O‘z R Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy tadqiqot institutida “Yuqori samarali qishloq xo‘jalik mashinalarini yaratish va texnika vositalaridan foydalanish darajasini oshirishning innovatsion yechimlari” mavzusida xalqaro ilmiy-texnik anjuman bo‘lib o‘tdi. Ushbu bayram tadbiri aynan respublikamizda yuksak nufuzga va salohiyatga ega Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot institutining 90 yillik yubileyi munosabati bilan o‘tkazilayotgani ham agrar soha xodimlari uchun unutilmas va quvonchli bo‘ldi.
Xalqaro miqyosidagi anjumanga Belarus Milliy Fanlar akademiyasining qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-amaliy markazi, Volgograd davlat agrar universiteti, Rossiya davlat sirtqi agrar universiteti, Butunittifoq mexanizatsiya instituti federal ilmiy agroinjeneriya markazi, Janubiy Qozog‘iston davlat universiteti va mahalliy tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Bugun barcha jabhada, jumladan, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, uni mexanizatsiyalash darajasini oshirishda ilm-fanning o‘rni va ahamiyatini kuchaytirish o‘ta muhim sanaladi. Buning uchun esa, fan va texnikaning muhim ilmiy va texnologik muammolarini hal etish, bu boradagi hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, sohaning barcha jabhalarida olimlarning faol ishtirokini taʼminlash, xususan, yosh kadrlarni hamda investitsiyalarni jalb qilish lozim. Aynan ushbu masalalar xalqaro anjumanning asosiy muhokama mavzusiga aylandi.
Shuningdek, tadbirda qishloq xo‘jaligi traktorlari, transport va yuklash-tushirish vositalarining texnik darajasini oshirish, urug‘ ekish mashinalarining funksiyalarini kengaytirish va mahsulot sarfini kamaytirish kabi ko‘pgina masalalarga ham eʼtibor qaratildi.
Tadbir doirasida yosh olimlar tomonidan yaratilgan yuqori unum bilan ishlaydigan, chidamli, resurstejamkor va ekologik xavfsiz mashina va mexanizmlar, statsionar va mobil jarayonlarni elektrlashtirish metodlari va uskunalari hamda kichik texnika vositalarining tanishtiruv-targ‘iboti ham bo‘lib o‘tdi.
Bugungi qishloq xo‘jaligining dolzarb masalalari: ekinlar hosilini yig‘ishtirish va mahsulotlarga birlamchi ishlov berish mashinalarida nobudgarchilikni yo‘qotish va mahsulotning tovar sifatini saqlab qolishning ilmiy-texnik yechimlari hamda mashinasozlik, fermer va dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari uchun kichik texnika vositalarini yaratish kabilarga ham yechimlar izlandi.
Konferensiya yakunida tomonlar o‘rtasida hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olindi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: