Yong‘oq, yaʼni grek yong‘og‘i ozuqaviy qiymati yuqori, serhosil va foydali mevali daraxt hisoblanadi. 2022-yilda respublikada 337,3 ming gektar maydonda mevali bog‘lar mavjud bo‘lib, shundan 18,7 ming gektarini yong‘oqzorlar tashkil etadi. Ushbu yerlardan 65,1 ming tonna mahsulot yetishtirish prognoz qilingan.
Namlik va yorug‘likni sevuvchi o‘simlik
Yong‘oq daraxti barcha iqlimga moslashuvchan bo‘lgani uchun uni deyarli respublikaning barcha hududlarida ekiladi. Ayniqsa, u namlik yuqori bo‘lgan hududlarda, shimoliy qiyaliklarda, tog‘ yon bag‘rilarida yaxshi o‘sadi va hosil beradi. Chunki yong‘oq daraxti yorug‘liksevar o‘simlik hisoblanadi, yaxshi qulay joylarda dumaloqsimon shox-shabbani shakllantiradi va bu uning yuqori hosil berishiga xizmat qiladi.
Respublikada yong‘oqning “Bo‘stonliq”, “Tonkoskorlupiy”, “Yubileyniy”, “Shakl N-86”, “Shandler”, “Pescianski”, “Cogalniceanh”, “Codrene” kabi navlari ekib kelinmoqda.
Uning yog‘ochi qimmatbaho
Yong‘oqning nafaqat mevasi, balki yog‘ochi ham qimmatbaho sanaladi. Yong‘oq daraxtidan yasalgan mebel mahsulotlari o‘ta tejamkor va uzoq yillar xizmat qilishi bilan ajralib turadi. Shu bois, ham yong‘oq daraxti qariganida uni kesib, mebel ishlab chiqarishda foydalaniladi.
Yong‘oqni ekish va hosil olish
Yong‘oq daraxti yerning meliorativ holatini ham yaxshilaydi. Yong‘oqzorlar xalq xo‘jaligi uchun zararli bo‘lgan sel oqimlari va tuproq eroziyasi jarayonlarining oldini oladi.
Yong‘oq daraxtini ekish va parvarishlashda innovatsion resurs tejamkor texnologiyalar, tomchilatib sug‘orish tizimlari joriy etilmoqda. Bu daraxt ekilgan maydonlarda o‘z vaqtida ishlov berilishi va agrotexnika tadbirlarini sifatli bajarilishi uning hosildorligini oshishiga yordam beradi. Xususan, 2022-yilda ushbu agro tadbirlarni samarali o‘tkazilishi natijasida hosildorlikni gektariga 8-10 tonnadan 10-11 tonnagacha oshirilishi kutilmoqda. Yong‘oq daraxti hosili sentyabr-oktyabr oylarida yig‘ishtirib olinadi.
Respublikada yong‘oq daraxtidan ko‘proq hosil olish maqsadida intensiv usuldagi bog‘lar tashkil etilmoqda. Ushbu bog‘larning afzalliklari esa quyidagilardan iborat:
– Hosilga erta kirishi (ekilgandan 3-4 yildan so‘ng);
– Gektaridan hosildorlik yuqori bo‘lishi;
– Suv resurslarini tejash va boshqarish imkoni (tomchilatib sug‘orish);
– Shakl berishning va boshqarishning qulayligi;
– Zararkunanda va kasalliklarni boshqarish va kurashish qulayligi;
– Yuqori sifatli va nisbatan bir xil meva olish;
– Sarflangan xarajatni tezda qoplash imkoni;
– Mexanizatsiyadan samarali foydalanish;
– Terimning qulayligi;
– Yerdan turib ko‘p ishni bajarish ishchilar xavfsizligini hamda ish unumdorligini oshiradi.
Yong‘oq eksporti
Respublikada yong‘oq ishlab chiqarishni va eksport hajmini oshirish maqsadida 2021-yilda 10,1 ming gektar maydonlarda va 2022-yil bahor mavsumida 1,1 ming gektar yong‘oq plantatsiyalari tashkil etildi.
2021-yilda 10,8 mln dollarlik 2,8 ming tonna yong‘oq 36 ta xorijiy davlatga eksport qilingan bo‘lsa, 2022-yilning 20-may holatiga koְ‘ra, 4,4 mln dollar miqdoridagi 1,3 ming tonna grek yong‘og‘i AQSH, Rossiya, Belorus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘iliston, BAA, Moldova, Xorvatiya kabi mamlakatlarga eksportga chiqarildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-yanvardagi PQ-4575-son «O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallagan strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi va 2017-yil 1-iyundagi PQ-3025-son «Yong‘oq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasini tuzish va uning faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorlarida lalmi yerlardan foydalanishni rag‘batlantirish va samaradorligini yanada oshirish, ichki va tashqi bozorlarda raqobatdosh bo‘lgan yong‘oq ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, tarmoqqa xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish hisobiga zamonaviy yong‘oq bog‘larini barpo qilish hamda yong‘oq yetishtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan usullar va intensiv texnologiyalarni keng joriy etishga alohida eʼtibor berilgan.
Yong‘oq miyani to‘yintiradi
Yong‘oq mevasi tarkibidagi turli mikroelementlar va oziqlantiruvchi moddalar to‘qimalar, ichakdagi bakteriyalarni to‘yintiruvchi ozuqa sanaladi. Ushbu meva yurak-qon tomirlari tizimining faoliyatini yaxshilab, organizmda modda almashish jarayonini meʼyorlashtiradi. Shuningdek, yo‘g‘on va to‘g‘ri ichak saratoniga chalinishning oldini oladi. Ushbu meva miya faoliyatini oziqlantirib, xotirani mustahkamlaydi. Uning mevasi ivitilgan suvi yurakni va jigarni sog‘lomlashtiradi. Yosh ko‘rinishni va ozishni istaganlar uchun yong‘oq suvidan muntazam isteʼmol qilib yurish koni foyda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: