Respublikada har yili qancha don yetishtiriladi? Hozirda yetishtirilayotgan don hajmi aholi ehtiyojlari uchun yetarlimi?
Ushbu savollarga Qishloq xo‘jaligi vazirligi G‘allachilik va dukkakli don ekinlari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Abdulla Mansurov javob berdi:
So‘nggi ikki yilda g‘allachilik yo‘nalishida qanday islohotlar amalga oshirilmoqda?
— Qishloq xo‘jaligining g‘allachilik sohasiga subsidiyalar ajratilishi hisobiga yetishtirilgan mahsulotning tannarxi arzonlashdi. Bu esa, bozorlarda narx-navoning arzonlashishiga olib keldi. Biz mustaqillikning dastlabki yillarida g‘alla bo‘yicha faqat megaimport qiluvchi davlatlar qatoriga kirardik. Bugun don mustaqilligiga erishilgach, g‘allani nafaqat import, balki qo‘shni mamlakatlarga tovar va urug‘lik bo‘yicha eksport qilishga ham erishdik.
G‘alla yetishtiruvchi klaster va fermerlar uchun qanday qulaylik va sharoitlar yaratilmoqda?
— So‘nggi yillarda don eksportini amalga oshirayotganimiz tufayli respublikamizda g‘alla urug‘chiligida yangi navlarning yaratilishiga imkoniyatlar, shart-sharoit yaratilmoqda. 50 dan ortiq g‘alla navlari davlat reestriga kiritildi. G‘allachilik klasterlari, fermer xo‘jaliklari endi hududiga mos keluvchi istagan g‘alla navlarini chetdan olib kelib, uni ekish orqali yuqori hosil olishlari mumkin.
Respublikamizda g‘alla yetishtirish ko‘rsatkichlari, u ekiladigan maydonlar hajmi yildan yilga ortmoqdami yoki kamaymoqdami?
— 2020-yilda respublika bo‘yicha o‘rtacha hosildorlik gektaridan 57 sentnerni tashkil etgan bo‘lsa, 2021-yilda 64 sentnerga yetdi. 2022-yilda esa, gektaridan 70 sentner don olishni rejalashtirib turibmiz. Bunday hosildorlikning ortishi yangi navlarning, uni ekishga ajratiladigan yer maydonlarining oshishi hisobiga amalga oshyapti. Avvallari g‘alla urug‘liklari asosan davlat korxonalari, don mahsulotlari institutlari tomonidan chetdan olib kelinardi. Mana o‘tgan yili klaster, fermer xo‘jaliklari tomonidan 2800 tonnadan ortiq urug‘lik don olib kelindi va ularni ekish maydonlari kengaytirildi. Shuningdek, fermerlarimiz tritikale navlarini ham olib kelishdi. Ushbu g‘alla navi hosili va somoni mo‘lroq bo‘lgani uchun aholi isteʼmoliga yanada ko‘proq foyda keltiradi. Yana shuniyam aytish kerakki, maydonlarning kengayishi, hosildorlikni ortgani hisobiga respublikada o‘tgan yildagi don zahirasi 2022-yilning avgust oyigacha yetarli. Iyun oyida esa dalalarimizdan 7 million tonnadan ortiq g‘allaning yangi hosilni yig‘ishtirib olamiz. Ushbu hosil o‘tgan yildagidan 1 million tonnadan ortiq bo‘lishi rejalashtirilmoqda. Respublikamiz aholisi isteʼmoli va boshqa ehtiyojlari uchun 5,5 million tonna don yetarli bo‘ladi. Yana 2 million tonna ortiq don yetishtirish chorva, parranda, baliqni ham oziqlantirishga va bu don orqali boshqa sohalarning rivojlanishiga olib keladi.
G‘allachilikda yana qanday yangi uslublar, texnologiyalar joriy etilishi rejalashtirilmoqda?
— Prezidentimiz tomonidan selektor yig‘ilishida aytib o‘tilganidek, har yili sotib olgan donimiz tannarxini qoplamas edi. Yaʼni 1650 so‘m-1800 so‘mga bug‘doy yetishtirilayotgan bo‘lsa, 1500 so‘mdan sotib olinardi. Bundan maqsad aholini arzonroq va ko‘proq non va non mahsulotlari bilan taʼminlash edi. Bu yil esa, davlat rahbari g‘allani 3 ming so‘mdan kamiga sotilmasligiga urg‘u berdi. Endi har yildagiga nisbatan g‘allaga ikki baravar qo‘shimcha narx belgilandi. Bundan g‘alla yetishtiruvchi klasterlar, fermer xo‘jaliklari manfaatdor bo‘lishadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: