaroqsiz bo‘lib qoladi.
Kartoshka hosilini yig‘ishga qanday yondashish lozim?
Yetishtirilgan kartoshka tuganaklarini nes-nobud qilmay, mexanik zarbalardan asrab, hosil sifatini saqlagan holda yig‘ishtirib olish kerak. Kartoshka palagini tabiiy qurish davriga 30-40 kun qolganda tuganaklarda ko‘p miqdorda kraxmal va quruq modda to‘planadi.
Kechki kartoshka hosilini yig‘ishtirish ob-havo sharoiti bilan bog‘liq bo‘lib, oftobli kunlarda kavlanadi. Yog‘ingarchilik hosilni yig‘ishga xalaqit berish bilan birga, tuganaklar sifatini pasaytirib, dimiqqan hamda chirigan kartoshka miqdorini ko‘paytirib yuboradi. Kartoshka iqlim-sharoit yaxshi va palagi meʼyorida rivojlangan bo‘lsa, hosil to‘plash jadalligi yuqori bo‘ladi.
Hosil 25°C haroratli kunda yig‘ishtirilsa 5°C haroratli kunga nisbatan tuganaklarning mexanik zararlanishi ikki baravariga kam bo‘ladi. Hosil yig‘ishtirish davrida harorat 5°C past bo‘lsa, tuganaklarning tabiiy davolanish jarayoni amalga oshmaydi, natijada ular saqlash davrida ko‘p chiqindi beradi.
Kartoshka hosilini yig‘ishtirish uchun po‘sti dag‘allashgan tuganaklar miqdori 95% dan ko‘p, tuproq harorati 10°C dan past bo‘lmagan, tuproq namligi 70% dan yuqori bo‘lmagan sharoit eng qulay hisoblanadi. Urug‘lik kartoshka hosilini yig‘ishdan 10 kun oldin sug‘orish to‘xtatiladi va palaklari o‘rib tashlanadi yoki desikatsiya qilinadi.
Soya ekini uchun bajariladigan agrotexnik tadbirlar nimalardan iborat?
Respublikada 2022-yil hosili uchun jami 97,5 ming gektar, shundan 80,5 ming gektar ochiq maydonlarga va 17,0 ming gektar g‘o‘za qator oralariga soya ekildi. Bugungi kunda 80,5 ming gektar ochiq maydonlarga ekilgan soyaning 77,6 ming gektari unib chiqqan, 88,7 ming gektar soya qator oralariga (unib chiqqan maydonlarning 1,2 marotaba) ishlov berilib, 29,8 ming gektari oziqlantirildi hamda 47,3 ming gektarida sug‘orish ishlari amalga oshirildi. Hududlarda soya parvarishlash ishlari davom etmoqda.
Ishlov berish
Birinchi kultivatsiya ishlari maysalar qiyg‘os unib chiqqandan so‘ng amalga oshiriladi. Keyingi kultivatsiya ekinzorni begona o‘tlar bilan zararlanishi, tuproqning holati, sug‘orishdan keyin tuproqning yetilganligiga qarab o‘tkaziladi. Qator oralarini ishlash odatda har 10-15 kunda dalaning holatiga qarab olib boriladi. Birinchi kultivatsiya 6-8 sm, keyingilari 10-15 sm chuqurlikda o‘tkaziladi. O‘simlikning yaxshi o‘sib rivojlanishida uning qator oralariga ishlov berish katta ahamiyatga ega. Bunda tuproqning suv-fizik, agrokimyoviy va mikrobiologik xususiyatlari, shuningdek, ozuqa rejimi yaxshilanadi, begona o‘tlarning bir qismi yo‘qotiladi. Shuning uchun kultivatsiya chuqurligi va uning soniga ham alohida eʼtibor beriladi.
Sug‘orish
Hududning iqlim sharoitlariga bog‘liq holda sug‘orish meʼyori 700 dan 4500 m3 /ga bo‘lishi mumkin. O‘sish davridagi sug‘orishlarning aniq meʼyori va muddati namligi barqaror bo‘lmagan mintaqalarda yarim metr qatlamdagi, qurg‘oqchil mintaqalarda esa 70 sm qatlamdagi tuproq namligini o‘lchash bilan belgilanadi. Namlik yetishmaydigan mintaqalarda tuproqning yuqorigi unumdor qatlamini muqobil namlikda ushlash va ekin maydoni mikroiqlimini yaxshilash uchun kichik meʼyorda (300-400 m3/ga) tez-tez sug‘orib turish lozim. Soya rivojlanishining gullash va dukkak hosil qilish davrida suvga bo‘lgan talabi yuqori bo‘ladi. Shu sababli sug‘orish vaqtini kechiktirmaslik lozim. Soya barglarining qisqarishi va xiralashishi sug‘orish muddati kelganligini bildiradi. Sug‘orishlar don to‘lishishidan so‘ng to‘xtatiladi. Sug‘orishni erta yakunlash hosilni kamaytiradi, kechiktirish esa vegetatsiya davrining uzayishiga sabab bo‘ladi.
O‘g‘itlash
Soya o‘simligida o‘g‘itlar sarflanishining meʼyori yuqori emas. Fosforli-kaliyli o‘g‘itlar meʼyori hosil o‘lchami va tuproqdagi harakatchan fosfor miqdoriga bog‘liq holda belgilanadi. Tarkibida ko‘p miqdorda P2O5 va K2O bo‘lgan tuproqlarda maʼdan o‘g‘itlar qo‘llanmasa ham bo‘ladi, bunda faqat bakterial o‘g‘itlar bilan kifoyalanish mumkin. Ammo ko‘pgina tajribalarda azotli o‘g‘itlar hosil oshishini taʼminlaydi, yaʼni ular azot o‘zlashtiruvchi bakteriyalar kuchsiz rivojlangan dastlabki davrda o‘simlikning yaxshi o‘sishini taʼminlaydi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: